Jahon | 15:23 / 13.02.2022
10361
4 daqiqa o‘qiladi

Yanvarda namoyishlardagi ishtiroki uchun qo‘lga olingan afg‘on ayoli qo‘yib yuborildi

Foto: EPA

Afg‘onistonda yanvar oyida qurolli shaxslar tomonidan qo‘lga olingan huquq faoli Tamanno Zaryabi Pariyaniy ozodlikka chiqqan. Bu ma’lumotni BBC’ning ikki manbasi tasdiqlagan.

Faolning sog‘ligi borasida ma’lumot yo‘q.

Yanvar oyi o‘rtalarida Tamanno va yana bir necha o‘n ayol norozilik aksiyasi uyushtirishgan, ular ishlash va ta’lim olish huquqi qaytarilishini talab etishgandi. «Tolibon» jangarilari ularga ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan, ayrim ishtirokchilarning guvohlik berishicha, elektroshokerlardan foydalanilgan.

Namoyishlardan keyin ayollar uylariga qaytishgan. Ayrimlar yo‘l bo‘ylab o‘zlarini ta’qib qilishganidan xavotir bildirishgan.

19 yanvar kuni kechqurun Kobulda Tamanno Pariyaniy yashaydigan kvartira joylashgan uyga qurolli odamlar bostirib kirgan. Ayol uyda o‘z singillari bilan bo‘lgan. Bosqinchilar eshikni tepa boshlagan.

«Iltimos, yordam bering, uyimga toliblar kelishdi, uyda faqat singillarim bor», deya o‘tinadi Tamana ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan videosida. U eshik ortida turganlardan ertaga kelishni so‘raydi: «Siz bu yerga kirmasligingiz kerak! Ertaga keling, o‘shanda gaplashamiz. Kech bo‘ldi, bunday vaqtda qizlar bilan gaplashishingiz mumkin emas!»

«Yordam bering, menikiga «Talibon»! - keldi deya baqiradi u ikkinchi videoyozuvda.

Faolning qo‘shnilari BBC korrespondenti Kventin Sommervillga Pariyaniy va ikki singlisini qayergadir olib ketishgani va shundan keyin ularni hech kim ko‘rmagani haqida aytishgan. Guvohlar faqat ularni «qurolli odamlar» olib ketgani haqida ma’lumot berishgan.

Tamana Pariyaniy olib ketilgan kuni faqat unikiga kelishmagan. Yana bir huquq faoli bo‘lgan ayol - Parvona Ibrohimgel ham yo‘qolib qolgan.

Ammo toliblar ularni harakat vakillari olib ketishganini inkor etgan.

BBC uchun intervyuda «Tolibon» vakili, harakatning BMTdagi elchisi bo‘lishga umid qilayotgan Suhay Shahin shunday degan: «Agar toliblar uni hibsga olishganida, bu hibs haqida rasman ma’lum qilingan bo‘lardi. Agar bunday ayblovlar qo‘yilsa, toliblar sudga boradi va o‘z nomini himoya qiladi. Bu qonuniy harakat, ammo agar ayollar hibsga olinmagan bo‘lsa, ular shunday soxta sahna ko‘rinishlari va filmlar orqali xorijdan boshpana olishga harakat qilayotgan bo‘ladi».

Toliblar hokimiyatga kelgach, Afg‘oniston ayollar ta’lim olishi rasman cheklangan dunyodagi yagona mamlakatga aylandi. Bu esa xalqaro darajada tan olinish va sanksiyalar bekor bo‘lishi uchun asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib turibdi. Shu tufayli doimiy ravishda ayollar namoyishlari o‘tkazilmoqda va ular o‘z huquqlari ta’minlanishini talab etishmoqda, bu esa toliblar uchun jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.

Mavzuga oid