O‘zbekiston | 13:55 / 01.02.2022
3319
4 daqiqa o‘qiladi

Urgutdagi yangi masjid oldida o‘rnatilgan svetofor haydovchilarga noqulaylik tug‘dirib, YTH xavfini yuzaga keltirmoqda.

Kun.uz’ga navbatdagi murojaat Urgut tumanidan yo‘llandi. Unda yozilishicha, Urgut tumani Mergancha mahallasida o‘rnatilgan svetofor haydovchilarga noqulaylik tug‘dirmoqda va yo‘l-transport hodisasi xavfini yuzaga keltirmoqda.

Foto: KUN.UZ

Murojaatda ma’lum qilinishicha, 2021 yil mart oyida ochilgan Urgut markaziy jome masjidi oldiga, M39-Urgut-Bulung‘ur yo‘liga o‘rnatilgan svetofor mahallaga kiradigan yo‘lni inobatga olmasdan o‘rnatilgan. Oqibatda, mahalla ichidan chiqadiganlar, shuningdek, masjidga keladiganlar bu ko‘chadan chiqib ketishda nafaqat noqulayliklarga, balki yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lishi xavfiga duch kelishmoqda.

«Masjid oldiga svetofor o‘rnatishganda xursand bo‘lgandik. Ammo uni e’tiborsizlik bilan, yo‘l-harakati qoidalariga zid ravishda o‘rnatib ketishdi. O‘shandan buyon Mergancha mahallasida yashovchilarning masjid oldidagi ko‘chadan asosiy ko‘chaga chiqishida muammo yuzaga kelyapti. Har safar katta ko‘chaga chiqishda yurak hovuchlab turamiz. Bundan tashqari, masjidga keladiganlar ham o‘z mashinalarini asosan shu yo‘lga qo‘yishadi va ular ham chiqib ketishda muammoga duch kelishyapti.

Mahalla ichidan chiqadigan ko‘chada o‘rnatilgan svetoforda yashil yonsa, asosiy ko‘chaga chiqib o‘ng tarafga qayrilishda muammo yo‘q. Ammo chap tarafga chiqishning iloji yo‘q. Kichik ko‘chada yashil yonganda asosiy ko‘chadagi svetoforda qizil yonadi. Ana shu joyda svetofor noto‘g‘ri o‘rnatilgani uchun qizilda to‘xtagan mashinalar mahalla ko‘chasidan chiqayotgan mashinalarning yo‘lini to‘sib qo‘ymoqda», deyiladi murojaatda.

Mergancha mahallasida bo‘lib holatni o‘rganganimizda haqiqatan ham masjid oldidagi asosiy ko‘chada svetofor noto‘g‘ri o‘rnatilgani va bu mahalla ichidan chiqayotgan haydovchilarga noqulaylik va YTH sodir bo‘lish xavfini yuzaga keltirayotganining guvohi bo‘ldik.

Bu yerda yuzaga kelayotgan muammoning yechimi murakkab emas. Asosiy yo‘lga o‘rnatilgan svetofor 20 metrcha orqaga surilsa mahalla ichidan chiqadigan mashinalar ham bemalol chapga qayrilib keta olishadi. Ammo negadir svetoforni o‘rnatayotganlar shunga e’tibor berishmagan.

Avvaliga balki Urgut tuman IIO FMB YHXB boshlig‘i va uning xodimlarining ushbu muammodan xabarlari yo‘q, degan yaxshi gumonda bo‘ldik. Ammo bu haqda ularga xabar berishning iloji bo‘lmadi. 2022 yil 29 yanvar kuni ularning birortasini idorasidan topa olmadik. Urgut tumani IIO FMB YHXB boshlig‘i Bahodir Xolmonov esa qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Bugun, maqola yozilishi arafasida Bahodir Xolmonovga yana qo‘ng‘iroq qildik. Ammo «Kun.uz’dan bezovta qilyapmiz» degan ovozni eshitganidan so‘ng u aloqani uzib qo‘ydi va takror-takror qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Bitta svetoforning noto‘g‘ri o‘rnatilishi balki kimlargadir arzimas muammodir. Lekin gap insonlarning hayoti haqida ketar ekan, muammo jiddiyga aylanaveradi. Shu jumladan, Urgut markaziy masjidi oldida noto‘g‘ri o‘rnatilgan svetofor ham.

Qolaversa, yaqinda aynan shu joyda sodir bo‘lgan YTHda 18 yoshli navqiron yigit vafot etgandi. Shunday ekan, yo‘llardagi belgilar to‘g‘ri o‘rnatilishining ahamiyati katta.

G‘ayrat Yo‘ldosh, Kun.uz muxbir

Mavzuga oid