O‘zbekiston | 08:14 / 12.02.2022
1813
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda o‘qituvchilar shanbalikka jalb qilingani aytilgan xabarga munosabat bildirildi

Foto: joqargikenes

Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘qituvchilarining Mo‘ynoq tumani Qozoqdaryo ovuliga shanbalikka jalb etilganligi hamda ayni damda Xalq ta’limi vaziri ham xizmat safari bilan Qoraqalpog‘istonda ekanligi haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holatga Mo‘ynoq tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘istonda o‘qituvchilarning shanbalikka jalb etilganligi holati ayni vaqtda nazoratga olingan va o‘rganilmoqda.

Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga asosan, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish qat’iyan taqiqlanganini eslatib o‘tgan.

Mazkur qarorga ko‘ra, yuqoridagi talablarni buzgan Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tegishli javobgarlikka tortilishi belgilangan.

Ta’kidlanishicha, Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidovning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maktablarni o‘rganish jarayoni 8 fevral kuni yakunlangan va shundan so‘ng vazir 3 ta viloyatga – Xorazm, Navoiy va ayni vaqtda Samarqand viloyatiga borgan.

Mavzuga oid