O‘zbekiston | 08:31 / 09.02.2022
35991
7 daqiqa o‘qiladi

“Hech bir ustoz va murabbiylarimiz bunday holatga tushishiga yo‘l qo‘ymayman” – Abdurahmonov ustozlarga ta’zim qilib, Marhamatdagi voqea bo‘yicha uzrli munosabat bildirdi

Foto: Kun.uz

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Marhamat tumanidagi maktabda o‘qituvchilar ota-onalardan uzr so‘rashga majbur qilingani holati bo‘yicha munosabat bildirdi.

“Bugun ijtimoiy tarmoq, jamoatchilik vakillari orasida ko‘plab muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘layotgan holat, ustoz-murabbiylarimizning sha’ni va kadr-qimmatini obro‘sizlantirishga qaratilgan harakat ekanini ko‘rish mumkin.

Bu bilan ustozlarimizga bo‘lgan e’tibor Davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ayni davrda “ayrim” rahbarlarning ma’naviyatsizligi va saviyasizligi kechirib bo‘lmas xatoni yuzaga keltirdi”, deyiladi unda.

Abdurahmonovning bildirishicha, u mazkur holatni o‘z nazoratiga olgan va viloyat hokimi boshchiligida alohida ishchi guruh tuzildi.

“Aytib o‘tish joizki, ushbu xatoga yo‘l qo‘ygan har qanday rahbarlarga qonunda belgilangan jazo choralari ko‘rilishini ta’minlayman.

Andijonda hech bir ustoz va murabbiylarimiz bunday holatga tushishlariga yo‘l qo‘ymayman, zero sizning oldingizda sharafli mehnatingizni qadrlagan holda ta’zimdamiz”, deyiladi Andijon viloyat hokimining munosabatida.

Shuningdek, Marhamat tumani hokimi Bobur Yo‘ldoshev ham ushbu holat bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi hamda o‘qituvchi va murabbiylardan uzr so‘radi.

“Mana shu yig‘ilishdagi holat o‘qituvchilarning ruhiyatiga ta’sir qilgan bo‘lsa, men Marhamat tumani hokimi sifatida barcha ustoz-murabbiylardan uzr so‘rayman”, dedi u.

Marhamatda nima bo‘lgandi?

Kun.uz saytiga kelgan murojaatga ko‘ra, 4 fevral kuni Andijon viloyati Marhamat tumani 72-IDUM o‘qituvchilari o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar qarshisida kechirim so‘rashga majbur qilingan.

Manba so‘zlariga ko‘ra, direktor boshchiligida sahnaga chiqarib qo‘yilgan o‘qituvchilar hokimlik vakillari topshirig‘iga binoan bosh egib, «biz aybdormiz», deb ota-onalardan kechirim so‘rashgan.

Jamoatchilik munosabati

Mazkur holat keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘ldi.

Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi maktabda o‘qituvchilar ota-onalardan uzr so‘rashga majbur qilingani bo‘yicha munosabat bildirib, uzrni viloyat hokimi so‘rashi kerakligini aytdi.

«Andijonda o‘qituvchilar ota-onalar oldida bosh egib, uzr so‘rashga majburlangani uchun viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning shaxsan o‘zi barcha ustozlardan uzr so‘rashi kerak», deydi Allamjonov Telegram’dagi kanalida.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Laylo Rustamova ham ushbu holat yuzasidan tezkor munosabat berdi.

«Hozirgina Kun.uz nashrida Andijon viloyatidagi maktablardan birida o‘qituvchilar ota-onalar oldida bosh egib, kechirim so‘ragani aks etgan xabar e’lon qilindi. Yo‘lda bo‘lsam ham, tezkor munosabatni yozib qoldirmoqchiman.

Xalq ta’limi vazirligi bu holatni keskin qoralaydi. Ayni damda davlat siyosati darajasida o‘qituvchining obro‘yi va sha’nini ko‘tarish masalasi yuqori darajada turgan vaqtda bunday holat yuz bergani mutlaqo xato.

Bu tashabbus muallifi albatta topilib, unga tegishli chora ko‘rilishini ma’lum qilamiz. Ayni damda vaziyat Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganilmoqda», deydi u videomurojaatida.

Ko‘p o‘tmay Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov ham Telegram’dagi sahifasi orqali vaziyatga munosabat bildirdi va aybdorlar albatta javob berishi kerakligini ta’kidladi.

«Bugun Marhamat tumanida yuz bergan holatni nafaqat o‘qituvchilarimizning sha’nini yerga urish, balki davlatimiz siyosatiga qarshi amalga oshirilayotgan harakat deb baholayman.

O‘qituvchi qadrlanmagan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Shu bois, bugun davlatimiz rahbari o‘qituvchilarni ulug‘lash va jamiyatda eng obro‘li inson qilish masalasini davlat siyosatining eng yuqori darajasiga olib chiqdilar.

Bu harakat qanday maqsadda amalga oshirilgani menga qorong‘i, lekin aybdorlar albatta javob berishi kerak. Shu o‘rinda men o‘qituvchilardan o‘z qadr-qimmatlarini yerga urishga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolaman. Sizning bu darajada boshingizni yerga qaratishga hech kimning haqqi yo‘q!

Hozirda Xalq ta’limi vazirining huquqiy-nazorat xizmati tomonidan ishchi guruh tashkil etilib, holatni o‘rganmoqda. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan «tashabbuskorlar»ga albatta tegishli chora ko‘riladi», deya yozadi vazir.

Iqtisodchi Otabek Bakirov holat yuzasidan munosabatida ta’lim «uchinchi sinf kallasi bilan qolgan savodsiz hokimlar va ularning yugurdak shotirlari qo‘liga topshirilsa» shunaqa bo‘lishi haqida yozdi.

«Odam bolasi bunday qilmaydi, chunki odam bolasini o‘qituvchi o‘qitadi va o‘qituvchi qanchalar muqaddas ekanini odam bolasi juda yaxshi biladi. Yuz bergan voqealar jinoyat. Shunga yarasha chora ko‘rilishi kerak. Balki xaspo‘shlab yuborishar. Birinchi marta emas. Agar o‘qituvchiga nisbatan bunday ishlar bo‘lsa, demak hamma narsa mumkin. Qo‘rqinchli juda», deydi u.

Davletovuz blogi muallifi tekshiruv viloyat XTB tomonidan emas, markaz tomonidan o‘tkazilishi kerakligini qayd etdi.

«Nazarimizda, Andijon viloyatida ilgari yuz bergan bunday insidentlar sabog‘idan xulosa chiqargan holda, barcha o‘rganishlar faqat va faqat markazdan bo‘lishi kerak va barcha savollar viloyatni o‘z bekligiga aylantirib olib, doimo suvdan quruq chiqadigan viloyat rahbariyatiga qo‘yilishi kerak», deydi u.

Mavzuga oid