O‘zbekiston | 21:34 / 05.02.2022
75730
2 daqiqa o‘qiladi

«Ramatov ham, G‘aniyev ham, «yest qilamiz» deyishga o‘rgangan» – prezident «yashil makon» loyihasidagi qo‘shib yozishlarni tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «yashil makon» umummilliy ekoloyihasi doirasida ko‘zbo‘yamachilik va qo‘shib yozishga yo‘l qo‘yilayotgani haqida gapirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Shu loyiha davomida «pripiska»ga yo‘l qo‘ymaylik degandim, lekin baribir bo‘lyapti. Bizda qo‘shib yozish kasallikka aylangan, SSSRdan qolgan, paxtani «pripiska» qilishdan. Menga bunaqa ko‘z-ko‘z qilish kerak emas, asl holatni yaxshi bilaman.

O‘z qo‘lim bilan tizim qilib berdim, xodim berdim, pul berdim. Yana nima kerak? Faqat galstuk taqib yurasizlarmi?», dedi prezident mas’ullarni tanqid qilar ekan.

Prezident bosh vazir o‘rinbosarlari Ochilboy Ramatov va Shuhrat G‘aniyevlarni ham tanqid qildi: «O‘zbekistonda hamma rahbarlar «pripiska»ga o‘rgangan, inʼeksiya bo‘lib kirgan bu. Mayli, 75 million emas, 50 million ekaylik, lekin toza ishlaylik. Yo‘q, prezidentga «bajardik, yest qilamiz», deb o‘rgangan Ramatov ham, G‘aniyev ham», dedi prezident.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Yunusobod tumani hokimi kuzgi daraxt ekish rejasini bajarmagani uchun ishdan ketganini aytdi.

Mavzuga oid