Ukraina inqirozi: AQSh Yevropaga qo‘shin yubormoqda, Putin Jonsonga Kiyevdan shikoyat qildi
Pentagon AQSh yaqin vaqtlar ichida Sharqiy Yevropadagi Ukraina bilan chegaradosh davlatlar - Polsha va Ruminiyaga qo‘shimcha 3 ming harbiy yuborishi haqida ma’lum qildi. Bu vaqtda Rossiya prezidenti administratsiyasi Vladimir Putin Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson bilan muloqoti haqida xabar berdi, unda Rossiya rahbari Kiyev Minsk kelishuvlarini «sabotaj» qilayotgani haqida aytgan.
Pentagon rasmiysi Jon Kirbi chorshanba kuni jurnalistlarga ma’lum qilishicha, Yevropaga qo‘shimcha kuchlar jo‘natilishi AQSh o‘z ittifoqchilarini himoya qilishga tayyor ekanini ko‘rsatadi. Polsha ham, Ruminiya ham NATO a’zolari hisoblanadi. «Ochig‘ini aytganda, janob Putinga va butun dunyoga NATO AQSh uchun ham, ittifoqchilarimiz uchun ham muhim ekani haqida aniq sinal yo‘llash muhim», - degan Kirbi.
Kirbi ishtirokidagi brifing boshlanishidan oldinroq Reuters agentligi shaxsini sir qolishini istagan amaldorga asoslangan holda 3 ming kishidan 1700 nafari to‘g‘ridan to‘g‘ri AQShning Shimoliy Karolina shtatidagi Fort-Bregg bazasidan Polshaga yuborilishi, Polshaga borishi kerak bo‘lgan yana 300 kishi va Ruminiyaga boradigan 1000 kishi Germaniyadan ko‘chirilishi haqida xabar tarqatgandi.
Kirbining qayd etishicha, bu 3 ming kishi o‘tgan haftada Pentagon tomonidan Yevropaga yo‘l olishi uchun yuqori shay holatga keltirilishi ma’lum qilingan 8,5 ming kishilik kontingent tarkibida emas.
Pentagon vakili bu qismlar Ukraina hududiga joylashtirilmasligi, shuningdek, ular Polsha va Ruminiyaga doimiy asosda emas, «mavjud vaziyatga javob» sifatida vaqtinchalikka jo‘natilayotganini ta’kidlagan. Hozirda ushbu ikki mamlakat hududida ham Amerika armiyasining kichik kontingentlari mavjud.
Amerikaning Wall Street Journal gazetasi o‘z manbasiga asoslangan holda xabar qilishicha, Pentagon yana bir necha ming askarga (dastlabki 8,5 mingga qo‘shimcha) NATOning sharqiy qanotidagi davlatlarga yo‘l olish uchun tayyor turish bo‘yicha ko‘rsata bergan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vashington mintaqada keskinlikni oshirishda davom etayotganini qayd etgan.
«AQSh amalda Yevropadagi keskinlikni oshirishda davom etmoqda. Bu Rossiyaning xavotir olishi sababining yaqqol dalili», - deya Peskovning so‘zlarini keltiradi CNN.
Jonsonning Putin bilan muloqoti
Chorshanba kuni kechqurun Kreml matbuot xizmati Vladimir Putin Boris Jonson bilan telefon orqali muloqot qilgani haqida ma’lum qildi. Bu muzokaralar ikki kun avvalroq o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi, ammo dushanba kuni britanlar bosh vaziri parlamentda lokdaun vaqtida Dauning-stritda o‘tkazilgan ziyofat bo‘yicha deputatlarning savollariga javob berishiga to‘g‘ri kelgani tufayli muloqot qoldirilgandi. Seshanba kuni Jonson Kiyevga tashrif buyurib, Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi va Rossiyani qo‘shinlarini ukrain chegaralaridan nari olib ketishga chaqirdi.
Rossiya prezidenti administratsiyasi xabariga ko‘ra, Jonson va Putin Ukraina atrofidagi vaziyat va Rossiya G‘arbdan talab qilayotgan xavfsizlik bo‘yicha kafolat masalasini muhokama qilgan, shuningdek, Rossiya prezidenti «Kiyevning surunkali ravishda Minsk kelishuvlarini sabotaj qilishi»ga e’tibor qaratgan.
«NATO Rossiyaning asosli xavotirlariga adekvat munosabatda bo‘lishga tayyor emasligi, alyans xavfsizlikning bo‘linmaslik asosiy tamoyiliga zid ravishda «ochiq eshiklar» deb ataluvchi siyosat bilan niqoblanayotgani qayd etildi», - deyiladi Kreml xabarida.
O‘z navbatida, Dauning-strit Jonson «Rossiyaning Ukraina chegarasidagi so‘nggi dushmanona harakatlari munosabati bilan chuqur xavotir bildirgani» haqida ma’lum qilgan. «U Ukrainaning hududiy yaxlitligi va o‘zini himoya qilish huquqini hurmat qilgan holda yechim topish zarurligini ta’kidladi», - degan bosh vazir vakili. Shuningdek, Jonson Putinga «Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishga bo‘lgan har qanday harakati fojiali xato bo‘lishi»ni aytgan.
Shu bilan birga, Britaniya hukumati bayonotiga ko‘ra, «yetakchilar hech bir tomon vaziyat keskinlashuvidan manfaatdor emasligi bo‘yicha kelishib olishgan». «Bosh vazir [Jonson] muloqot va diplomatiya muhimligini, shuningdek muzokaralarga Ukrainani ham qo‘shish lozimligini qayd etdi», - deyiladi Dauning-strit xabarida.
NATO va AQSh javobi sizdirilishi
Uch ming amerikalik askar yuborish qarori AQShning Ukraina atrofidagi masala bo‘yicha Rossiya bilan qarama-qarshilikdagi so‘nggi qadami bo‘ldi. AQSh va NATOning boshqa davlatlari razvedka ma’lumotlariga asoslangan holda Rossiya Ukraina chegaralari yaqinida misli ko‘rilmagan miqdorda qo‘shin to‘plangani va bu qo‘shni davlat hududiga bostirib kirishga tayyorgarlik bo‘lishi mumkinligini aytib keladi.
Moskva bu gumonlarni rad etadi, shu bilan birga ushbu inqiroz davomida AQSh va NATOdan Ukrainani qachondir alyansga qabul qilish g‘oyasidan voz kechish hamda ittifoq kuchlarini 1997 yildan (sobiq sotslager davlatlari endi qo‘shilgan vaqt) oldingi pozitsiyaga qaytarishni talab qiladi.
Chorshanba kuni Ispaniyadagi El Pais gazetasi AQSh NATOning bir necha kun oldin Moskvaga yo‘llagan rasmiy javob xati nusxasini qo‘lga kiritdi, gazeta jurnalistlari matnni norasmiy kanallar orqali qo‘lga kiritishgan.
NATO va AQSh bu javobda Moskvaning Ukraina va Sharqiy Yevropa bo‘yicha talablarini rad etgan, shuningdek Rossiyaga harbiylarini Ukraina, Gruziya va Moldava hududidan olib ketish, Yevropada qurolli kuchlarni cheklash to‘g‘risidagi kelishuvga amal qilish hamda Yevropada xavfsizlik va qurol-yarog‘ nazoratining boshqa jihatlari bo‘yicha muzokaralarga tayyorligini aytish taklif qilingan.
Mavzuga oid
16:21
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
15:59
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon samolyoti halokati yuzasidan hamdardlik bildirdi
11:00
RFda Ukrainaga qarshi urush qatnashchilari imtiyozli ipotekani ololmaydi
08:43