Lukashenko sobiq SSSRning aksar davlatlari Ittifoq davlatiga kirishiga ishonch bildirdi
Ayni paytda Rossiya va Belarusdan iborat Ittifoq davlatiga O‘zbekiston va boshqa sobiq sovet respublikalari ham qo‘shiladi, deya ishonmoqda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va Rossiya hukumati propagandachilaridan ekani aytiladigan jurnalist Vladimir Solovev o‘rtasidagi suhbatda Ittifoq davlatining kengayishi haqida so‘z bordi.
YouTube'dagi “Solovyov LIVE” kanalida e’lon qilingan intervyuda Aleksandr Lukashenko 1999 yilda Rossiya va Belarus ishtirokida tuzilgan Ittifoq davlati sobiq sovet respublikalari hisobiga kengayishi mumkinligini aytgan.
“Belarus allaqachon shu yerda [Ittifoq davlati tarkibida]. Menimcha, Qozog‘iston uchun yaxshi dars bo‘ldi. Agar kelgusi 15 yilda deb oladigan bo‘lsak, ishonchim komil, agar biz xatoga yo‘l qo‘ymasak, Ukraina ham shu yerda [Ittifoq davlati tarkibida] bo‘ladi”, – deya gap boshlagan Lukashenko.
U so‘zining davomida Armaniston “hech qayerga bora olmasligi” sabab Ittifoq davlatiga qo‘shilishini taxmin qiladi. “Ular kimgadir kerak deb o‘ylaysizmi?” deydi Belarus prezidenti.
Sanoqda Ozarboyjonga kelgan Lukashenko bu mamlakat u nazarda tutayotgan uyushmadan chiqib ketgani, Ozarboyjonni Turkiya “juda jiddiy qo‘llab-quvvatlayotgani”ni aytadi. “Biz bu [Ozarboyjon] bo‘yicha ham ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik, bu – alohida mavzu”, ta’kidlaydi prezident.
“Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonga kelsak, menimcha, avvalo iqtisodiy zarurat tufayli ular ham qo‘shilishadi”, – dedi Aleksandr Lukashenko.
U Ittifoq davlatining a’zolari suveren bo‘lib qolishini qo‘shimcha qilgan.
“Bu – mustaqil davlatlar ittifoqi bo‘ladi. Yo‘q, mustaqil emas, suveren davlatlar. Mustaqillik – nisbiy tushuncha. Hamma gaz va neft Rossiyadan kelib turgan bo‘lsa, men qanday qilib mustaqil bo‘lishim mumkin?” deydi Lukashenko va ittifoq a’zolari o‘z davlat ramzlari va rahbariyatlarini saqlab qolishini qo‘shimcha qiladi.
Ma’lumot uchun, Belarus va Rossiya 1999 yilda Ittifoq davlati nomi ostida integratsiyaga kirisha boshlagan. Bu integratsiyaning rasmiy maqsadi – parlament, valuta va qonunchilikni umumlashtirish. Amalda 20 yildan ortiqroq vaqt davomida ikki davlat faqat soliq va bojxona qonunchiligini birlashtira olgan.
Eslatib o‘tamiz, Aleksandr Lukashenko Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining 10 yanvar kuni Qozog‘istondagi tartibsizliklar yuzasidan o‘tkazilgan sammitida bu voqealardan “eng avvalo O‘zbekiston saboq chiqarishi kerak” degandi.
Lukashenkoning bu bayonoti O‘zbekiston jamoatchiligida keskin e’tirozlarni uyg‘otgan, faollar Belarusni qariyb 28 yildan beri uzluksiz boshqarib kelayotgan va oxirgi saylovdagi g‘alabasi ko‘plab davlatlar tomonidan tan olinmagan “Belarus fuqarosi”ning O‘zbekistonni ogohlantirishini bevosita tahdid sifatida qabul qilgan edi.
O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni mamlakat Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida bu ogohlantirish “asossiz” ekanini aytgandi.
“Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz”, – degandi Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid
15:04
Davlat departamenti AQSh fuqarolarini Belarusni zudlik bilan tark etishga chaqirdi
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
21:12 / 12.12.2024