Abdulla Qodiriy bog‘ida daraxtlar noqonuniy ko‘chirilgani ma’lum bo‘ldi
Kun.uz 14 fevral kuni Toshkentdagi Abdulla Qodiriy bog‘ida 64 ta daraxt ko‘chirilgani haqida xabar bergan edi. Shahar ekologiya boshqarmasi bu daraxtlar noqonuniy ravishda ko‘chirib o‘tkazilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Olmazor tumanidagi Abdulla Qodiriy bog‘i yanvar oyida davlat inspektorlari tomonidan o‘rganilgan.
“O‘rganish jarayonida bog‘ hududida qurilish ishlari olib borilishi uchun ajratilgan yer maydonidagi daraxtlar tadbirkor tomonidan kerakli hujjatlar rasmiylashtirmasdan noqonuniy ravishda boshqa joyga ko‘chirilganligi aniqlandi”, – deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan inspektorlar joyida bayonnoma rasmiylashtirib, tadbirkorga Ma’muriy kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan 1 350 000 so‘m jarima hamda o‘simlik dunyosiga 7 614 000 so‘m yetkazilgan zarar miqdori belgilanib, chora ko‘rilgan.
Eslatib o‘tamiz, Abdulla Qodiriy bog‘i hududining bir qismi hukumatning yopiq qaror(lar)i bilan investorlarga sotib yuborilgan. Ular ayni paytda bog‘da qurilish ishlarini olib bormoqda.
Qurilish korxonasi vakili Kun.uz bilan suhbatda daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha tegishli xususiy tashkilot bilan shartnoma qilingani, shartnomaga asosan u tashkilot ko‘chirib o‘tkazilgan daraxtlar 2 yil davomida qurib qolmasligiga kafolat bergani, daraxtlar shu bog‘ hududiga qayta ekilganini aytgandi.
Ekoboshqarma munosabatida, shuningdek, Kun.uz maqolasida tilga olingan G‘afur G‘ulom bog‘ining TTZ mavzesidagi filiali ta’mirlanayotgani aytilgan. Ekologiya qo‘mitasi 2021 yilda bu bog‘ hududida ekologik aksiya o‘tkazgani qo‘shimcha qilingan.
“Bog‘ hududidagi mavjud barcha daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan bo‘lib, xavotirga o‘rin yo‘qligini, ushbu hudud ekologlarning qat’iy nazorati ostiga olinganligini ma’lum qilamiz”, – demoqda Toshkentning ekologiya posbonlari.
Ta’kidlash kerak, Kun.uz o‘z maqolasida bir necha yil oldin obod bo‘lgan bog‘ hozir abgor holatga keltirib qo‘yilgani, bog‘ning kelajagi noma’lum bo‘lib turganini yozgan edi. Toshkent shahar hokimligi Kun.uz'ning bu boradagi murojaatiga javob bermadi.
Mavzuga oid
16:35 / 23.12.2024
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024