Jamiyat | 21:11 / 02.03.2022
19963
5 daqiqa o‘qiladi

Chinozda aliment pulini ololmagan ayol prokuratura binosi oldida o‘zi va farzandlariga o‘t qo‘ymoqchi bo‘ldi

Ayol prokuratura xodimlari tomonidan to‘xtatib qolingan. MIB axborot xizmati aliment puli nima uchun undirilmagani bo‘yicha izoh berdi.

Foto: Videodan kadr

2 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi va farzandlariga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan ayolning videosi tarqaldi. Holatga aliment pullarini ololmagani sabab bo‘lgani aytilmoqda. Hodisa Chinoz tumani prokuraturasi binosi qarshisida sodir bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, ayol shu tarzda tuman prokuraturasi va Majburiy ijro byurosining Chinoz tuman bo‘limi xodimlaridan o‘z noroziligini bildirmoqchi bo‘lgan.

Majburiy ijro byurosi axborot xizmatni holat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilganini ma’lum qildi.

“Aniqlanishicha, videolavhalarda o‘zini farzandlari oldida yoqmoqchi bo‘lgan fuqaro G.Xo‘janova bilan bog‘liq 2 ta ijro ishi MIBning Chinoz tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan. Jumladan, ijro ishi bo‘yicha sudning 25.08.2021 yildagi ijro varaqasiga asosan, 27.11.2021 yilda fuqaro G.Xo‘janova Chinoz tumani, “Kattatepalik” MFY, Fayzli ko‘chasidagi uylarning biriga yashash va foydalanish huquqi bilan kiritib qo‘yilib, tegishli tartibda davlat ijrochisi B.Boymatov tomonidan “dalolatnoma” rasmiylashtirilgan va ijro hujjati tamomlangan.

Bundan tashqari, fuqarolik ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tumanlararo sudining 2019 yil 13 avgust kunidagi ijro varaqasiga asosan, qarzdor S.Xo‘janovdan undiruvchi G.Xo‘janova foydasiga ½ qism miqdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga 20.08.2019 yil kelib tushgan bo‘lib, shu kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasiga asosan ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror chiqarilib, taraflarga yuborilgan.

Shuningdek, qarzdorning nomidagi mol-mulklarini aniqlash maqsadida tegishli tashkilot va organlariga “Mib Portal” elektron dasturi orqali so‘rovnomalar yuborilib, olingan javob xatlariga asosan, qarzdorga tegishli mol-mulklar mavjud emasligi aniqlangan” deyiladi MIB tomonidan e’lon qilingan bayonotda.

Byuro axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov ijro harakatlari davomida S.Xo‘janovning xorijga chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan.

“Ijro harakatlari davomida, qarzdor S.Xo‘janov Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi “Ravnaq Fayz Agro” fermer xo‘jaligida ishlayotganligi aniqlanib, mazkur ijro hujjatini 2020 yil 1 noyabrda “Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 64-moddasiga asosan oylik ish haqiga yuborilgan bo‘lib, qarzdor S.Xo‘janovning oylik haqidan 2021 yil 1 iyul kuniga qadar undiruvchining plastik hisob raqamiga o‘tkazilib kelingan.

Qarzdor S.Xo‘janov undiruvchi G.Xo‘janovaga tilxat asosida 2021 yil iyul oyidan 2022 yil 1 fevral oyiga qadar 550.000 so‘mdan naqd pul aliment pullarini to‘lagan bo‘lsa-da, hozirda qarzdorligi 7 mln. 991 ming so‘mni tashkil etgan.

Shu bois, qarzdorlikni to‘liq bartaraf etish chorasini ko‘rmagani uchun S.Xo‘janovga nisbatan to‘plangan hujjatlar ma’muriy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqishlik uchun 22.02.2022 yilda Jinoyat ishlari bo‘yicha Chinoz tumani sudiga onlayn tarzda yuborilgan”, – deya Farrux Toshpo‘latovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

MIB mulozimining ma’lum qilishicha, Internetda tarqalgan videodagi voqealar 25 fevral kuni soat 20-00 larda Chinoz tuman prokuraturasi binosi yonida sodir bo‘lgan. Aliment to‘lovi undirilmayotganidan norozi bo‘lib, prokuraturaga murojaat bilan kelgan ayol berilgan javobdan qanoatlanmay, o‘ziga benzin sepib o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan. Tuman prokuraturasi hamda Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan hodisaning oldi olingan.

Byuro axborot xizmati ayni paytda ushbu fuqaroning salomatligi yaxshi ekanini, sodir bo‘lgan hodisa ortidan MIB Chinoz tuman bo‘limi mas’ul xodimlari xatti-harakatlari bo‘yicha ham tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 1 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda bugungi kunda 290 mingdan ziyod otalarga farzandlari uchun aliment to‘lash yuklangani, lekin ularning 172 ming nafari o‘z farzandi oldidagi majburiyatini bajarishdan bosh tortib kelayotgani tanqid qilingandi.

Yig‘ilishda bundan buyon alimentdan qarzdorlikni davlat to‘lab berishi, keyinroq MIB qarzni budjetga undirishini ko‘zda tutuvchi yangi tartib joriy qilinishi aytilgandi.

Mavzuga oid