Dubayda haydovchilik guvohnomangiz bo‘lmasa, hech kim sizga mashina sotmaydi – Zafar Hoshimov
Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov o‘zining Facebook sahifasida Birlashgan Arab Amirliklarida haydovchilik guvohnomasi olish tartibi haqida post joyladi.
“Ancha yillar, taxminan 10 yilcha oldin, bolalarim Dubaydagi Amerika maktabida o‘qiyotganlarida, men u yerdan mashina sotib olishga qaror qildim. Ammo Dubayda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmasa, hech kim sizga mashina ham sotmaydi, ro‘yxatdan ham o‘tkazib bermaydi.
Qolaversa, o‘zbek yoki boshqa xorij davlatlarining «prava»lari ham mashina sotib olish uchun o‘tmaydi. Aynan Dubayning haydovchilik guvohnomasini olish kerak edi”, deb yozadi u.
Hoshimovning so‘zlariga ko‘ra, Dubay haydovchilik guvohnomasini o‘quv kursisiz olish mumkin emas.
“Kamida 40 soat nazariy dars va 40 soat mashina haydash. O‘qish narxlari arzon emas. Birorta darsni o‘tkazib yuborishning ham imkoniyati yo‘q. Qo‘shimchasiga, bir kunda 4 soatdan ortiq nazariy va shuncha vaqt davomida haydash mashqlarida qatnashishingiz mumkin emas.
U yerda haydovchilikka qayta o‘qish uchun ishdan ta’til olishimga to‘g‘ri keldi. Shunday qilib, qariyb 3 haftalik intensiv o‘qishdan so‘ng imtihon topshirish vaqti keldi.
Imtihon ikki qismdan iborat edi: nazariya (vaziyatlarga qarab muqobil javoblari bor kompyuter testi) va mashinani boshqarish (figuralar, parkovka va shahar bo‘ylab harakatlanish)”, deydi u.
Uning ma’lumot berishicha, Dubayda imtihonlar juda qat’iy nazoratda o‘tkaziladi.
«Mendan oldin topshirgan bir talaba mashina oynalarini sozlamasdan, xavfsizlik kamarini taqmasdan turib mashinani o‘t oldirgani uchun imtihondan o‘ta olmadi.
O‘sha paytgacha menda deyarli 25 yillik mashina haydash tajribasi borligiga qaramay, birinchi urinishdayoq imtihondan o‘tishim uchun jiddiy harakat qilishimga to‘g‘ri kelgandi.
Dubayda birinchi urinishda imtihon topshirganlarning ko‘pi bilan uchdan biri haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi mumkin. Imtihondan o‘ta olmaganlar yana qayta to‘lovni amalga oshirishlari va o‘quv kursini qayta o‘qishlari kerak bo‘ladi.
Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lib, shaxsiy mashinamni sotib olib, Dubay magistrallari va ko‘chalarining qiyin va gavjum chorrahalaridan o‘ta boshlaganimda, imtihonlarga nima uchun bunchalik jiddiy yondashish kerakligini tushungandim.
Barchaga xavfsiz sayohatlar tilayman”, deb fikrini yakunlaydi Zafar Hoshimov.
Eslatib o‘tamiz, 26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati qoidalari buzilishi va avariya holatlari keskin oshayotganiga e’tibor qaratdi.
Prezident haydovchilik guvohnomasi olishda poraxo‘rlik odatiy holga aylanganini tanqid qildi.
“Shu o‘rinda, bir muhim masalaga barchaning e’tiborini qaratmoqchiman. Haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qoldi. Mana biz o‘qiganmiz, uch yil o‘qitardi. Hozir 3 oy o‘qiyapti, yana bormasdan guvohnoma olyapti. Nima, O‘zbekistonda qonun yo‘qmi? Shuning uchun, avariyalar soni soat sayin oshib bormoqda. Agar biz o‘zimiz tan olmasak, chora ko‘rmasak, davom etaveradi.
Bu muammoni bartaraf qilish uchun, Davletov, Bobojonov, Yo‘ldoshev, avvalo o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, ikkinchidan, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish “jinoyati”ga qarshi jazoni kuchaytirish bo‘yicha bir oy muddatda qonunchilikka qo‘shimcha kiritish yuzasidan taklif kiritsin”, deya qat’iy talab qo‘ydi davlat rahbari.
3 fevral kuni haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish bo‘yicha Toshkent imtihon markazi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yangihayot tumanida joylashgan mazkur imtihon markazi – haydovchilik guvohnomasini olish bo‘yicha imtihon o‘tkaziladigan O‘zbekistondagi ilk avtomatlashtirilgan kompleks hisoblanadi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi markazlarda imtihonlar to‘liq inson omilidan xoli tarzda, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali qabul qilinadi. Bu esa haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishi jarayonidagi korrupsion holatlarga chek qo‘yadi.
Mavzuga oid
20:49 / 21.12.2024
“Tannarxni tushirish – kengayish, hajmni oshirish bilan bo‘ladi” - Zafar Hoshimov
21:59 / 31.10.2024
Toshkentda «prava» olish uchun imtihon narxi oshgani rad etildi
09:57 / 18.08.2024
Xorazm va Jizzaxda pul evaziga haydovchilik guvohnomasini olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
11:40 / 02.07.2024