O‘zbekiston | 07:50 / 01.02.2022
11660
3 daqiqa o‘qiladi

Milliy domen makonida 289 ta pornografik veb-sayt aniqlandi

Joriy yil 31 yanvar kuni Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Oliy Majlis Senati

Majlisda qo‘mita tashabbusi bilan internet tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala dastlabki tarzda muhokama etildi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda “Facebook”da 4,7 mln, “Instagram” da 3,7 mln, “Linkedln”da 288 ming, “Telegram”da 18 mln, “Odnoklassniki”da 16,7 mln, “Twitter”da 51,6 ming va “V-kontakte”da 2,6 mln foydalanuvchilar mavjud bo‘lib, ularning ko‘pchiligini yoshlar tashkil qilmoqda.

“Keyingi vaqtlarda internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan targ‘ibot materiallarini berib borish, bolalarni internetdagi turli axborot xurujlaridan himoyalashga qaratilgan elektron shaklda illyustratsiya qo‘llanmalari yaratish borasidagi ishlar yetarli darajada olib borilmagan.

“Vikipediya” platformasida O‘zbekiston haqida ma’lumotlar kamligi yoki eskiligi, ommabop onlayn platformalarda mamlakatimiz haqida sifatli formatdagi tarixiy kino va badiiy filmlar yetishmasligi tufayli yoshlar va voyaga yetmaganlarning ma’naviyatga zid turli xorijiy kontentlarga qiziqishi tobora ortmoqda.

Oqibatda esa mafkuraviy tahdidlar orqali aholining ma’lum bir qatlamlari, ayniqsa yoshlarning qarashlarini o‘zlariga ma’qul bo‘lgan yo‘nalishda o‘zgartirishga, axloqsizlik kabi buzg‘unchi g‘oyalarni singdirishga urinishlar bo‘lmoqda”, deyiladi Senat xabarida.

Qayd etilishicha, birgina 2021 yilning dekabr holatiga ko‘ra milliy domen makonidagi 289 ta veb-saytda pornografiya, 91 ta veb-saytda esa behayolik va ma’naviy buzuqlik targ‘ibotiga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan holatlar aniqlangan bo‘lib, 2097 ta qonunbuzarlik holati qayd etilgan.

Senatorlar o‘quvchi yoshlarning ongiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axloqsizlikni targ‘ib qiluvchi va diniy adovatni qo‘zg‘atuvchi kontentlarga, tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlarga, totalizatorlarga, oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan hamda jamiyatda buzg‘unchilik g‘oyalarini targ‘ib qiladigan veb-resurslarga qarshi kurashish ustuvor vazifa ekanini ta’kidlagan.

Mavzuga oid