Sport | 14:44 / 18.02.2022
25710
11 daqiqa o‘qiladi

«Bugun yutamizmi emas, nechta gol uramiz deb maydonga tushardik». «Neftchi» sobiq yetakchilari bilan ochiq suhbat

Yuriy Sarkisyan Farg‘onadagi 26 yillik faoliyati davomida «Neftchi» jamoasini O‘zbekistonning yetakchi klubiga aylantirgan edi. Vodiy klubi nafaqat Oliy ligada, Hamdo‘stlik kubogi va Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtiroki bilan ham MDH va Osiyoda nom qozona olgandi. Tribuna.uz Sarkisyan murabbiyligidagi «Neftchi» safida javlon urib, klub yetakchilari darajasiga chiqa olgan Anvar Berdiyev, Nosir Otaqo‘ziyev va Mansur Saidov bilan uchrashib, intervyu oldi. Suhbat davomida jamoaning sobiq o‘yinchilari 90-yillar oxiri va 2000-yillar boshidagi voqealarni eslab o‘tishdi.

O‘sha nomdor tarkibdagi «Neftchi»dan Nosir Otaqo‘ziyev hozirda Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti sifatida ishlayotgan bo‘lsa, Anvar Berdiyev «Turon» klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat boshlagan. 38 yoshli yarimhimoyachi Mansur Saidov esa jonajon klubini tark etgan bo‘lsa-da, futbolchilik faoliyatini rasman yakunlagani yo‘q.

«Familiyalarni eshitsam, boshqacha bo‘lib ketardim». Eng kuchli «Neftchi» haqida

Anvar Berdiyev: «Neftchi»da eng kuchli jamoa sifatida bizdan oldin o‘ynagan tarkibni ayta olaman. 90-yillar boshidagi tarkib hujumida Rustam Do‘rmonov, Ravshan Bozorov, keyinchalik Shuhrat Maqsudov harakat qilgandi. Samarqand futbol maktabida o‘qib yurgan kezlarimda bu familiyalarni eshitsam, boshqacha bo‘lib ketardim.

1995 yilda «Mash’al» ketma-ket Oliy liga va O‘zbekiston kubogida «Neftchi» bilan o‘ynashiga to‘g‘ri kelib qoladi. Birinchi o‘yindan keyin Stepan Atoyan oldimga kelib, Yuriy Sarkisyan menga qiziqish bildirayotganini aytdi. O‘sha vaqtda «Neftchi» O‘zbekistonning eng dongdor jamoasi edi va bu men uchun alohida voqea bo‘lgan».

Foto: HasanPirmuhamedov

Nosir Otaqo‘ziyev: «O‘zimdan oldingi tarkibni «Neftchi»ning eng kuchli jamoasi, deb bilaman. Lekin men faxrlanadigan narsa shuki, o‘sha jamoada Sergey Lebedev kabi katta futbolchilar bilan o‘ynashga muvaffaq bo‘lganman. 2003 yilda «Tsementchi Quvasoy» klubidan Farg‘onaga o‘rinbosarlar vakili sifatida kelganman. Ular biz uchun haqiqiy afsonalar bo‘lgandi, ular bilan bitta mashg‘ulot bazasida yashaganimizdan, bitta oshxonada ovqatlanganimizdan faxrlanardik».

Mansur Saidov: «Neftchi»ning eng kuchli tarkibi sifatida o‘tgan asrning 90-yillaridagi tarkibni aytgan bo‘lardim. Oxirgi marta biz 2001 yilda chempion bo‘lgandik. Lekin bilamanki, ular haqiqiy «oltin avlod» edi va bizdan kuchli bo‘lishgan».

«Vazgenovich o‘yinga ikki kun qolganida futbolchilarni bazaga qamardi» - Sarkisyan faktori

Anvar Berdiyev: «Ochig‘i, o‘sha vaqtdagi ba’zi o‘yinlarga ruhiy tayyorlanish vaqtida bugun yutamizmi, yoki yutqazamizmi deb emas, nechta gol urar ekanmiz, deb maydonga tushar edik. Bilasizmi, agar tayyorgarligingiz zo‘r bo‘lsa, hakam ham, muxlislar ham sizning g‘alabangizga to‘siq bo‘la olmaydi. Ha, bir-ikki marotaba omad kelmay qolishi mumkin, lekin baribir kuchli jamoa yutib ketaveradi. Misol uchun, biz butun mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan vaqtlarimiz ham bo‘lgan».

Foto: Tribuna.uz

Nosir Otaqo‘ziyev: «Yuriy Vazgenovich uchrashuvga ikki kun qolganida futbolchilarni bazaga qamardi. Bu uning uslubi, ba’zilar bir kun avval futbolchilarini klub bazasiga to‘playdi. O‘sha ikki kun davomida ham murabbiy bizga ortiqcha bosim bermasdi. O‘yindan bir kun oldingi ko‘rik mashg‘ulotida ham yigitlar bir-biri bilan hazillashib, kulishib yurardi. Ustunligimizning asosiy sababi – hamjihatligimiz bo‘lgan. Shuningdek, bizda Sarkisyanning qo‘llab-quvvatlashi bor edi. Biz yoshlarni ham hech kimdan qo‘rqmaslikka o‘rgatgandi. U tashqaridan turib, gap-so‘zlari bilan bizni jonlantira olardi. Raqib yoki hakamni so‘ksa ham, biz uyg‘onishimiz kerakligini bilib olardik».

Mansur Saidov: «Yuriy Vazgenovich doim futbolchilar bilan ishlardi. U oddiy gaplar bilan bizga motivatsiya bera olardi, farg‘onaliklar bizning g‘alabamizdan hafta davomida xursand bo‘lib yurishi kerak, bizning yutug‘imiz insonlarning uyiga xursandchilik olib kirishi kerakligi haqida gapirardi. Bizga mana shu oddiy gaplar yetardi, hech qanday mukofot pullari va’da qilinmasdi».

«Muxlislar mashinalari oynasi sindirilar, futbolchilar ayamay tepganidan, oyoqlarimiz ko‘karib ketardi» - Prinsipial raqiblar haqida

Anvar Berdiyev: «Biz o‘ynagan davrda eng prinsipial raqib «Paxtakor» bo‘lgan. Ha, «Navbahor»ga qarshi o‘yinlar ancha shiddatli o‘tardi. Lekin baribir «Paxtakor» nisbatan kuchliroq jamoa edi. Ayniqsa, 2000 yillardan keyingi davrda toshkentliklar ancha kuchli edi.

2007 yilda OChLda «As-Sadd»ni yutib, keyingi uchrashuvda «Navbahor» bilan o‘yin uchun Namanganga borganmiz. O‘sha o‘yin hech qachon esimdan chiqmaydi. Sababi, faoliyatimda birgina o‘sha uchrashuvda 50 ming muxlis qarshisida futbol o‘ynaganman. Albatta, to‘polonlar ham bo‘lardi, ba’zi vaqtlarda muxlislar mashinalar oynalarini sindirib ketishardi».

Nosir Otaqo‘ziyev: «Har bir raqibga birdek tayyorgarlik ko‘rardik. Lekin «Paxtakor», «Navbahor», «Nasaf» va «Bunyodkor»ga qarshi bellashuvlar uchun bizni ortiqcha ruhlantirish shart emasdi. Bu o‘yinlarning ahamiyatini shundoq ham tushunib turardik.

Foto: Tribuna.uz

Lekin shaxsan men uchun eng qiyin raqib «Mash’al» bo‘lgan. Muborak klubining katta himoyachilari Dilyaver Vaniyev, Xayrulla Karimov ayamasdan tepishardi. O‘yindan keyin ular tepgan joylar ko‘karib ketardi. Lekin ko‘plab o‘zbek futboli afsonalari bilan birga, ularga qarshi o‘ynashga erishganim men uchun faxrli xotira.

Yuriy Vazgenovich yoshlarga qo‘rqmay ishonch bildirardi. O‘yin vaqtida ko‘p so‘kardi, lekin biz bu gaplarni ko‘rsatmadek qabul qilardik. U o‘yinlardan so‘ng, bizdan uzr so‘rab chiqardi».

Mansur Saidov: «Navbahor» — asosiy raqibimiz edi. Qolgan o‘yinlarda ham raqiblar bizga qarshi yaxshi tayyorlanishardi. Lekin «Navbahor»ga qarshi o‘yinlarda muxlislar yuzaga keltirgan atmosfera juda boshqacha bo‘lardi. Murabbiy bizga maydonda nima qilib bo‘lsa ham, kurashish, g‘alaba qozonish kerakligini aytardi. Raqiblarimiz nima yeb chiqasizlar, deb so‘rar edi. Biz ham ular kabi oddiy ovqat yeymiz, derdik.

Foto: Tribuna.uz

«Euronews» kun bo‘yi golimni namoyish etgandi, to‘yim kuni maydonga tushgandim». Faoliyatidagi eng muhim o‘yin haqida

Nosir Otaqo‘ziyev: «Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirok etayotgan paytimizda Qatarning «As-Sadd» klubiga qarshi o‘ynaganmiz va 2:1 hisobida g‘alaba qozonganmiz. Birinchi golni Anvar aka (Berdiyev) urgandi. Ikkinchi taymda zaxiradan maydonga tushgandim va hisob teng bo‘lib turgan paytda g‘alaba golini urib ketgandim. Mana shu men uchun faoliyatimdagi eng muhim o‘yin, deb o‘ylayman. O‘sha o‘yinning ertasiga «Euronews» kanalidan kun bo‘yi mening golimni qayta-qayta namoyish etishgandi. Stadion to‘la odam, hatto chinorlar ustida bo‘lsa ham futbolni ko‘rishgandi. O‘sha paytda yosh edik, xursandligimdan osmonda yurardim.

Anvar Berdiyev: «Chempionlar Ligasida «As-Sadd» va «Al-Karama»ga qarshi o‘yinlar esda qolarli bo‘lgan. Ayniqsa qatarliklar bilan Farg‘onada o‘tkazgan o‘yinimiz yodimda qolgan. O‘yin soat 4da boshlanardi, o‘sha kuni chamasi 12lar atrofida yaqin do‘stim stadionga kira olmayotgani, joy qolmagani haqida aytgandi. O‘sha davrlarni eslab, demak shuncha muxlislarga va ularning oilasiga quvonch bag‘ishlagan ekanmiz, deyman.

Foto: Tribuna.uz

Mansur Saidov: «2006 yilda «Nasaf» bilan mehmondagi uchrashuvda 2:1 hisobida yutib, 2-o‘rin masalasini hal qilgandik. O‘zim 2ta gol urishga erishgandim. Yana bir esimdan chiqmaydigan uchrashuv o‘sha mavsumda «So‘g‘diyona» bilan Farg‘onada o‘tkazgan o‘yinimiz bo‘lgan. O‘sha kuni to‘yim bo‘layotgandi, Yuriy Vazgenovich bir taym o‘ynaysan dedi. O‘yindan avval murabbiy o‘z mashinasi va haydovchisini bergandi, kelinni uyidan olib, to‘yga olib borib qo‘ygandik. Keyin o‘yinni o‘tkazish uchun stadionga kelganman. Birinchi taymdan keyin ham zaxiraga olmagan. Ikkinchi taymda esa jarohat orttirib olgandim. Jarohatdan so‘ng, to‘yga ketishimga ruxsat bergandi, deya eslaydi Mansur Saidov.

Intervyudagi to‘liq savol-javoblar va qiziqarli voqealarni Tribuna.uz saytining YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi - Azimjon Vohidov.

Mavzuga oid