«Ultra zamonaviy» Qorasuv: kommunal to‘lovdan qarzingiz bo‘lsa, liftdan foydalana olmaysiz. Odamlar bu tartibdan norozi
O‘zbekistonning qayeridadir lift pulli ekani haqida eshitganmisiz? Samarqandda vaziyat shunga qarab ketmoqda. Qorasuv deb nom olgan massivdagi yangi uylarda yashovchilar kommunal to‘lovdan qarzi bo‘lsa, liftdan foydalana olmayapti.
Samarqandda so‘nggi paytlarda lift va kuzatuv kameralariga qasddan shikast yetkazuvchi shovvozlar ko‘paygani rost. Lift ichidagi kamera qarshisida o‘zini tutolmay qolayotganlarning aksariyati negadir Qorasuv massividan bo‘lib chiqyapti.
Eng oxirgi holatga ham ko‘p bo‘lmadi, 23 fevral kuni Qorasuvdagi 83-ko‘p qavatli uyning liftida jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzgan yigitga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Qorasuvliklar Kun.uz'ga murojaat qilib, bu kabi holatlarning ko‘payganini hududdagi liftlarga maxsus chip o‘rnatilgani va o‘sha matohsiz lift ishlamasligi bilan bog‘lashdi. Qorasuv massivida bo‘lib, 16 qavatli uylarning hovlisida nabiralarini o‘ynatib turgan onaxonlarni suhbatga tortdik.
Nazokat Abduvoyitova Oqdaryodan nabiralariga qarab turish uchun Qorasuvga – o‘g‘lining uyiga kelib turadi. Onaxonning aytishicha, uning qo‘lida lift uchun ishlatiladigan maxsus chip yo‘q, odatda kimdir liftga kirmoqchi bo‘lsa, u bilan birgalikda qo‘shilib chiqib-tushadi. Yonida chip bo‘lmagani uchun bir safar nabiralari bilan liftda yarim soatdan ortiq qamalib qolganini aytdi. Onaxon 11-qavatda yasharkan.
Liftlarga chip o‘rnatilgani nafaqat keksa insonlar, balki yoshlar uchun ham noqulaylik keltirib chiqarayotganiga guvoh bo‘ldik.
Ko‘p qavatli uy hovlisida turgan uchinchi guruh nogironi Shahnoza Quvvatova «O‘zim-ku mayli, hozir keksa yoshli mehmonimiz kelyapti, ularni qanday olib chiqaman, xijolat bo‘lib turibman», dedi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qorasuvdagi 16 qavatli uylar liftiga kamera va chip o‘rnatilgan, shu uylarda yashovchi aholi va ularning mehmonlarida chip bo‘lmasa liftdan foydalana olishmaydi. Tasavvur hosil qilish uchun aytish lozim: kimdir liftga kirsa, avtomat tarzda eshik yopiladi va o‘sha vaqtda qo‘lida chip bo‘lmagan inson hech qanday harakatlana olmaydi. Lift na ko‘tariladi, na eshik ochiladi. Toki tashqaridan kimdir kelib ochmasa yoki lift nazoratchilari sizning qamalib qolganingizni bilishmasa.
Aholi chipning faollashuvi kommunal to‘lovlar bilan bog‘lab qo‘yilganini aytmoqda. Hududga xizmat ko‘rsatuvchi shirkat – «NUR SHARQ TESS» boshqaruv servis tashkiloti rahbari Jasur Sharipovdan izoh oldik.
«Liftga chip o‘rnatishdan birinchi maqsad – biz bilan shartnoma qilgan aholi xavfsizligini ta’minlash. Ya’ni qo‘lida chip bo‘lmasa, liftdan har kim ham foydalana olmaydi. Qolaversa, lift va binolar atrofidagi holat to‘liq nazoratimizda bo‘ladi. Liftni chipsiz foydalanadigan qilib qo‘ysak, tez orada yaroqsiz holatga kelib qoladi», dedi Jasur Sharipov.
Shu o‘rinda bir holatga izoh bersak: «NUR SHARQ TESS» BST bilan qilingan shartnomaga ko‘ra, ko‘rsatiladigan barcha xizmatlar uchun har bir xonadon kvadratiga qarab o‘rtacha 50 ming so‘mdan oylik majburiy badalni to‘lab borishga majbur. Agar badal to‘lanmasa, chip avtomatik tarzda ishdan chiqadi va o‘sha fuqaro liftdan foydalana olmay qoladi.
«Agar shunday qilmasak, to‘lovlarni undira olmayapmiz. Hozircha bu tajriba bizda boshlandi, ammo yaqin oylarda barcha shirkatlar shu tartibga o‘tishga majbur bo‘ladi, chunki elektr, tabiiy gaz, internet uchun pul to‘layotgan fuqarolar oddiy kommunal to‘lovga kelganda to‘lashni istamay qolyapti. Shunday bo‘lishiga qaramay, kommunal to‘lovlarning biroz kechikishini ma’lum qilib kelgan aholiga chipni ishlatib beryapmiz. Qariyalarga, nogironlarga 50 foizgacha chegirma ham berganmiz», deydi Sharipov.
Biroq aholi va shirkat o‘rtasida tuzilgan shartnomalarda kommunal to‘lovlar qilinmasa, liftdan foydalana olmaslikka oid band yo‘q. Qolaversa, fuqarolar bu uylarni xarid qilayotgan vaqtda kelajakda liftdan foydalanish pulli bo‘lishi mumkinligi ko‘zda tutilmagan. Chunki nafaqat keksalar, balki yoshlar ham bunday «jazolanish»ga toqat qilolmaydi. Haqiqatan ham uyingizga kelgan mehmonni 16 qavatga zinalardan yetaklab chiqarkansiz, «kommunal to‘lovni qilmagandim», deb izoh berish juda xijolatli holat aslida.
Qorasuvdagi vaziyat nechog‘li tizim qoidalariga to‘g‘ri kelishi bo‘yicha Samarqand viloyati Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Negmatov bilan telefon orqali bog‘landik. Boshqarma boshlig‘i ham «NUR SHARQ TESS» MChJ aholidan o‘z vaqtida kommunal to‘lovlarni undirib ololmagani uchun bu tajribani qo‘llashga majbur bo‘lganini aytmoqda. Negmatovga ko‘ra, fuqarolardan qarzdorlikni sud tartibida undirib olish vaqt va ortiqcha mablag‘ talab qilar ekan. Kommunal sohadan qarzdor fuqarolarni liftdan mahrum qilish hozircha faqat Qorasuvda qo‘llanayotganini ma’lum qildi.
Dunyo tajribasida ham pulli liftlar bor, bu aslida boshqa masala, ammo Qorasuvdagi holat ham shunga yaqin. Qachondir O‘zbekistonda ham bu tizim ishlab ketishini inkor etib bo‘lmaydi. Ammo tartibni shunday o‘rnatish kerakki, uning ortidan aholi jabr ko‘rmasin, insonlar kamsitilmasin. Barchasi o‘zaro kelishuv asosida, tomonlarning huquq va majburiyatlarini teng ifodalovchi shartnomaviy-huquqiy tartibda bo‘lishi lozim.
Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri,
Montajchi va tasvir ustasi – Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
12:16
Koreya Samarqandda sil kasalligini aniqlash loyihasini kuchaytiradi
15:52 / 26.12.2024
Samarqandda “Turkish Airlines” aviakompaniyasi ekipaj a’zosi bojxona nazoratidan jangovar o‘q-dori olib o‘tishga urindi
07:35 / 26.12.2024
Beshta hududda 16 kg giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolindi
09:09 / 20.12.2024