O‘zbekiston | 21:51 / 13.02.2022
21772
32 daqiqa o‘qiladi

Farroshlikdan doktorlikkacha - to‘siqlardan imkoniyat topa olgan inson bilan suhbat

Andijon shahrida tavallud topib, o‘qishni Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani, Katta Kenagas qishlog‘idagi 21-maktabda boshlagan, Shvetsiya va Norvegiyada tibbiyot bo‘yicha ta’lim olgan, Harvard universitetida faoliyat yuritgan, o‘z sohasida katta yutuqlarga erishgan, ko‘pchilik uchun Bek Olimjon taxallusi bilan tanish bo‘lgan Behzod Tashbayev “Osmondagi bolalar” loyihasining navbatdagi mehmoni bo‘ldi. U hozirda Norvegiya ko‘z salomatligi institutida konsultant-oftalmolog, rivojlanish bo‘yicha direktor, Oslo universiteti klinikasida katta ilmiy tadqiqotchi, Oslo universitetida Associate Professor lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda.

Ushbu suhbat davomida spiker chet el hayoti, tibbiyotdagi muammolar, ta’lim olish jarayonidagi mashaqqatlar, intizomni shakllantirish, maqsad qo‘yish va ishga kirishdagi to‘siqlarni yengib o‘tish borasida shaxsiy tajribalaridan kelib chiqib tavsiyalarni berib o‘tdi.

Faoliyat yo‘llari…

—Dadam Andijon davlat tibbiyot institutida professor bo‘lib ishlardi. Yosh bo‘lganman, “kirgizib qo‘yadi” deb kuchli tayyorgarlik ko‘rmaganman. Kontraktga o‘qishga kirdim. Dadam kontrakt pulingni to‘lab beraman, kiyim-kechagingga, yurish-turishingga, oziq-ovqatingga o‘zing ishlab topasan dedilar. Yo‘q, kontraktda o‘qimayman deganman. Yana bir yil tayyorgarlik ko‘rib, grant asosida o‘qishga qabul qilindim.

Ikkinchi va uchinchi kurslarda ingliz tilini o‘rgandim. Bir tanishim tarjimonlik qilishga yordamchilik qilishimni so‘radi. Nima bo‘lsa Xudodan deb, tavakkaliga xo‘p dedim. Ishni boshladim. Bir odam kelib gapirdi va tarjima qilishimni so‘radi. Tarjima qildim. Keyin bilsam, u inson shu loyihaning rahbari ekan. Unga tarjimonligim ma’qul bo‘ldi, ikki haftadan keyin ikki ekspert kelishi va ularga ham tarjimonlik qilishimni aytdi. Oylikni oldim va dadamga olib bordim. Dadam shunda ko‘zlari yosh bilan, “bir hafta ishlab, professordan ko‘p topibsan”, degandi.

Institutni bitirmasdan, dunyoda 30-o‘rinda turadigan institutga grantga kirganman…

— Chet elga o‘qishga ketmoqchi bo‘ldim. Oilamda pul berishga imkoniyat yo‘q, shuning uchun, o‘qitishi zo‘r bo‘lsin, tekin bo‘lsin deganman. Shunda barcha chet eldagi institutlarning ro‘yxatini tuzib chiqdim, menga eng ma’qul keladiganlarini saraladim. Shunda Shvetsiyadagi Karolinska instituti (Karolinska Institute) tekin grant taklif qildi. Topshirdim, qarabsiz-ki dunyoda 30-o‘rinda turadigan institutning magistratura bosqichiga bakalavrni tugatmasdan grant asosida qabul qilindim. O‘qishga kirishga kirdim, lekin ketishga pul yo‘q, o‘zimning hisobimdan ketishim kerak. Keyin unga-bunga, tanishga borib pul topdim va Shvetsiyaga ketdim, Stokholmga.

Stokholmda yashash qimmat. Ikki oy “Rollton”ga o‘xshagan narsalar bilan hayot kechirganman. Kun kechirish maqsadida bir kuni o‘t o‘rdim, bir kuni birovning daraxtini kesib berdim va shu kabi qora mehnat qilib yurdim. Bir kuni bir tanishim maslahat berib qoldi. Shahardan shaharga qatnaydigan kemalarda ish bor ekan. Farroshlik qilish kerak ekan. Farroshlikka onlayn ariza topshirish orqali qabul qilinarkan. To‘rt yoki besh marta topshirdim, rad javobini berishdi. Keyin ofisiga, xodimlar bo‘limiga bordim. Bir amallab, shved tilini bilmasam ham, intervyu berib, farroshlikka ishga qabul qilindim.

O‘zbekistonga qaytdim, lekin…

— O‘qishimiz sog‘liqni saqlash va informatsion texnologiyalar yo‘nalishida bo‘lgani sababli kasallik tarixlarini elektronlash sohasidan ma’ruza qilishga bir inson keldi. Ismi sharifi Rustam Nabiyev, Karolinska klinikasida ishlarkan. Borib tanishdim, Tojikistondan ekan, Yaratganning sababimi shu kishiga to‘g‘ri keldim. Taqdimotini o‘rganib chiqdim, ba’zi joylarini tushunmaganim, ma’lum joylarida xatolari borligini bildirdim, shogird bo‘lib tushmoqchiligimni aytdim. Bo‘ldi kel dedi, bir oy tekin ishladim, ikkinchi oydan ehtiyojlarimga yetadigan oylik ola boshladim.

Bir kuni xizmat safari bilan Uganda davlatiga bordik. U yerda eshigi ham yo‘q shifoxonani tizimlashtirmoqchi edik. Chamasi 25-30 kishi atrofida bemorlar hamshiraga navbatda turishgandi. Shunda o‘zimga-o‘zim aytganman. “Bek, shu kompyuter yechiming shu 30 odamga yordam beradimi? Kelajakda-chi, yordam beradimi?”. Noma’lum. O‘sha yerda xulosa qildim, shifokorlikka qaytmasam bo‘lmas ekan. Shunda arizamni yozdim, O‘zbekistonga qaytib keldim. 2 haftadan so‘ng esa paxtaga jo‘natib yuborishdi.

Kimsan sen? Oddiy ordinatorsan!

— 2012 yil O‘zbekistonga keldik. Oradan 2 yil o‘tdi. Har xil g‘oyalar, idealar bor edi o‘sha payti. Butun O‘zbekistondagi shifokorlarning reytingini tuzib chiqish fikri paydo bo‘ldi, keyin oftalmologiya bo‘yicha dars beradigan platforma yaratish g‘oyalari paydo bo‘ldi. Ammo qaror qabul qiladigan odamlar “kimsan sen, oddiy ordinatorsan sen. Ko‘p ham sakrayvermay, joyingni bilgin”, deyishdi. Ularga maslahat so‘rab kirgan odam edim men.

Keyinchalik jarrohlikni o‘rganishga juda qiziqdim. Jarrohlikni Hindistonga borib o‘rganish keng tarqalgan. U yerga borasiz, ikki haftada 30 ta ko‘z operatsiya qilasiz. 100 dollardan jami 3000 dollar berasiz. Birinchidan, ikki hafta o‘rganish uchun yetarli emas va 3 000 dollar pulim yo‘q.

Hindistonga kamida olti oyga bormoqchi edim. Hamma klinikalarning ro‘yxatni tuzib chiqdim va 200 tacha klinikalarning barchasiga yozib chiqdim. Ularga “Klinikangizdagi barcha xodimlar bilan bir xil ishlayman, kamroq mablag‘ beraman, lekin farroshlikka ham tayyorman” degan taklifni berdim. 200 ta klinikadan 20 tasi javob qaytardi va shundan faqat bittasi taklif qildi. Savdolashdik, 3 000 dollarga kelishdik. Hindistonga ketishim uchun viza olishim kerak bo‘ldi. Viza olish uchun 46 ta hujjat to‘plash kerak ekan. Shundan 45 tasini to‘play oldim, bittasini ololmadim va viza berishmadi.

Foto: Osmondagi bolalar

Yana boshidan va boshqacha uslubda boshladim…

Endi Hindistondagi klinikalarni o‘rganishni boshladim. U yerda veb-saytlar, feysbukdagi sahifalar yaxshi emas ekan. Shunda bir katta auditoriyaga ega bir guruhda yordamchi admin bo‘lib ishga kirib oldim. Har xil spamlarni o‘chirib turardim, ba’zi joylarda yordam berardim. Keyin o‘zim xohlagan bir klinikaga yozdim.

2 000 dollar pulim bor, 6 oy o‘rganmoqchiman, bilaman pulim yetmaydi, pul o‘rniga taklif qiladigan narsam – “klinikadagi barcha xodimlar kabi ishlashga roziman. 12-13 soat ishlashga, dalada ishlashga ham roziman. Keyin seni o‘zim admin bo‘lgan guruhda reklama qilib beraman. Saytingda shu yerlarda xatoliklar bor. Shuni to‘g‘rilash kerak”. Savdolashdik, 3 000 dollarga kelishdik. Hindistonda o‘ta kambag‘al holda hayot kechirardim. Xotinim bu yerdan olgan oyligini jo‘natardi. Ish juda ham zo‘r, o‘rganish juda ham zo‘r. U yerga ko‘plab sovet davlatlaridan keladigan odamlar ko‘payib bordi. Bizda rus tiliga tarjimon bor deb reklama qila boshladik va tarjimonlik qila boshladim, oradan uch oy vaqt o‘tib, o‘rgatishni o‘zimga topshirishdi. 6 oylik muddat ham tugadi.

Keyingi ishni qidirishni boshladim. Shunda haligi kishi yonimga kelib “Bek, sen bilan ishlash yoqdi. Bizda qol, men senga 6 oylik ish taklif qilaman. Oylikni shu yerda beraman”, dedi. Shunda o‘zbekistonlik do‘stlarimni ham chaqirishga muvaffaq bo‘ldim. Ular kelishdi, pulni to‘lab o‘qishdi va qaytib ketishdi.

Bir do‘stim ishxonasiga “shunaqa odam bor, Hindistonda o‘qiyapti, xirurg kerak, chaqiraylik” debdi. Va taklif qilishdi. Taklif ancha yoqdi, oilam uyda qolgan, yonlariga qaytishim kerak edi. Yana ortga qaytdim. Ishlay boshladim. Bir oy davomida 100 ga yaqin operatsiya qildim. Oylik berish muddati keldi. Lekin oyligimni kechiktirib, beshga bo‘lib berishdi...

Garvardda PHD qilishni xohlaysanmi?

— Norvegiya kichik davlat, besh million aholisi bor, xolos. Oz sonli ko‘z shifokorlari bor, barchasi bir-birini taniydi. Qanday qilib bo‘lsa ham shular qatoriga qo‘shilishim kerak degan fikr bilan yurdim. Hindistonda ishlab yurganimda bir norvegiyalik ayol o‘qigani kelgandi, o‘sha bilan bog‘lanib, meni Norvegiyadagi biror mutaxassis bilan tanishtirib qo‘yishini so‘radim. O‘zining ilmiy rahbari bilan tanishtirib qo‘ydi. U kishiga 4 hafta, haftasiga ikki martadan xat yozdim, “xo‘p” demagunicha. Yettinchi xatimga javob yozdi, bir inson bilan tanishtirib qo‘yishini aytdi. Oslo universitetida seminarga taklif qildi. Professor inson bilan tanishtirib qo‘ydi va “O‘zbekistonlik oftalmolog, Norvegiyada oftalmolog bo‘lmoqchi, yaxshi, qat’iyatli, taslim bo‘lmaydigan bola ekan” dedi. Haligi professor kishi birinchi so‘zidayoq: “Garvardda PHD qilishni xohlaysanmi?” dedi. Ha, desam, “Unda guruhimga xush kelibsan” dedi.

Izlagan imkon topar…

— Oslo universitetida PHD o‘qish imkoniyati kelib qoldi. Qiyinchiliklar bilan PHD qilishga kirishdim. Ammo asosiy maqsad mutaxassis bo‘lish edi. Mutaxassislik uchun kirish juda ham qiyin edi. Men topshirmoqchi bo‘lgan joyga 12 ta joy e’lon qilindi, 672 kishi topshirdi. Biroq, qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da, shu 12 kishi orasiga kirishni uddaladim. Shoshilinch tibbiy markazda ish boshladim. Ammo ham PHD qilib, ham mutaxassislikni qilishga Norvegiyaning migratsiya bo‘limi ruxsat bermadi. Lekin imkon topdim. Shvetsiyaga mutaxassislikka topshirdim va shu yerga kirdim. PHD ni Norvegiyada, mutaxassislikni Shvetsiyada qilishga kirishdim. Hamma xursand, oilam ham Shvetsiyada ish topdi, 2020-2021-yillar ishladim va kerakli hujjatlarning hammasini topshirdim, talablarga javob berdim, noyabr oyida qattiq imtihonni topshirdim va butun Yevropada ishlash imkonini beruvchi mutaxassislik sertifikatini qo‘lga kiritdim.

Norvegiyada hammasi bo‘lib, maksimal 120 foiz ishlash imkoniyati bor. Hozir menda 50 foiz Oslo universiteti klinikasida katta ilmiy xodim, erkin ish grafigidagi uydan turib ishlash imkoniyatidagi ish, Oslo universitetida 5 foizlik Associate Professor lavozimlarim bor.

Associate Professor ham ilmiy ish, ham o‘qituvchilikni o‘z ichiga oladi. Unda ishlash uchun asosan PHD bo‘lish shart. Associate Professor shu universitetda ishlab, professorlikka loyiqligini ko‘rsatsa, professorlik lavozimi beriladi.

— Behzod aka, O‘zbekistondagi tibbiyot haqida gaplashsak. Avvalo ta’limdagi tibbiyot va ayni paytdagi bizdagi muolaja, umumiy bemorlar bilan bo‘ladigan reklamalar yoki ularning muolaja usullari, umuman aytganda, tibbiyot haqida gaplashish mening orzuim edi. Tibbiyotdagi muammolarni gapirish, dardlarni gapirish va yechimlar haqida gapirish. Biz bu mavzuda shunaqa gaplashaylik, bugun tibbiyotga qiziqqanlar va tibbiyotda o‘qiyotganlar aynan shu sababli ushbu muammolarga yechimlar topishsin. Sizning qiyinchiliklaringizni eshitib, o‘z hayotidagi ba’zi qiyinchiliklarni qiyinchilikmas deb hisoblab qolishar.

— Ta’limdan gapirsak, institutlarga qabul qilish mexanizmini buzilgan deb hisoblayman.

Misol uchun, kirish imtihonlari faqat yodlashga asoslanadi. O‘rganishda yodlashga ko‘proq e’tibor beramiz. Bu 70-80-yillarda, bilim olishda, mutaxassis bo‘lishda, ayniqsa shifokor bo‘lishda faktlarni yodlab qolish muhim edi. Hozir Google bor davrda yodlashga ehtiyoj yo‘q. Google menga kerakli narsani, mening xotiramdan tezroq va aniqroq chiqarib beradi. Yetmayotgan narsa shuki, muammoning tubidan tushunmasligimiz. Bu esa tanqidiy fikrlashimiz rivojlanmasligiga sabab bo‘ladi.

Yodlaymiz, yodlaymiz, oliygohga kiramiz. Talabalikda ham xuddi shunday, yodlaganimizdek aytib beramiz, 5 olamiz. Ta’lim muammolarga asoslangan holatda emas.

Men “PBL” degan kurs o‘taman, Oslo universitetida, bu inglizchada “Problem based learning” deyiladi. Bu 10-12 talaba uchun bir muammoni doskaga chiqarib qo‘yaman, misol uchun, “45 yoshli erkak ko‘chada o‘tib ketayotib yiqilib tushdi. Muammo nimada?”. Bu o‘quvchilarni fikrlashga undash. Keyin so‘rashadi: kim u? Qanday holatda edi? Mast edimi yoki yo‘q? Bo‘lishi mumkin bo‘lgan beshta muammoni sanab berishadi. Keyin har birini, ehtimolliklarini o‘rganib chiqamiz, ilmiy ishlarda nima deyilganini ko‘rib chiqamiz. Keyin shu haqida ilmiy ish qilishni boshlashadi, darsning o‘zida. Maqsad — bemorni real holatda, o‘sha jarayonning o‘zida jonlantirish.

Dars berishning boshqacha usuli — an’anaviy usul ham bor. Bunda men aytaman: “Yurak infarkti — bunaqa bo‘ladi, bunaqa kasallik bo‘ladi deb prezentatsiya qilib o‘taman. Ammo bunda eslab qolish foizi juda kam. Hozirgi kunda telefon, kompyuter bor. Shuning uchun asosiy maqsad mening darslarimda o‘rganishga qaratilgan. Darsga ovqati bilan kirib keladi, formasi bo‘lmaydi.

Ta’limdagi asosiy muammo, eski ma’lumotlarni yodlash orqali institutga kiriladi va eski ma’lumotlarga asoslangan adabiyotlardan foydalanib, o‘qish davom ettiriladi. Bu yerda muammo oliy ta’lim muassasida emas. Shunchaki, ingliz tilidagi tibbiyotning rivojlanishi juda tez. Uni tarjima qilib ulgurishning iloji yo‘q. Uning samaraliroq va foydaliroq usuli esa ingliz tilini o‘rganishdadir.

Tibbiyot universitetida o‘qiydigan talabalarga murojaat.

Agarda siz yaxshi, zamonaviy tibbiyot bilan shug‘ullanishni istaydigan shifokor bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, ingliz tilisiz buning aslo iloji yo‘q. Ingliz tilini o‘rganish shart va juda muhim. Chunki, zamonaviy tibbiyot bilan ishlamaydigan bo‘lsak rivojlanmaymiz. Ingliz tili o‘rganish orqali yaxshi mutaxassis bo‘lish imkoniyati eshiklari juda ham keng ochiladi. Ingliz tilidagi ma’lumotlar shunaqa kengki, boshqa tildagi ma’lumotlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, ingliz tilidagi ma’lumotlar dengizdagi suv bo‘lsa, rus tilidagi ma’lumotlar bitta chelakdagi suv kabidir. Shuning uchun ingliz tilini o‘rganish juda muhim.

— Ma’lumotlarni yodalaganimiz sababli to‘g‘ri tahlil qila olmaymiz deyapsiz. Misollar bilan keltira olamizmi?

Yodlashga asoslangan bilimning qanchalik xavfli ekanligiga bitta misol keltirib o‘taman. Yaqinda bir ayol murojaat qildi. Qizi bor ekan. 2-3 yoshli qizning ko‘zida oq dog‘i bor ekan. Bu nima, degan savol bilan chiqyapti? Bu yoshda eng ko‘p uchraydigan kasalliklar ro‘yxatini yozdim. Ro‘yxatning eng birinchisida “o‘sma” turardi. Davolamaydigan bo‘lsa, ko‘zni olib tashashga to‘g‘ri keladi, miyaga ta’sir qilib bola nobud bo‘lishi mumkin. Rasmga qarab diagnoz berolmayman, ammo mana bu ishlarni qilish kerak deb diagnoz berdim. U inson bir joyga borgan. Uni ko‘rib “yo‘q unaqamas, noto‘g‘ri aytishibdi, bunaqa narsa ko‘rmaganman oldin” deyishibdi. Uning javobidan qoniqmagan ona yana menga murojaat qiladi. Men aytdim: “Mayli men xato qilayotgan bo‘lishim mumkin, ammo men aytgan tekshiruvlarni qiling”. Keyin yaxshiroq mutaxassisga borgan, bolani tekshirib, ko‘zida o‘simta borligini aniqlagan. Agarda shu narsani bilmaganda, shu qismini yodlamagan bo‘lganda, uch yoshli bolaning umri zavol bo‘lardi. O‘simta kattalashib, ko‘z tashqarisiga chiqib ketgandan keyin kimgadir olib boradi, ammo kech bo‘ladi.

Shu jihatlaridan muhim. Bilib, tahlil qila olish kerak, yodlash emas. Misol uchun, men ishxonamda o‘tirganimda, biror narsa esimdan chiqib qolsa, bemorga ochiqdan ochiq aytaman, shu joyi esimdan chiqib qolibdi, kompyuterimni ochib bilib olay, deyman. Bemor hech qanday reaksiya bermaydi. Lekin u yerda kibrga berilib, bemorning oldida bu narsani kompyuter yoki kitob titkilasam, meni “bilmasvoy” ekan deb o‘ylaydi degan fikrni ustun qo‘ysam, u bemorga xato yordam qilib qo‘yishim mumkin.

Tibbiyotning eng muhim o‘zagida turadigan qoida, qonun, tamoyil bu – avvalo zarar yetkazma. Foydang tegmasa tegmasin, avvalo zarar yetkazma. Afsuski, bu narsa ko‘pchilikning esidan chiqib qolganmi, har xil foydasi yo‘q dori-darmonlar bilan ham davolashadi.

— Aynan yoshlarga, tibbiyot oliygohlarida o‘qiyotgan, insonlar hayotini saqlab qolishni, ularga yordam berishni oliy maqsad qilib qo‘yganlar uchun nima maslahat berasiz?

— Yaxshi mutaxassis bo‘ladigan bo‘lsa, birovdan yordam kutmaslikni, o‘qituvchi kelib menga dars beradi deb birovdan yordam kutib o‘tirmaslikni maslahat beraman. Yaxshi mutaxassis bo‘laman, rivojlanaman degan odamni qutqarishga hech kim kelmaydi. Oldimizda maqsad katta bo‘lsa, bunga o‘zimiz javobgarmiz. Oliygohlardagi bilimlar qoniqtirmayotgan bo‘lsa, mustaqil ravishda o‘rganish kerak. Oliygohlarda berilayotgan bilimlarni o‘zi yetarli deb o‘ylasak, katta xato qilamiz.

— Ta’limni o‘zgartirishga qodir inson sizdan nima qilsak O‘zbekistonda tibbiyot ta’limi rivojlanishi, tibbiyotni rivojlantirish uchun qanaqa imkoniyatlarimiz borligi haqida savol bersa, nima degan bo‘lardingiz?

Birinchi o‘rinda rivojlanishga, innovatsiyaga xalaqit bermaslik kerak. Chunki, tibbiyot institutida juda ham aqlli domla va o‘qituvchilar ko‘p. Lekin ularda ijodiy erkinlik yo‘q. Ularni qog‘ozbozlik bilan ko‘mib tashlaganmiz. Ularga tegmaslik, indamaslik kerak. Ularning o‘zi biladi qanday ishlashni, biz o‘rgatishimiz shart emas. Vijdonan, halollik bilan, o‘zining oxirati uchun ishlaydigan juda ko‘p o‘qituvchilar bor.

Ta’lim pastdan tepaga qarab yurishi kerak. Chunki, hozirgacha tepadan tarqoqlashtirilgan ta’lim o‘z samarasini bermagan. Senga, ishingga nima xalaqit berpti, deb o‘qituvchidan so‘rash, o‘sha to‘siqni olib tashash kerak bo‘ladi.

— O‘zbekistondagi biror xoh davlatniki, xoh xususiy universitet sizga onlayn dars berishni so‘rasa dars berarmidingiz?

Shartlarga bog‘liq. Menga 100 foiz erkinlik bermaydigan bo‘lsa, yo‘q deyman. Shu o‘rinda, sohamga oid bilimlarni onlayn hammaga berib boryapman. Yevropada, oftalmologlar tayyorlash uchun 5 yil ishlanadi. Ularni tayyorlashda taxminan 1000 varoqli kitob bor. O‘sha kitobni tarjima qilib, onlayn variantda video shaklda qilishni boshlaganman. Hozir 20-30 foizi bo‘ldi. Shu narsani tarjima qilib, tekinga qo‘ymoqchiman. Ko‘pchilik ko‘rmasligi mumkin, balki 100 kishi ko‘rar, shundan 2 dona odam foyda olsa, ularning hali oldinda 15-20 yillik karerasi bor. O‘sha olgan narsalarini bemorlarga tatbiq qilsa, shuning o‘zi yetadi.

— Umumiy ko‘p ta’lim davringizning ko‘p qismi chet elda bo‘lgan. Shu o‘rinda chetda o‘qimoqchi bo‘lgan yoshlarga nima maslahat bergan bo‘lar edingiz?

Keling tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha olaylik. Birinchi o‘rinda inson o‘zining qayerdaligini bilib olishi kerak. Bir necha toifadagi insonlar bor. Abituriyentni qaraydigan bo‘lsak, hali institutga kirmagan, Yevropada mutaxassis bo‘lmoqchi. Yevropada tibbiyot o‘qish juda ham qimmat. Bir yili 10-12 ming yevro turadi, 6 yil o‘qishi kerak. Bu bilan birga ishlab tirikchiligini qila olmaydi, juda qimmatga tushib ketadi. Shunday insonlarga tavsiyam, shu yerning o‘ziga o‘qishga kiring, o‘qish davomida o‘qishni ko‘chirib ketish haqida o‘ylang. Hozirgi kunda Avstriyada, Germaniyada, Belgiyada ko‘chirib borish imkoniyati bor.

Agar siz 4-5-kursda chet elga ketmoqchi bo‘lsangiz, qaysi davlatda imkoniyat ko‘proq? Ko‘pchilik Amerikani xohlaydi, lekin u yerda jarayon uzoq, o‘qish ko‘p pul talab qiladi. Hozirgi kunda Germaniya va Avstriyada shifokorlik litsenziyalarini olishga real imkoniyatlar mavjud. Agar inson nemis tilini B2 darajasida o‘rgansa, boradi ikki bosqichli imtihoni bor. 1-imtihonni topshirganda shifokor yordamchisi, 2-imtihonni topshirganda litsenziya beradi. Bu litsenziyani olgandan keyin bevosita mutaxassislikni davom ettirishi mumkin. Mutaxassislikni davom ettirganda bemalol pul topish, oilani boqish, uyga pul jo‘natish imkoniyatlari mavjud.

Men imkon qadar ko‘p talabalar chetga chiqishi tarafdoriman. Agar o‘sha talabalar ta’lim uchun xorijga chiqmasa, ularning salohiyatidan 100 foiz foydalana olmaymiz. Ular bu yerda Germaniyada oladigan bilimini ololmaydi.

— Hamma chetga chiqib ketaversa va O‘zbekistonga qaytib kelmasa, yana o‘sha sifatsiz tibbiyotda qolib ketmaymizmi?

Mening o‘zimni o‘sha sifatli tibbiyotda ishlayapti deb tasavvur qilsak, O‘zbekistonga qaytib kelsam, biror klinikaga ishlasam. Men “zamonaviy tibbiyotda mana bu yo‘nalishda davolashimiz kerak, chunki buning orqasida dalillari bor, dalillarga asoslangan tibbiyot bo‘yicha mana bunday davolaymiz, mana bu vitaminlaring shifo bermaydi, bemorning cho‘ntagiga ham zarar qilyapsan”- deydigan bo‘lsam, yolg‘izligim uchun atrofimdagilarni o‘zimning yo‘lim bo‘yicha yo‘naltirish qiyin bo‘ladi. Lekin menga o‘xshagan besh-olti kishi jamoa bo‘lib kelaylik, jamoa oldida shogirdlari bo‘lsin, ularni yiqitish qiyin bo‘ladi.

Foto: Osmondagi bolalar

— Sizningcha, O‘zbekistonda tibbiyot qay darajada? Nima qilsak, tibbiyotni rivojlantira olamiz? Ya’ni oylik maosh tarafdanmi, yoki davolash tarafdanmi, qanday kamchiliklar bor va biz ularni qanday to‘g‘rilasak bo‘ladi?

Tibbiyot asosan xarajatga asoslangan soha, undan foyda qilish juda qiyin. Foyda qilamiz desak, chetdan keladigan turizmni oshirishimiz kerak. Buning uchun bemorlar Hindistonga ketib qolmasliklari, biz yaxshiroq mutaxassis bo‘lishimiz kerak.

Nega Hindistonga ketib qolyapti degan savolga javob bersak, birinchidan, mutaxassis muammo, ikkinchidan, shaffoflik yo‘qligi va tarqoqlikdan. Shuncha sarson bo‘lyapmiz, baribir pulimiz ketyapti, undan ko‘ra Hindistonga boramiz, shuncha odam foyda topdi deyishadi.

Amaldagi tibbiyotda dalillarga, isbotlarga asoslanmagan tibbiyotdan foydalanamiz. Bir bemor shifokorga oddiy virus bilan boradigan bo‘lsa, u esa antibiotikni qator qilib bersa, yoniga ikki-uchta reklamalardagi dorilardan qo‘shib yuboradi, ikkinchisiga borsa, u boshqa xildagi dorilar, boshqa xildagi diagnozni beradi va hokazo. Shu sababli ishonch yaxshi darajada shakllanmagan. Bu uchun yaxshi mutaxassis bo‘lib aniq, lo‘nda diagnoz qo‘yib va o‘shanga yarasha qisqa, isbotlangan davoni qilish kerak. Kompleks muammo ammo tubida bilimsizlik, kitob varoqlamayotganimiz yotadi. Muammoning ildizida qisqa muddatda pul ishlab qolish maqsadi yotadi.

— Televizorda dori reklamalari juda ko‘payib ketdi. Dorilarni reklama qilish kerakmi?

Mening fikrimcha, dorini reklama qilish kerakmas. Bizda dorishunoslikning birinchi darsida o‘qituvchi doskaga “dori = zahar, zahar = dori” deb katta qilib yozib qo‘ygan. Har qanday dori bo‘lsin, nojo‘ya ta’sirini bermay qo‘ymaydi. Shuning uchun bu soha boshqarilishi kerak, dori reklamasi butunlay nazorat qilinishi kerak. Bu soha televideniye, dori savdosidagilarning qo‘lida bo‘lishi kerak emas. Bu qonun bilan nazorat qilinishi kerak. Rivojlangan davlatlarda bu soha juda ham qattiq nazoratda.

Shu o‘rinda tibbiyot sohasida o‘qiyotgan va o‘qishni istayotgan ukalarimizdan iltimos qilgan bo‘lardim-ki, sohangizning haqiqiy professionali bo‘lishga intiling. Balki siz davolayotgan inson bir kun kelib minglab insonlar hayotini qutqarar, minglab insonlarga yaxshilik qilar, eng kamida oilasiga halol rizq olib kirar. Balki shunga sababchi bo‘larsiz. Shuning uchun sohangizning eng yaxshisi bo‘lishga harakat qiling, chet elda o‘qing, o‘sha yerda rivojlaning va bir kun kelib millatingizga foydangiz tegadigan kadrga aylaning. Maqsadingiz qat’iylashishida bizning ozgina bo‘lsa ham foydamiz tekkan bo‘lsa biz bundan faqat xursandmiz.

— Tanqidiy fikrlash o‘zi nima?

Birinchi qoida, fikr va shaxs — bu ikki xil narsa. Shaxs fikri sening fikringga qarshi bo‘lishi mumkin, bu degani bu shaxsni yomon ko‘rish kerak degani emas. Bir inson fikri turlicha bo‘lishi mumkin. U balki o‘rganish jarayonidadir, balki u inson xato qilgandir, bu degani u kishini birdaniga yomonlash kerak degani emas. Fikrga tanqid bo‘lsin, ammo shaxsga emas. Har qanday muzokara oq-qora rangda emas. Shaxs va fikrni ajratgan holatda, fikrning o‘zini muhokama qilsak, menimcha, juda katta yutuqqa erishgan bo‘lamiz. Afsuski, mana shu narsa bizda ancha oqsoq darajada. Biror fikr bildirilsa birdaniga shaxsga nisbatan o‘tib ketiladi, unga nisbatan “hujum” boshlanadi va u odamning o‘zi ham keyingi safar fikr bildirgisi kelmaydi.

— Maqsad qo‘yish haqida gaplashsak…

Birinchi o‘rinda biror maqsad qo‘yadigan bo‘lsam, u “asli nima?”, “qanday maqsad?” – bunga imkon qadar aniqlik kiritib olaman. Shu darajagacha kristallashtirib olishim kerakki, u narsa hech qanday “tuman”da qolib ketmasin. Kerak bo‘lsa rasmini chiqarib, devorimga osib qo‘yaman. Shu darajada aniq bo‘lishi kerak. Bundan keyin esa, bu maqsadga “nega erishmoqchisan?” deb savol qo‘yaman. Bunga beshta sabab bo‘lishi kerak, shu sabablarga arziydimi bu maqsad, ma’naviy prinsiplarga, qadriyatlarga qarshi emasmi? Uchinchi savol esa bu maqsadga erishish uchun nima qilish kerak? Ana undan keyin sen “hozir qayerdasan?” deb savol beraman. Bularning hammasini aniq qilib daftarga yozib chiqaman. Oxirgi savoldan keyingi savol esa shu maqsadga erishishga 12 oy ketadigan bo‘lsa, sen 6 oyda qila olasanmi, deb savol beraman. Shu savollar tartibi har doim ish bergan. Bu maqsad qo‘yishdagi savollar.

Endi, ikkinchi qismi, “hayotdan maqsad nima?”, “hayotda yashash prinsiplari qanaqa?” deb so‘ralganda, eng avvalo asosiy prinsip “zarar yetkazma”, foydang tegmasa tegmasin, zararing ham tegmasin. Agar shunaqa qilsang ham yaxshi hayot kechirgan bo‘lasan. Agar shu narsadan o‘tdingmi, endi ikkinchi bosqich uch qismga bo‘linadi. Birinchisi, ma’naviy kompas, qadriyatlar yaratib olish kerak bo‘ladi. Chunki ertaga biror qiyinchilikka duch kelinsa, qanchalik to‘g‘ri qadriyatlarga solishtiriladi. Ikkinchidan, o‘zini qornini to‘ydirish uchun qanaqadir ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak. Uchinchisi, pul bilimini o‘rganing. Keyin esa odam o‘ziga o‘zi investitsiya qilishi kerak. Undan keyin esa oilaga yordam berishi kerak.

Undan keyingi bosqich esa jamiyatga yordam berish. Undan keyingisi esa insoniyatga yordam berishdir. Birdaniga 1-bosqichdan 4-bosqichga sakrasa oilasi zarar ko‘radi. Bundaylar xalq ichida yuradi, xalqqa foydasi tegadi, lekin farzandlarini ko‘rmaydi, ayoli undan 100 foizga rozi emas. O‘shanga chiqolsagina odam o‘zini baxtiyor his qila oladi.

— Yoshlar nima qilsa o‘zida intizom joriy qila oladi?

Intizomni rivojlantirish talabi qiyinchilik deb hisoblayman. Odam qiyinchiliklardan o‘tsa, o‘ziga bo‘lgan ishonchi oshadi. Qiyinchilik qanday bo‘lsin, ruhiymi, jismoniymi shundan o‘tishga tayyor bo‘lganda, odam rivojlanadi. Jismoniy qiyinchilikdan o‘tish ruhiy qiyinchilikdan o‘tishdan oson. Masalan, ko‘chaga chiqib 5 kilometr yugurib kel. Oldinga maqsad qo‘y o‘sha 5 kilometrni yuguraman va umuman to‘xtamayman. Ana shunaqa kichkina narsalar bilan intizom rivojlanadi.

— Kelajak rejalaringiz qanday?

Men faol ravishda, qiyinchilik yo‘lida qabul qilgan maqsadim 5 yildan keyin nafaqaga chiqish. 5 yildan keyin ishlamaslik emas, oylik uchun ishlashga majbur bo‘lmasdan, moliyaviy erkinlikka erishish kerak. Shunaqa erkinlik bo‘lsin, dunyoning xohlagan joyida erkin ishlash imkoniyati bo‘lsin. Nega buni xohlayman, orqasida bir tarix bor. Hindistonda ishlaganimda tekinga bemorlarni o‘zimiz bilan olib kelib, operatsiya qilib, yana qaytarib olib borib qo‘yar edik. Shunday kunlarning birida bir kishini operatsiya qildim. Ko‘zi ochildi, bir necha yildan beri ko‘rmayotgan ekan, shu darajada yig‘layapti. O‘z minnatdorchiligini bildirmoqchi, ammo beradigan narsasi yo‘q. O‘shanda “Bek bekorga dunyoga kelmagan ekansan” degan hissiyot bo‘ldi. O‘sha hissiyotga hali qayta erisha olganim yo‘q. Yevropada bemorlarni davolaysiz, siz qilmasangiz boshqasi qiladi. Shuning uchun o‘sha voqea ortidan quvlab, o‘sha hissiyotga erishmoqchiman. Inson pul uchun harakat qilmasa, imkoniyatlari judayam keng ochiladi. Keyingi 5 yillikda maqsadlarim shu. Bunga qanday erishaman hali bilmayman, lekin maqsadlarim shu.

Mavzuga oid