O‘zbekiston | 14:07 / 03.02.2022
27677
11 daqiqa o‘qiladi

«Xalqni aybdor ko‘rmang» – Shermatovning UzIMEI borasidagi fikrlari yangi savollarni tug‘dirdi

Foto: Kun.uz

Kun.uz'ga intervyu bergan O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatovning UzIMEI tizimi borasida aytgan fikrlari blogerlar va jamoatchilik tomonidan salbiy qarshi olindi.

Davletov.uz kanali muallifi vazir keltirgan sabablarga javoban odamlarning o‘zini aybdor qilish eng yomon taktika ekanini ta’kidlagan.

«Chet elda o‘qib kelgan, minglab odamlar simpatiya bilan qaraydigan kadr yangi kursisiga o‘tirishi bilan minglab odamlarning qonini so‘rayotgan, asabini yemirayotgan UzIMEI balosiga munosabatini ko‘rib, bir nima deyishga hayron qolasan, kishi.

Otning kallasidek oylik olib, katta pullik tijorat tashkilotida kuzatuvchilar kengashida raislik qiladigan odam shunaqa absurd gaplarni aytishdan oldin, hech qursa UzIMEI tarafdorlarining emas, modomiki issiq kabinetidan ko‘chaga chiqishga hafsala qilmayapti ekan, ommaviy axborot vositalaridagi UzIMEI haqida materiallar ostidagi komentlarni o‘qib ko‘rsa bo‘lar edi.

Telefon sotib olish narkotik sotib olish emas, odamning o‘zini aybdor qilish — eng yomon taktika. Qimmat va IMEI'li telefon sotib olish vazirga muammo emasdir, lekin oddiy o‘zbekistonlik uchun bu masala. Va eng muhimi, arzon va sifatli telefon sotib olish, uni qayerdan sotib olish — jinoyat emas. Xalqni potensial aybdor sifatida ko‘rmang. Blogerlar-ku hayp qiladi, Jahon banki vakili esa blogerlarga qo‘shilib lobbilarning aytganini qiladi.

Tizimni boshida men turmaganman, debdi vazir o‘zini oqlagan bo‘lib. Esimizda, lavozimga kirishgan paytidayoq UzIMEI’ga tashrif buyurib, soddalashtirish haqida gapirgandi. Ishchi guruh tuzishdan tashqari nima ish qilindi ekan? Qani natija? Operator 75 metr kvadrat joyni ta’mirlashga milliard so‘mdan ortiq, afillangan tashkilotdan qandaydir dasturiy ta’minot sotib olishga 6 mlrd so‘mdan ortiq pul sarfalyapti, lekin zo‘r kelsa, bir kunda hal bo‘ladigan narsa — 100 kunda ham ijobiy yechim topmayapti-ku! Muammo chindanam tizimni tashkil qilishning boshida turganlardadir? Ular hech qayerga ketmagan, xuddi afsungar kinolardagidek ismi aytilishi kerak emasdir.

Partiya liniyasi aniq. Bu partiya liniyasini Marsga yuborib o‘qitgan kadringiz ham o‘zgartirolmaydi, shekilli. Masalan, tepadan har hayp payti fikr so‘ralsa, lobbi, haypchilar haypi deb javob berilsa kerak. Haypchilar gapiraveradi, kana esa odamlarning qonini so‘raveradi. Go‘yoki o‘zbek xalqi bir marta berilgan, hozir pul qilish kerak», deb yozadi bloger.

Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov esa vazir UzIMEI uchun to‘lov soliq deya ataganini haqida yoza turib, soliqlarni faqat parlament joriy eta olishi haqida eslatgan.

«Aloqa vaziri janob Shermatov UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tish uchun to‘lov nega qimmatligiga javob bera turib, uni soliq deb atabdi.

Konstitutsiyamiz, qonunlarimizdan yaxshigina xabardor, g‘arb ta’limini ko‘rgan Shermatov soliqlarni faqat parlament joriy eta olishini juda yaxshi biladi, deb o‘ylayman. UzIMEI tizimini ham, uning uchun uchun to‘lovni ham parlament belgilamagan. Soliq kodeksida ham aks etmagan.

Keling mayli, Shermatov aytganday UzIMEI uchun to‘lov soliq bo‘la qolsin. Unda UzIMEI operatoriga 2019 yilning ikki oyida to‘langan 25 milliard so‘m, 2020 yilda to‘langan 150 milliard so‘mga yaqin, 2021 yilda to‘langan 200 milliard so‘mdan ortiq pullar, ya’ni soliqlar qani? Nega tizim operatori «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi» DUK bu to‘g‘risida hisobot bermaydi? Qayerga, mamlakat ichi va tashqarisidagi qaysi hisobvaraqlarga va nima uchun o‘tkazilgan bu pullar? Soliq bo‘lsa, oxirgi tiyinigacha ochiqlansin!

Ertaga janob Shermatov «men obrazli tarzda UzIMEI to‘lovini soliq deb atadim» deb qolishi ham mumkin. Mayli, bunisigayam chidaymiz. Aytaylik, IMEI kodlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish xizmat bo‘la qolsin. Unda har bir telefon simkartasi uchun undirilayotgan 54 000 so‘mlik to‘lovning xarajat kalkulyatsiyasi qanday? Nega 5 400 so‘m emas, yoki nega 540 000 so‘m emas. Bir hisoblab bersinlar unda? Kalkulyatsiya Antimonopoliya tasdig‘idan o‘tganmi? Axir «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi» DUK monopolist-ku!

Ha, aytganday, Shermatovdan yana IMEI tizimi – butun dunyoda qilinadigan tizim, degan fikrlar yangrabdi. Janob Shermatov pullik ro‘yxatga olinuvchi IMEI tizimi yana qaysi mamlakatda mavjudligiga va xizmatlar uchun to‘lov miqdori to‘g‘risida aniqlik kiritsin, marhamat. Kutib qolamiz», - deb yozadi iqtisodchi.

Savollar ochiq qolyapti

«UzIMEI tizimini Shermatov yaratmagan, rostanam. Endi vazir himoyalanishga majbur. Lekin odamlarga o‘zing aybdorsan deb, tanqid qilgan blogerlarni lobbichiga chiqarib himoyalanish juda-juda noto‘g‘ri.

Savollar esa ochiq qolyapti. Nega pullik? Nima uchun buncha qimmat? 100 dollarlik telefon ham shu pulni to‘laydi, 2 ming dollarlik ham, har bir sim-slotdan 54 mingdan – namunchaaa??? Bitta telefonga qariyb 10 dollardan yotyapti ustiga (agar 2 sim-slotli telefon bo‘lsa).

Noqonuniy narsani qonuniy maydonga o‘tkazish, soliq va boj tushumini orttirish uchun yana iste’molchidan to‘lov olinishida qanday mantiq bor? Qonuniylik uchun qo‘shimcha to‘lovmi bu?» deya savol qo‘yadi bloger Shahnoza Soatova.

Kun.uz bilan suhbatlashgan AKT vaziri Sherzod Shermatov bir necha yildan buyon e’tirozlarga sabab bo‘layotgan UzIMEI tizimi borasida fikr bildirib, bu tartib joriy qilinishi ortidan O‘zbekistonga bir yilda olib kiriladigan mobil qurilmalar 7–9 mingdan 3 milliontaga oshgani haqida gapirgandi.

Shuningdek, Shermatov soliqchilar bilan bo‘layotgan kelishmovchilarning sababi soyadagi iqtisodiyotni qonuniylashtirish bilan bog‘lagan.

«Masalaga kompleks qarash kerak. Bitta mavzuni olib, qattiq gapirib, hayp qilish mumkin, lekin bizni vazifamiz shov-shuv qilish emas. Bizning vazifamiz masalani kompleks tahlil qilib, uning muammosini topish. Asosiy masala soyadagi iqtisodiyotda bo‘lgan. Siz bojxona haqida gapirdingiz, lekin bizda inson omiliga bog‘liq joylar juda ko‘p. Men yuqorida aytgan raqamlar ham shu tizim qanday ishlaganini ko‘rsatadi», - degan vazir.

Shermatov, shuningdek tizimni nega pulli bo‘lishi kerakligi haqida ham gapirdi: 

«Pulli bo‘lishi kerakda. Soliq to‘lashingiz kerakku. Hech narsa tekinga bo‘lmaydiku. Soliq to‘lagandan keyin ish bo‘ladida. IMEI shov-shuvi nimadan chiqyapti o‘zi? Sizda, menda, mana bu yerda o‘tirganlarda u katta muammo bo‘lmaydi. Tasavvur qiling, siz 2-3 mln. mobil telefon olib kirayotgandingiz. Bunda soliq davlatga emas, kimningdir cho‘ntagiga tushardiku. O‘sha nolegal bozor, legalga aylantirilgandan keyin kimningdir manfaatlari yo‘qolyapti. O‘sha odamlar shov-shuvlarni boshlayapti.

… Men ham e’tirozlarni internetda o‘qiganman, lekin men uning [IMEI tizimiga o‘tish] boshida turmaganman. Men buni noto‘g‘ri narsa emasligini tushuntirishga harakat qilyapman».

Vazirning ma’lum qilishicha, ayni kunlarda ekspertlar, UzIMEI'ni ishlab chiqqanlar, iqtisodchilar ishtirokida ishchi guruh tuzilgan va masala o‘rganilmoqda.

Yaqinda jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh iqtisodchisi, ekspert Vinayak Nagaraj UzIMEI «tushunarsiz byurokratik» tizimligini qayd etib, O‘zbekistonni orqaga tortayotgan siyosatlardan biri ekanligi haqida yozib chiqdi. Buning ortidan UzIMEI tizimi bilan bog‘liq masalalar yana kun tartibiga chiqdi.

O‘zbekistonda 2020 yildan mobil qurilmalarni IMEI tizimida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish boshlangan vaqtda ko‘plab tushunmovchilik va noroziliklar paydo bo‘lgandi. Xususan, xorijdan kelgan ko‘plab fuqarolar o‘zlari bilan olib kelgan mobil telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘lganida, ularning nomiga allaqachon boshqa mobil qurilmalar UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgani ma’lum bo‘lgandi.

«Mening fikrim» portaliga huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev tomonidan IMEI kodlarni ro‘yxatga olishda to‘lov undirishni bekor qilish bo‘yicha kiritilgan jamoaviy murojaat e’lon qilinganidan so‘ng bir yil o‘tib Qonunchilik palatasi tomonidan rad qilingan.

Kun.uz jamiyatni qiynab kelayotgan ushbu tizim borasida ekspertlar va jamoatchilik faollarining fikrlari, taklif va tanqidlarini jamlab, berib kelmoqda

Tizimdagi kamchiliklar yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «O‘zbekiston Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» DUKka 2021 yil noyabr oyida Kun.uz tomonidan yuborilgan jurnalistik so‘rovga esa vazirlik javob ham, izoh ham bermadi.

2021 yil oktabr oyida «O‘zbekiston TTBRM» DUKka borgan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov yaqin kelajakda mobil telefon raqamlarini ko‘chirish tizimi ishga tushirilishi hamda IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini iste’molchilar uchun osonlashtirishi haqida gapirdi, lekin bu ham hozircha quruq gapligicha qolib ketdi.

Bundan tashqari, o‘tgan yillar mobaynida UzIMEI tizimida noqonuniy mobil telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun minglab fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini o‘g‘irlagan shaxslar ustidan ochilgan jinoiy ishlar yuzasidan ham javob berilmayapti. 

Mavzuga oid