O‘zbekiston | 20:03 / 16.02.2022
25049
2 daqiqa o‘qiladi

Orol dengizining qurigan tubiga samolyotdan sepilgan saksovul urug‘lari ko‘kardimi?

Orol dengizining qurigan tubiga havodan sepilgan urug‘lar unib chiqdi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot kotibi Aybek Abdiraxmonov o‘zining Facebook sahifasida xabar berdi.

Bir necha yil oldin cho‘lga chidamli o‘simlik urug‘lari samolyotdan sepilgan edi. Ko‘pchilik saksovul urug‘ining unib chiqishiga ishonmagan.

Aybek Abdiraxmonovning aytishicha, hozir Orolqumda o‘sib chiqqan o‘simliklarning bo‘yi 10-15 sm atrofida. Dengizning qurigan tubiga saksovul ekish ishlari hozir ham davom etmoqda.

Ma’lumot uchun, Orol dengizining suvi qurigan tubida «yashil qoplamalar» barpo etish 2018-2019-yillarda boshlangandi. Orolqum qariyb 60 000 kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Uning deyarli yarmi O‘zbekistondagi 1,8 million aholi istiqomat qiladigan Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan.

Bundan oldin Jahon banki tomonidan har yili bo‘ronlar Orol dengizining qurigan tubidan 75 million tonnagacha qumni Markaziy Osiyo kengliklariga olib o‘tishi aytilgandi.

Mavzuga oid