G‘ijduvondagi «nuqtali qurilishlar»: ko‘p qavatli uy aholisi bundan norozi
Saytimizda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi noqonuniy yer taqsimlashlar haqida bir qator reportajlar uyushtirdik. Ularni o‘rganishimiz jarayonida Abdulla Qahhor mahallasi ahli ko‘p qavatli uy oldidagi bog‘ va ko‘cha yuzidagi bo‘sh yer tadbirkorlarga berib yuborilgani borasida ham shikoyat qilib qolishdi.
«G‘ijduvon-to‘qimachi» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati bo‘ysunuvidagi ko‘p qavatli uyda yashovchilarning aytishicha, bu yerda ko‘p yillik mevali bog‘ bo‘lgan. Mahalla ahli suv chiqarib, daraxtlarni parvarish qilishgan. Soyasida dam olishgan. Ayniqsa bolalar mevalaridan tanovul qilishgan. Endi esa bog‘ning bir qismi tadbirkorga berib yuborilgan.
«Bog‘imizda soya-salqinda dam olar edik. Daraxtlarni kesishdi, tadbirkorga berib yuborishdi va to‘rt tarafidan o‘rab qo‘yishdi. Havo aylanishiga ta’sir qiladi», - deydi shu «dom»da yashovchi Matluba Shamsiyeva.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hududdan 465 kvadrat metr yer maydoni G‘ijduvon tumanining sobiq hokimi Murod Umarovning 2019 yil 13 iyuldagi 7962-sonli qarori bilan «Ibrohim Rahmat» xususiy korxonasiga ajratib berilgan.
Bunga sabab qilib «Ibrohim Rahmat» xususiy korxonasining G‘ijduvon dehqon bozori hududidagi ko‘chmas mulklari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzilgani keltirilgan.
Hokim qarorining 4-bandida ajratib berilgan yer maydonidan 2 yil davomida foydalanilmasa, qaror o‘z kuchini yo‘qotishi ko‘rsatilgan. Biroq ajratib berilgan yer 2022 yil fevral oyi boshlarida shunchaki o‘rab qo‘yilgan, daraxtlar kesilgan, xolos. Ya’ni formal jihatdan muddat o‘tgan va qaror o‘z kuchini yo‘qotgan.
Shu hududda joylashgan 5 qavatli ko‘p qavatli uyning yonida ham qurilish uchun yer ajratib berilgan. Yer maydonining bu tarzda ajratib berilishi shaharsozlik me’yorlariga aslo to‘g‘ri kelmasligi aniq. Boz ustiga, yerni egallab qurilish qilgan tadbirkor uni bitirmasdan, chala holida sotuvga qo‘ygan.
Yaxshi biznes — mavjud me’yorlarni oyoqosti qilib, yer uchun hokim qarorini chiqartirasan, fuqarolarning qarshiliklariga qaramasdan qurilish qilasan, keyin uni chala holida kadastr qilib, mo‘may pulga pullaysan.
G‘ijduvonda bog‘chalarga va madaniy meros obektlariga tegishli yer maydonlari tadbirkorlarga bo‘lib berilgani, birovning nomida mulk bo‘lib turgan yerlar kompensatsiyasiz davlat zaxirasiga olinib, boshqa tadbirkorga tortiq qilib yuborilgani haqida hikoya qildik.
G‘ijduvonda odamlar ham, daraxtlar ham oyoqosti qilinmoqda. Bolalar o‘ynaydigan maskanlarga chang solinmoqda. Bu qonunsizliklar uchun kimlardir javob beradimi? O‘sha kimlardir javob berishi uchun kimdir ularni so‘roqqa tuta oladimi? Nega G‘ijduvonda qonunga rioya qilish bu qadar qiyin?
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
10:11 / 18.12.2024
Uy-joy qurilishida yangi tizim joriy etilishi mumkin
19:53 / 11.12.2024
Toshkentda Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi
17:56 / 13.11.2024
Loydan qurilayotgan “dom” – Izboskanda ko‘p qavatli uy qurilishida sement o‘rniga adir tuprog‘i ishlatilmoqda
15:04 / 03.11.2024