O‘zbekiston | 10:41 / 06.02.2022
57910
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva ishdan olindi

U viloyatdagi yagona ayol hokim edi.

Foto: Qarshi tumani hokimligi

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva ishdan ketgan. Viloyat hokimligi axborot xizmati Kun.uz’ga viloyatdagi yagona ayol hokim ishdan bo‘shatilganini tasdiqladi.

Maqsuda Mustafoyeva 2020 yil mart oyidan buyon Qarshi tumanini boshqarib kelayotgandi. O‘shanda respublika bo‘ylab qator viloyatlarda bittadan tumanga ayollar rahbar etib tayinlangandi.

Maqsuda Mustafoyeva Qarshi tumani hokimi sifatida ishlagan davrida ko‘plab shov-shuvli ishlar bilan omma e’tiboriga tushgandi. Jumladan, Qarshi tumanida faoliyat yurituvchi «Sulton teks» MChJ klasterining tugatilishida ham uning ishtiroki bo‘lgan.

2021 yil yozida ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi tumanida 100 million so‘m pul hokimlik tomonidan o‘zlashtirib yuborilgani haqida xabarlar tarqalishi ortidan 2021 yil 23 iyul kuni viloyat hokimligida yig‘ilish o‘tkazilgan, unda prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish ishlari bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ham muhokama qilingan, muhokama jarayonida Qarshi tumanida ishlar qoniqarsiz olib borilgani aytilgan.

2021 yil 12 avgust kuni yig‘ilish yakunlari bo‘yicha qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Maqsuda Mustafoyevaga hayfsan intizomiy jazosi qo‘llangan.

Sentabr oyida OAV vakillari bilan suhbat vaqtida Qashqadaryo viloyati sobiq hokimi Zoir Mirzayev uni hokimlikka tavsiya etganidan afsusdaligini bildirgandi. «Barchada xato va kamchiliklar bo‘ladi, albatta. Rahbar sifatida buni tanqid qilaman. Yaqinda Qarshi tumani hokimi bilan suhbatlashib, kamchiliklarini ko‘rsatdim. Men boshida uning ishini ko‘rmasdan, hokimlikka tavsiya berganimni xatoyim deb bilaman», degandi u.

Mavzuga oid