Fan-texnika | 08:33 / 13.02.2022
143466
6 daqiqa o‘qiladi

«Josus» ijtimoiy tarmoqlar va eng kuchli smartfonlar reytingi – hafta texnologik dayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi eng qiziqarli texnologiya va ilm-fanga oid xabarlarni jamladi.

Foto: KUN.UZ

«Josus» ijtimoiy tarmoqlar

YouTube va TikTok foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini boshqa ijtimoiy tarmoqlarga qaraganda ko‘proq to‘playdi, deb xabar bermoqda CNBC nashri URL Genius marketing kompaniyasi tadqiqotlariga tayangan holda.

Tadqiqot Apple gadjetlarida mavjud bo‘lgan App Activity Recording funksiyasidan foydalangan holda, 10 xil ijtimoiy media ilovalari: YouTube, TikTok, Twitter, Telegram, LinkedIn, Instagram, Facebook, Snapchat, Messenger va WhatsApp’da o‘tkazilgan.

Tahlilchilar eng shubhali ilovalar sifatida YouTube va TikTok’ni qayd etgan. Ushbu platformalar bir yoqishda 14 tadan tashqi ulanishni amalga oshirgan. Bu ko‘rib chiqilgan boshqa ilovalarga nisbatan ikki baravar ko‘p. Facebook, WhatsApp, Snapchat va Messenger bu jihatdan eng past ko‘rsatkich (bittadan tashqi ulanish)ni namoyon etgan.

Qayd etilishicha, YouTube foydalanuvchilarning ma’lumotlarini asosan o‘z manfaatlari yo‘lida: foydalanuvchiga aloqador reklamalarni namoyish etish uchun ularning joylashgan joyi, onlayn qidiruv tarixi va boshqa harakatlarini kuzatib boradi.

Xitoyning ByteDance texnologiya gigantiga tegishli bo‘lgan TikTok esa tashqi manbalarga foydalanuvchilarning ma’lumotlarini to‘plash imkoniyatini beradi, bundan qanday maqsad ko‘zlangani esa noma’lum. 

Yangi Galaxy Tab S8 planshetlari

Samsung kompaniyasi o‘zining yangi Galaxy Tab S8 planshetlari turkumini taqdim etdi.

Undan uchta —Galaxy Tab S8, Galaxy Tab S8+ va Galaxy Tab S8 Ultra modellari joy olgan.

Planshetlarga Snapdragon 8 Gen 1 protsessorlari o‘rnatilgan bo‘lib, tezkor xotirasi 8, 12 yoki 16 Gb, doimiy xotirasi 128, 256 yoki 512 Gbni tashkil etadi. Barcha planshetlarning old kamerasi 12 Mp, asosiy kamerasi esa 13 va 6 Mpga teng.

Galaxy Tab S8 11 dyuymli LTPS-displeyga, qolgan ikki qurilma esa 12,4 va 14,6 dyuymli Super AMOLED ekranga ega. Planshetlar 45 Vtli quvvatlagich bilan jihozlangan, akkumulyatorlari sig‘imi modeliga qarab 8000 mA•s, 10 090 mA•s va 11 200 mA•sga teng.

Yangi planshetlar sotuvi mart oyida boshlanadi.

Yanvar oyining eng kuchli smartfonlari

AnTuTu portali joriy yilning yanvar oyidagi eng kuchli smartfonlar reytingini e’lon qildi.

Ro‘yxatning birinchi va ikkinchi pog‘onalarini iQOO 9 Pro va iQOO 9 smartfonlari band etgan.

Shuningdek, kuchli beshtalikka Realme GT2 Pro, OnePlus 10 Pro hamda Xiaomi 12 Pro modellari kiritilgan.

Mazkur smartfonlarning barchasi Snapdragon Gen 1 protsessori bilan jihozlangan.

TAG Heuer’ning yangi avlod «aqlli» soatlari

Shveytsariyaning TAG Heuer soat brendi «aqlli» soatlarning yangi avlodi – Connected Calibre E4 modelini taqdim qildi.

Yangi soatlarning diametri 42 va 45 millimetrni tashkil etadi va ekrani yoqut kristalli bilan himoyalangan.

Shuningdek, Snapdragon 4100 Plus protsessori, Bluetooth 5.0’ni qo‘llab-quvvatlash va kun davomida qayta zaryadlanmasdan ishlashni ta’minlaydigan kengaytirilgan batareya tizimi qo‘shilgan. Soat yangi magnit dok-stansiya bilan quvvatlanadi.

Yangi TAG Heuer soatlari 2022 yil mart oyida sotuvga chiqariladi. Diametri 42 mm bo‘lgan soat narxi 1,8 ming dollardan, 45 mm model narxi esa 2 ming dollardan boshlanadi.

General Motors Spark, AvtoVAZ esa Lada Granta ishlab chiqarishni to‘xtatmoqchi

General Motors (AQSh) avtokonserni 2022 yilning avgustidan boshlab Spark avtomobili ishlab chiqarilishini to‘xtatadi. Bu 2021 yilda ushbu modelning sotuvi keskin pasayib ketgani bilan izohlangan.

Hozirda kompaniya uchta rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarmoqda: Camaro, Corvette va Malibu.

«O‘zavtosanoat» axborot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda Spark ishlab chiqarish to‘xtatilishi reja qilinmagan.

Shuningdek, AvtoVAZ ham Lada Granta avtomobillari o‘rniga 2023 yildan boshlab B-klassidagi yangi modellar turkumi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.

Samolyot mehmonxona

Fransiyada utilizatsiyaga jo‘natilishi lozim bo‘lgan Airbus A380 samolyoti mehmonxonaga aylantiriladi, deb xabar berdi Aerotime Hub.

Havo kemasi 31ta - standart ikki o‘rinli, uch yoki to‘rt kishilik yarim lyuks va ikkita lyuks nomerdan iborat bo‘ladi.

Mehmonxona majmuasi tarkibiga shuningdek, 60 o‘rinli restoran ham kiradi. 

Airbus A380 —Airbus S.A.S kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dunyodagi eng ulkan avialayner hisoblanadi. Uning balandligi 24, uzunligi 73 metr. Samolyotning uchta klassdagi modeliga 525 nafar, bir klassdagi modeliga 853 nafar yo‘lovchi sig‘adi.

Maskning sayyoralararo kosmik kemasi

SpaceX kompaniyasi asoschisi Ilon Mask Starship kosmik kemasining yangilangan versiyasi taqdimotini o‘tkazdi.

Starship tizimi kosmik kema va Super Heavy tashuvchi-raketasidan iborat. Hozirda kompaniya tizimni ko‘p marta foydalaniladigan qilish hamda Oy va Marsga parvozlarni amalga oshirish ustida ish olib bormoqda. 

Kema kosmosga chiqqanidan so‘ng, tashuvchi-raketa ajraladi va parvoz minorasiga qaytadi. Kelgusida tizimdan har 6-8 soatda foydalanish mumkin bo‘ladi. 

Maskning ta’kidlashicha, Super Heavy tashuvchi-raketasi kosmosga uchirilgan eng yirik Saturn V raketasidan ham kuchliroq. Hozirda raketa 29ta dvigatelga ega, kelajakda dvigatellar soni 33ta bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid