O‘zbekiston | 18:05 / 02.02.2022
49292
9 daqiqa o‘qiladi

“NAESMI” o‘zi nima va Firdavs Abduxoliqov o‘zi ochgan 19 yillik tashkilotdan nega ketdi?

Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov so‘nggi kunlarda diqqat markaziga tushib qoldi. Ko‘pchilik uning “NAESMI” rahbarligidan ketishini yo‘l qo‘ygan xatosi uchun jazo deb hisoblamoqda, biroq aslida ham shundaymi?

Arxiv surat

Barchasi “Sevimli” telekanalida efirga uzatilgan “Sabriya” teleserialidagi axloqsiz sahna ortidan boshlandi. Bu sahna ijtimoiy tarmoqlarda keskin bahs-munozaralarni keltirib chiqardi.

Holat yuzasidan Firdavs Abduxoliqovning o‘zi va uning qizi Amira Rashidova (“Sevimli” bosh prodyuseri) bir-biriga zid bayonotlar berishdi. Telekanal bosh direktori va bosh muharriri ishdan bo‘shatildi, serial namoyishi to‘xtatildi. Ammo shunga qaramay Firdavs Abduxoliqov bilan bog‘liq voqealar silsilasi davom etmoqda.

Qator lavozimlar bilan birga, Kinematografiya agentligining ham bosh direktori hisoblangan Firdavs Abduxoliqov o‘z o‘g‘li, qizi va rafiqasiga tegishli “Sevimli” telekanaliga davlat buyurtmalarini bergani uchun ma’muriy sud kursisiga tortildi.

Bu voqealar fonida Firdavs Fridunovich o‘zi tashkil qilgan va ochilganidan buyon boshqarib kelgan O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (EOAVMA, maqolada ruscha va ommabop qisqartmasi – NAESMI abbreviaturasidan foydalanamiz) raisligidan iste’fo berdi.

Katta ehtimol bilan bu tanqidlarga nishon bo‘lish jarayonida ma’lum qurbonlar berishdir.

Xo‘sh, bugun diqqat markaziga tushgan Firdavs Abduxoliqov o‘zi kim?

Mediaolam sari qadamlar

Abduxoliqov Firdavs Fridunovich 1963 yilda Samarqand shahrida shifokor oilasida tug‘ilgan va ilk ma’lumoti bo‘yicha filolog hisoblanadi. 1980-1985 yillarda SamDU filologiya fakultetini, 2001-2007 yillarda iqtisodiyot fakultetini bitirgan.

Ma’lum muddat yoshlarga oid tashkilotlarda ishlab kelgan Firdavs Abduxoliqov 1989 yilda O‘zbekistondagi ilk nodavlat telekanal – STVga asos soladi va bu uning mediamagnatlik sari ilk odimi bo‘ladi. Ta’kidlash joiz, STV faoliyati ham aynan axloqsiz sahnalar tufayli to‘xtatilgan.

Keyinchalik u nodavlat gazetalar sari dastlabki qadamlarni qo‘yadi – avval rus tilida, keyin o‘zbek tilida “Darakchi” gazetalarini ochadi. Sobiq ittifoq qolipidagi matbuotdan chetlashish, ko‘ngilochar ma’lumotlar va shou-biznesni yoritishga asoslangan bu nashrlar o‘z davrida juda ommabop bo‘lib ketadi (ruschasi o‘rtacha 100 ming, o‘zbekchasi 200 ming adadda chop etilardi) hamda Firdavs Abduxoliqovning keyingi loyihalariga mustahkam iqtisodiy zamin yaratadi.

Siyosiy karera

Samarqandda o‘ziga yarasha ta’sirga ega shaxslardan biriga aylangan Firdavs Abduxoliqov poytaxt sari yo‘l oladi va 1998-1999 yillarda O‘zteleradiokompaniya raisining o‘rinbosari vazifasida ishlaydi. 1999 yilda u Oliy Majlis deputatligiga saylanadi va 2004 yilgacha faoliyat olib boradi. Deputatlik bilan birga, prezident matbuot xizmatida bosh konsultant vazifasini ham bajarib kelgan.

2019 yilning 12 sentyabrida u prezident qarori bilan “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori etib tayinlanadi. Keyinchalik bu tashkilot O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi etib qayta nomlandi.

Bu yerdagi faoliyati ko‘p o‘tmay sohada ishlab kelayotgan yuzdan oshiq ijodkorning unga qarshi norozilik xati yozib, hukumatga yo‘llagani bilan tilga tushdi.

Qator taniqli shaxslar “O‘zbekkino”ga rahbarligida 5 oy ishlagan Firdavs Abduxoliqovni kinematografiya sohasini rivojlantirish o‘rniga sohaga aloqador bo‘lmagan faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgani, muassasada tadbirbozlik ko‘paygani, mablag‘lar o‘rinsiz sarflangani, ko‘p yillik tajribaga ega xodimlar chetlatilib, ularning o‘rniga kino sohasidan yiroq bo‘lgan, rahbarga qarashli kadrlar yuqori lavozimlarga tayinlangani, shuningdek, bosh direktor o‘rinbosarlari va tajribali mutaxassislar fikriga bepisandlik bilan qarash yoki ularning taklif va mulohazalari umuman inkor etilishidan norozilik bildirishgan.

Gulnora Karimova bilan bog‘liqlik

Eng ommabop nodavlat nashr bo‘lgan “Darakchi”ni Toshkentga ko‘chirib kelgan va poytaxtda ham qator OAVlar faoliyatini yo‘lga qo‘ygan Firdavs Abduxoliqov bu paytga kelib mediaolamda tezkor faollasha boshlagan Gulnora Karimova bilan yaqin aloqada bo‘ladi. Islom Karimovning qiziga tegishli Fond Forum bilan bog‘liq qator loyihalarni amalga oshirgan va juda ko‘p tadbirlarda birga bo‘lgan Firdavs Abduxoliqov mazkur jarayonlarni o‘z nazorati ostidagi OAVda faol yoritib keladi.

Bu paytga kelib Gulnora Karimova ishtirokidagi tadbirlar juda hashamat bilan o‘tkazilar va TV Markaz, Forum TV, SofTS, NTT kabi telekanallarda qayta-qayta namoyish etib kelinardi.

Ammo Gulnora Karimova otasi Islom Karimovning g‘azabiga uchrashi ortidan bu telekanallarning barchasi birdaniga faoliyatini to‘xtatdi. Voqealar jarayonida “Darakchi” ham ma’lum muddat chop etilmay qoldi. Gulnora Karimova qamoqqa ravona qilinganidan keyin Firdavs Abduxoliqov “Gulnoraning tosh-tarozisi” sarlavhali mashhur maqolasini e’lon qildi. Unda shunday satrlar bor:

“...U [Gulnora Karimova] himoyasi ostidagi kishilardan o‘zining jinoiy tuzilmalari va obro‘-e’tiborini asrab qolish yo‘lida foydalanishdan ham toymadi. Xususan, Shveytsariya hukumati uning moliyaviy tuzilmalariga aloqador shaxslarni qamoqqa olganida, u “Ayollar kengashi” vakillaridan maxsus jadval asosida Shveytsariya Konfederatsiyasi elchixonasi oldida piket uyushtirishni talab qildi. Bu ishga oxirigacha rozi bo‘lmaganlarni ayab o‘tirmadi.

Shunda odamlar sud mojarolari va uzunquloq ovozalar shunchaki tasodif emasligini, balki ularning barchasi Gulnoraning o‘zi ham kutmagan noxush oqibatlar ekanini tushunib yetishdi. Uning tarafdorlari va tobelaridan bir qator OAV va elchixonalarga nisbatan “g‘azabnok” imzolar to‘plandi.

Faollarning katta qismi uning jamoasini tark eta boshlagach, u boshqacha yo‘l tutdi: ommaviy axborot hujumlariga qarshi o‘z himoya qobig‘ini yanada mustahkamlash borasida tegishli ko‘rsatmalar berish uchun to‘kin dasturxonlar ustida turli “dilkash” suhbatlar uyushtirdi. Ana shunday suhbatlar natijasida yuzaga kelgan tungi yig‘inlardagi nihoyasiz hayqiriq va xitoblar Gulnora qanday bo‘lmasin o‘zini oqlashga, keng jamoatchilik oldidagi obro‘-e’tiborini tiklashga jon-jahdi bilan urinayotganini ko‘rsatardi.

O‘sha paytlarda hatto bir guruh yoshlarni uning nomini oqlashga yo‘naltirilgan ommaviy tadbirlarga jalb etishdi. Ammo, endilikda bu harakatlardan ko‘zda tutilgan maqsad shunchaki moliyaviy manfaatlarni asrab qolishdan boshqa narsa bo‘lmagani oydek ravshan. Gulnoraning shaxsan o‘zi internet tarmog‘ida zarur axborot oqimi uchun yosh jurnalistlarni saralab, maxsus guruhlarni shakllantirar, ularning faoliyatini o‘zi nazorat qilardi. Mazkur guruh moderatorlari Gulnoraning ismini qoralashga intilayotganlarga qarshi nafratomuz “postlar”ni o‘qdek yog‘dirishardi...”

NAESMIdagi faoliyat

O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi 2003 yilda tashkil etilgan va uning boshida ham Firdavs Abduxoliqov turgan. O‘sha yilning 3 dekabr kuni 50 dan ortiq nodavlat tele va radiokanallar rahbarlarining umumiy yig‘ilishida kuchlarni birlashtirish hamda umumiy tashkilot ostida birlashish taklifi bir ovozdan ma’qullanadi. 2004 yilning yanvarida rasman ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotga bir ovozdan saylangan Firdavs Abduxoliqov raislik qila boshlaydi.

Bu yillarning o‘ziga xosligi shundaki, hali internet rivojlanmagan, mahalliy teleradiokanallar reklamalar, turli xil interfaol o‘yinlar, uyali aloqa kompaniyalari bilan hamkorlikdagi SMS loyihalardan topiladigan daromad evaziga rivojlanib borishardi. NAESMI hududiy telekanallarning eng yaxshi lavhalarini jamlab, markaziy telekanal kontentini ham yaratgandi.

Ammo so‘nggi yillarda viloyatlardagi nodavlat teleradiokanallar moliyaviy jihatdan juda qiyin ahvolga tushib qolishdi va ko‘pchiligi yopilib ham ketdi. Oldin muvaffaqiyatli g‘oya sifatida ko‘rilgan, umumlashtirib turgan NAESMIning o‘zi telekanallarga yordam ko‘rsatishga majbur bo‘lib qoldi. Bu jarayon ayni paytda ham davom etmoqda.

Xulosa qilish mumkinki, Firdavs Abduxoliqovning bu lavozimdan o‘z xohishi bilan ketishi aslida uning uchun u qadar katta yo‘qotish emas. Lekin bu ketishdan maqsad ommaning nazariga o‘ziga xos jazo sifatida taqdim etish bo‘lgani ehtimolini ham inkor etib bo‘lmaydi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid