«Chelsi» va «Liverpul» o‘rtasida final, «Barsa» «Atletik»ga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi
Yevropada bir qarich yer uchun kurashlar faqat va faqat sport maydonlarida bo‘lishi kerakligini targ‘iboti o‘laroq, bu hafta ham e’tiboringizga bir qator katta o‘yinlarni tayyorlab qo‘ygan. Ispaniyada Klasiko va Andalusiya derbisi, Angliyada Liverpul va Manchesterning navbatdagi to‘qnashuvi, Italiyada esa chempionlikni yutqazish musobaqasi davom etadi.
26 fevral (shanba)
EVeRTON – MANCheSTeR SITI
O‘yin boshlanish vaqti: 22:30
TV-translatsiya: UzReportTV
«Everton» va «Manchester Siti» o‘rtasida qiziq tendensiya bor – aslida liverpulliklar «Siti»ga qarshi ancha munosib raqib hisoblanishadi, masalan, o‘tkazilgan oxirgi 25 o‘yinning 11tasida mag‘lubiyatga uchramaslikning uddasidan chiqishgan. Lekin boshqa tomondan «Siti» aynan «Liverpul» bilan chempionlik kurashiga kirishgan mavsumlarda «Everton» hech qanday jiddiy qarshiliksiz mag‘lubiyatga uchrayvergan. Buni hatto ikki Liverpul klubi o‘rtasidagi ziddiyat bilan bog‘lashadi ham. So‘nggi yillarda esa Gvardiola shogirdlari natija borasida yaqqol ustunllikka ega. Barcha musobaqalardagi oxirgi 9 o‘yin «Siti»ning g‘alabasi bilan yakunlangan. «Everton» so‘nggi g‘alabasini 2016 yilda, Gvardiolaning murabbiy sifatida «Guddison»ga ilk safarida ro‘y bergandi – 4:0.
«Siti»ning «Tottenhem»ga uchralgan mag‘lubiyatidan so‘ng, «Liverpul» vaziyatdan ustalik bilan foydalandi va hafta o‘rtasida «Lids»ni mag‘lub etib, o‘rtadagi farqni 3 ochkogacha qisqartirdi. Demak bir oy oldingi yaqqol peshqadamlikdan asar ham yo‘q, «Siti» buyog‘iga ochko yo‘qotmasligi shart. Zero ikki favorit o‘rtasida o‘zaro o‘yin ham bizni kutib turibdi.
Lempard jamoa o‘yinini yaxshilashga urinayotgan, ba’zi vaziyatlarda bu sezilayotgan bo‘lsa-da, natija borasida muammolar ko‘p. «Lids» bilan o‘yindagi chiroyli g‘alabadan so‘ng, «Sauthempton»dan og‘ir, har jihatdan mag‘lubiyat qabul qilindi. Ligada jon saqlash uchun asosiy raqiblar o‘sha «Lids», yangilangan «Nyukasl» va so‘nggi turlarda ochko to‘plashni boshlab yuborgan «Byornli» ekanini e’tiborga olsak, Lempardga oson bo‘lmaydi. Darvoqe, «Manchester Siti» Lempard uchun Angliyadagi so‘nggi to‘p surgan jamoasi ekanini ham esga olish kerak.
Tarkiblarga kelsak, mezbonlar tarkibida Godfri, Deyvis va Mina kamida bir oydan keyin safga qaytadi. Sobiq «sitichi» Fabian Delfning ham tiklanish muddati shunaqa. Vitaliy Mikolenkoning maydonga tushishi so‘roq ostida. Mehmonlar safida esa deyarli yo‘qotishlar yo‘q.
27 fevral (yakshanba)
VeST HEM – VULVeRHEMPTON
O‘yin boshlanish vaqti: 19:00
TV-translatsiya: UzReportTV/FutbolTV
Ushbu mavsumda «top-6»dan tashqari, yuqori o‘rinlar uchun da’vogarlik qilayotgan va ayniqsa neytral muxlislarning e’tiborini qozonayotgan ikki jamoa o‘rtasidagi o‘yin juda qiziq bo‘lishi shubhasiz. «Vest Hem»ning bugungi holati o‘tgan mavsumdayam taxmin qilingan va Moyyes darajani tushirib yubormasligiga ishonilgan bo‘lsa, «Vulverhempton»ning natijalari chindan ham syurpriz bo‘ldi. To‘g‘ri, «bo‘rilar» ikki yil oldin ham APLda yuqori o‘rinlarda borgandilar, lekin o‘sha natijalarning asosiy sababchisi sifatida portugaliyalik murabbiy Nunu Eshpiritu ko‘rsatilgandi. Murabbiyning «Tottenhem»ga o‘tib ketishi jamoadagi pasayishga olib kelishi aytilayotgandi. Ammo Bruno Lajye nafaqat jamoa natijalarini yaxshiladi, balki yanada tomoshaboproq uslubni ko‘rsatmoqda.
Har ikki jamoaning kayfiyati o‘xshash bo‘lishi kerak. «Vest Hem» qatorasiga ikki o‘yinda hisobda oldinga chiqib olganiga qaramasdan, ochko yo‘qotdi. «Vulverhempton» xuddi shunday holatda «Arsenal»ga qarshi o‘yinda duch keldi. O‘yin oxirlarigacha hisobda oldinda borgan «bo‘rilar» ikki gol o‘tkazib, ham beshinchi o‘ringa ko‘tarilib olish imkoniyatini qo‘ldan boy berdilar hamda YeChL o‘rinlari uchun kurashdagi asosiy raqibga uch ochko taqdim etdilar. Tabiiyki, «Vest Hem» ham, «Vulverhempton» ham bu safar iloji boricha g‘alaba qozonishga harakat qiladilar. Aks holda yuqori o‘rinlarga qaytish deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi.
Mezbonlar tarkibida mavsum oxirigacha safdan chiqqan Ogbonnadan tashqari, Yarmolenko va Soufallarda jarohatlar bor. Shuningdek, Masuakuning ham maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi.»Vulverhempton» vakillari safida esa Nelson Semeduning jarohati o‘z ta’sirini ko‘rsatsa kerak. O‘ng qanot himoyachisi «Arsenal» bilan o‘yinda maydonni erta tark etgandi.
Birinchi davradagi to‘qnashuvda Raul Himenesning yagona goli uchrashuv taqdirini hal qilgandi. Londonda o‘tgan so‘nggi o‘yinda esa mezbonlar yirik 4:0 hisobida g‘alaba qozongandilar. Qizig‘i, o‘sha o‘yinda ham gollardan biri Himenes hisobiga yozilgandi – u o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ygan.
27 fevral (yakshanba)
SeVILYa – BeTIS
O‘yin boshlanish vaqti: 20:15
TV-translatsiya: UzReportTV/UzReportTV
Andalusiya derbisi shundoq ham katta voqea, shu bilan birga mavsumning mana shunday pallasida har ikki klubning ligada bu qadar yuqorida turgan holatda to‘qnash kelishlari ham doim ham sodir bo‘lavermaydi. «Sevilya» «Real»ni ta’qib qilayotgan yagona jamoa bo‘lib turibdi va o‘rtadagi farq 6 ochkoni tashkil qilmoqda. Lopetegi shogirdlarining bu muvaffaqiyati tushunarli, jamoa anchadan beri YeChL o‘rinlari uchun kurashib keladi, bir nechta yevrokuboklarda g‘olib ham chiqdi. Chempionlik kurashi qaysidir ma’noda uzoq kutilgan qadam.
Ammo «Betis»ning mavsumning uchdan ikkisi ortda qolgan paytda 3-o‘rinni egallab turishi rostan ham kutilmagan holat. To‘g‘ri, bunga «Barselona» va «Atletiko»da kuzatilayotgan inqirozlar ham sabab bo‘ldi, lekin Ispaniyada ularning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan jamoalar ko‘p – «Vilyareal», «Valensiya», «Atletik» va hokazo. Ammo ular emas, aynan «Betis»ning uchinchi o‘rinda turishi tabiiyki, Pellegrini shogirdlari so‘nggi yillardagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazatganidan dalolat. Buning ustiga La Ligada oxirgi 6 o‘yindan 5 tasini o‘z foydasiga hal qilgan «Betis» yevrokuboklarda ham muvaffaqiyatli qatnashmoqda. Jamoa «Zenit» ustidan g‘alaba qozonib, nimchorak finalga yo‘l oldi va u yerda Germaniyaning «Ayntraxt» klubiga qarshi to‘p suradi.
Birinchi davradagi derbida «Sevilya» mehmonda 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Umuman chempionatdagi oxirgi olti derbining beshtasida «Sevilya» g‘alaba qozongan va bir o‘yin durang bilan yakunlangan. Ammo yanvar oyida Qirollik kubogi doirasida o‘tkazilgan derbida «Betis»ning qo‘li baland keldi va raqibini musobaqadan chiqarib yubordi. Gomesning goliga Fekir va Kanales ikki gol urib, irodali g‘alabaga sabab bo‘lgandilar.
Har ikki jamoa ham payshanba oqshomida Yevropa ligasida to‘p surdilar. Bundan kelib chiqadiki, jismoniy tomondan har ikki jamoada ham kamchiliklar bo‘ladi va bu xatolarga, ko‘proq gollarga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, «Sevilya»da maydonga tusha olmaydigan futbolchilar juda ko‘p. Marsyal, Lamela, Karlos, Suso va Rekik bir necha haftaga safdan chiqqanlar. Okampos «Espanol»ga qarshi o‘yinda navbatdagi sariq kartochkasini olgan bo‘lsa, Kunde o‘sha o‘yinda maydondan chetlatildi. Har ikki futbolchi ham diskvalifikatsiya tufayli o‘ynay olishmaydi. Mehmonlar safida esa Miranda va Montoyyada jarohat bor.
27 fevral (yakshanba)
CheLSI – LIVeRPUL
O‘yin boshlanish vaqti: 21:30
TV-translatsiya: MatchTV (Rossiya)
Odatda «Liverpul», ayniqsa, Yurgen Klopp qo‘l ostidagi yillarda bir nechta frontda kurasha olmayotgandi va ko‘pincha kubok o‘yinlarini erta tark etardi. Buni ham tushunish mumkin, jamoa ancha jismoniy kuch talab qiladigan futbol namoyish etadi, jarohatlar ko‘p kuzatiladi, bu holatda bir necha turnirda kurash olib borish qiyinlashib ketadi. Ammo bu safar «Liverpul» boshqacha, o‘zi ishtirok etishni boshlagan barcha musobaqalarda g‘olib chiqish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi. Bu Yurgen Klopp uchun ham syurpriz bo‘layotganini murabbiyning o‘zi yashirib o‘tirmadi. YeChLda chorakfinal uzoq emas, Angliya kubogida keyingi bosqich, APLda esa chempionlik kurashi davom etmoqda. Liga kubogida esa «Chelsi»ga qarshi final kutib turibdi. «Liverpul» ushbu turnirni oxirgi marta 2012 yilda qo‘lga kiritgan. 2016 yilda esa finalda mag‘lubiyatga uchragandi.
«Chelsi» uchun esa finallar odatiy hol bo‘lib qoldi. Tuxel kelganida bir yildan sal ko‘proq vaqt o‘tdi va jamoa allaqachon YeChL, Angliya kubogi, Yevropa Superkubogi, klublar o‘rtasida jahon chempionati finallarida ishtirok etib ulgurdi. Bu safar g‘olib chiqadigan bo‘lsa, Tuxel qisqa vaqt ichida to‘rtinchi sovrinini qo‘lga kiritgan bo‘ladi. Jamoalar o‘rtasidagi oxirgi ikki o‘yin ham durang bo‘lganini inobatga olsak, bu o‘yin ancha murosasiz va shiddatli kurashlarga boy o‘tishi shubhasiz. Umuman o‘zaro o‘yinlarga qaraydigan bo‘lsak, oxirgi 30 uchrashuvda har ikki tomon 10 marotabadan g‘alaba qozonganini va shuncha o‘yin durang bilan tugaganini ko‘ramiz.
Tarkiblarga kelsak, «Liverpul»dagi noan’anaviylik davom etyapti. Jamoa safida jarohatlanganlar deyarli yo‘q. Firmino o‘yinga tayyor emasligi aytilmoqda, lekin Diogu Jota tiklanib uning o‘rnini egallashi mumkin. Usiz ham so‘nggi o‘yinlarda Luis Dias ham ancha foydali to‘p surayotganini unutmaslik kerak. «Chelsi»da ham yo‘qotishlar yo‘q. Shunchaki, Tuxel oldida qiziqarli dilemma bor – aynan «Liverpul» kabi yuqori himoyada to‘p suradigan jamoalarga qarshi foyda keltirishi mumkin bo‘lgan Lukakuga ishonish kerakmi yoki so‘nggi o‘yinlarda ancha sermahsul va foydali o‘yin ko‘rsatayotgan Haversgami?
27 fevral (yakshanba)
BARSeLONA – ATLeTIK
O‘yin boshlanish vaqti: 01:00
TV-translatsiya: UzReportTV/FutbolTV
«Atletik» so‘nggi yillarda «Barselona»ning kushandasi bo‘lib bormoqda va balki bilbaoliklar qarshilik qilmaganda, hozirda «Barselona»ning sovrinlari soni uchtaga ko‘p bo‘lardi. Yaqinda «Atletik» Ispaniya kubogida «Barselona»ni 3:2 hisobida mag‘lub etdi va turnirdan chiqarib yubordi. O‘tgan yilning boshida esa «Atletik» xuddi shu hisobda Superkubok uchun bahsda raqibidan ustun kelgandi. Ikki yil oldin esa Uilyamsning goli kataloniyaliklarning Ispaniya kubogidan chiqarib yuborgandi.Qizig‘i, har uch o‘yinda ham so‘nggi daqiqalar hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Birinchi davradagi o‘yinda esa 1:1 hisobi qayd etilgan edi.
Nihoyat «Barselona»da qasd olish imkoni bor. Ayni vaqti, zero Xavi shogirdlari so‘nggi o‘yinlarda juda hujumkor va samarali o‘yin ko‘rsatmoqdalar. Jamoa Yevropa ligasidagi «Napoli»ga qarshi o‘yinda, shuningdek, La Ligadagi oxirgi uch o‘yinning ikkitasida raqib darvozasiga to‘rttadan gol urishning uddasidan chiqyapti. Turnir jadvaliyadayam yuqoriga ko‘tarilish davom etmoqda. Bu turda hatto yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha 3-o‘ringa chiqib olish imkoniyati bor.
«Atletik» ham u qadar uzoqda emas, bilbaoliklar bemalol 6-o‘rin uchun, ya’ni Yevropa Ligasi yo‘llanmalaridan biri uchun kurashish imkoniyatiga ega. Jamoa shu o‘rindagi «Vilyareal»dan atigi 2 ochko kam jamg‘arishgan xolos. Ispaniyada o‘ziga xos kubok jamoasiga aylanib qolgan «Atletik» bu nufuzni Yevropada ham davom ettirishni boshlashi kerak. Axir o‘n yil oldin ikki Manchester klubini chiroyli tarzda Yevropa Ligasidan chiqarib yuborgan va finalda o‘ynagan Belsaning «Atletik»i ko‘pchilikning esida bo‘lsa kerak.
Har ikki tomondayam ancha oldin safdan chiqqan futbolchilar bor. Shuningdek, mezbonlardan Alba, mehmonlardan esa Aleks Berenger o‘tgan o‘yinlardagi kartochkalari tufayli ushbu uchrashuvga diskvalifikatsiya qilinishgan.
BOShQA O‘YINLAR
26 fevral. Lids – TOTTeNHEM (17:30), MANCheSTeR YuNAYTeD – Uotford (20:00), Empoli – YuVeNTUS (22:05), Ayntraxt – BAVARIYa (22:30), Rayo Valekano – ReAL (22:30), ATLeTIKO – Selta (27 fevralga o‘tar kechasi, 01:00), PSJ – Sent Eten (27 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)
27 fevral. Spetsiya – ROMA (22:05).
Mavzuga oid
12:02 / 22.12.2024
«Barsa»da inqiroz, «Siti»da antirekord. Kun o‘yinlari
12:24 / 16.12.2024
«Barsa» yana autsayderga yutqazdi, «Siti» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
11:17 / 12.12.2024
«Siti» yana yutqazdi, «Barsa»da muhim g‘alaba. YeChLda kun o‘yinlari
10:38 / 09.12.2024