O‘zbekiston | 19:04 / 21.02.2022
16555
3 daqiqa o‘qiladi

Firdavs Abduxoliqov 8,1 mln so‘m jarimaga tortildi

Kinematografiya agentligi bosh direktori o‘z oila a’zolariga tegishli telekanalga 1,8 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasini bergan edi. U mazkur holatda manfaatlar to‘qnashuvi borligi haqida xabar bermagani uchun jarimaga tortildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining bugun, 21 fevral kuni qabul qilgan qarori bilan, Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov MJtKning 175–8-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi.

Unga 30 BHM (8,1 mln so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

MJtKning 175–8-moddasining 4-qismi – davlat xaridlari jarayonidagi affillanganlik va manfaatlar to‘qnashuvi haqida qonunchilikda belgilangan tartibda xabar bermaslikni nazarda tutadi.

Mazkur huquqbuzarlik uchun kodeksda mansabdorlarga 20 BHMdan 30 BHMgacha (5,4 – 8,1 mln so‘m) jarima jazosi ko‘zda tutilgan.

Firdavs Abduxoliqov Kinematografiya agentligi bosh direktori bo‘la turib, mazkur agentlik tomonidan o‘z oila a’zolariga tegishli “Sevimli” telekanaliga “Tuzoq” serialini suratga olish uchun 1,8 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasi berilishiga yo‘l qo‘ygan.

Holat haqida Kun.uz 20 yanvarda xabar bergan edi, natijada 21 yanvar kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tekshiruv boshlab, 24 yanvarda korrupsion holat ro‘y berganini tasdiqladi va ishni Bosh prokuraturaga yubordi. Bosh prokuratura amaldorga nisbatan yuqoridagi modda bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atib, 25 yanvar kuni ishni sudga oshirdi. Ilk sud majlisi 27 yanvarda bo‘lib o‘tgandi.

Mazkur keys O‘zbekistonda yuqori lavozimli davlat amaldorining manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygani uchun javobgarlikka tortilishi bilan bog‘liq birinchi shov-shuvli holat bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu mojaro ortidan Abduxoliqov qariyb 18 yildan buyon rahbarlik qilib kelgan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi lavozimidan ketdi.

2021 yil 7 iyulda qabul qilingan prezident qarorida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topishga oid qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan edi. Loyihani Adliya vazirligi boshqa idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 oktyabrgacha ishlab chiqib, hukumatga kiritishi kerak edi.

Mavzuga oid