«Jamiyatning doimiy taraqqiyoti alohida shaxsga emas, tizim ishlashiga bog‘liq» - Sodiq Safoyev
Zamonaviylashgan jamiyatning doimiy taraqqiyotini alohida shaxslar emas, ichki tizim qanday ishlashi ta’minlaydi. Bu haqda Xalqaro munozara klubining «Demokratlashtirish, faol fuqarolik jamiyati va inson huquqlari ustuvorligi» mavzusiga bag‘ishlangan seminarda Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev gapirgan.
«Zamonaviylashgan jamiyat doimiy taraqqiyotni ta’minlovchi ichki mexanizmlarga ega. Bu alohida shaxsga emas, tizim ishlashiga bog‘liq. Mexanizmlarning eng muhimlaridan biri — hokimiyatning uchta tarmog‘i ichidagi bir-birini tiyib turish tizimi, davlat boshqaruvi tizimini markazlashtirish, xususiy mulk daxlsizligini, rivojlangan fuqarolik jamiyatini va qonun ustuvorligini talab etadi. Bugun O‘zbekiston chuqurroq, murakkabroq, fundamental o‘zgarishlar bo‘sag‘asida turibdi», - deya Safoyevning so‘zlarini keltirmoqda Yuksalish harakati matbuot xizmati.
Tadbirning yana bir qatnashchisi qozog‘istonlik siyosatshunos Dosim Satpayev esa ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarni bir qancha sabablarga ko‘ra, ijobiy tendensiya deb atagan.
«Ijtimoiy tarmoqlar jamoatchilikning u yoki bu hodisalarni qizg‘in muhokama qilish nuqtai nazardan «domino effekti»ni yaratadi. Fuqarolarning bunday faolligi bir necha sabablarga ko‘ra ijobiy tendensiya hisoblanadi.
Birinchidan, siyosiy madaniyat darajasi ko‘tariladi, chunki muayyan muammoni hal qilishda ishtirok etish kuzatiladi.
Ikkinchidan, ko‘pchilik jamiyatdagi muammolar haqida tashvishlana boshlaydi.
Uchinchidan, volontyorlar harakati ko‘z o‘ngimizda rivojlanadi, bu esa istiqboldagi fuqarolik jamiyatining asoslaridan biridir. Zero, qonun doirasidagi har qanday fuqarolik faoliyati ichkaridan bo‘ladigan ijtimoiy tajovuzlardan yaxshiroqdir», - degan siyosatshunos.
Ma’lum qilinishicha, Markaziy Osiyo davlatlarining «aql markazlari» va fuqarolik jamiyati institutlaring vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbir «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Konrad Adenauer nomidagi fondning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi ko‘magida o‘tkazilgan.
Mavzuga oid
16:39 / 02.12.2024
“Tashqi siyosat konsepsiyasi yopiq bo‘lishi mumkin emas” - Sodiq Safoyev
13:50 / 02.12.2024
Dunyoda shunday qishloq bor: unga erkaklar kirishi taqiqlangan
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
15:20 / 26.10.2024