O‘zbekiston | 19:48 / 22.02.2022
4302
2 daqiqa o‘qiladi

OTMga kirishda majburiy fanlar blokiga chet tili qo‘shilishi hozircha aniq emas – xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi

2024/2025 o‘quv yilidan chet tilini majburiy fanlar blokiga kiritish-kiritmaslik ustida ekspertlar o‘rganish olib boryapti. Yana bir oylik izlanishdan so‘ng, bu bo‘yicha aniq to‘xtamga kelinadi.

Foto: AOKA

Bugun, 22 fevral kuni chet tillarini o‘rganishga oid qarorlar yuzasidan Davlat test markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi direktori o‘rinbosari Azim Husanovning qayd etishicha, 2024 yilgi qabuldan kirish imtihonlarida majburiy fanlar blokida chet tili bo‘lishi hozircha tasdiqlanmagan.

“Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda (19 yanvarda qabul qilingan) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Davlat test markazi bilan birgalikda 2 oy muddatda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab OTMga kirish imtihonlari uchun belgilangan majburiy fanlar majmuasiga chet tili fanini bosqichma-bosqich kiritish yuzasidan taklif kiritishi belgilangan. Buni noto‘g‘ri talqin qilmaslikni iltimos qilib qolaman”, – dedi Azim Husanov.

Azim Husanov / Foto: AOKA

Uning qayd etishicha, hech kim chet tili majburiy blokda bo‘lishi haqida aniq talab qo‘ymagan. Bu juda katta izlanish, ekspertlar xulosalariga asoslanib qilinadi.

“15 ta savol bilan abituriyentning xorijiy til bo‘yicha bilimini aniqlash – qiyin masala. Shuning uchun bu mavzu ustida ekspertlar ishlayapti. Hali bir oy vaqtimiz bor, bu muddatda biror to‘xtamga, albatta, kelinadi”, – deya Azim Husanovning so‘zlarni keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qarorga asosan, 6 ta OTMda chet tili birinchi fan bo‘lgan yo‘nalishlarda xorijiy til imtihoni test ko‘rinishida emas, ijodiy imtihon shaklida olinishi belgilangan

Mavzuga oid