O‘zbekiston | 13:12 / 10.03.2022
81659
3 daqiqa o‘qiladi

«Sevgi izhor qilib, shapaloq yegan talaba». Holat bo‘yicha munosabat bildirildi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda talaba yigit sevgi izhor qilishi ortidan kaltak yegani aks etgan video tarqaldi.

Unda ko‘rinishicha, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tashkillangan tadbir vaqtida talaba yigitlardan biri sahnaga chiqqan holda tomoshabinlar orasida o‘tirgan talaba qizga sevgi izhor qila boshlaydi.

«Bir daqiqa, bu ssenariyda yo‘q. 18 ming olam yaralibdiki, har bir mavjudot o‘z sherigi, jufti bilan yaratildi. Xuddi shunday hammamizning juftli bo‘lishga, sevishga, sevilishga haqqimiz bo‘lganidek, mening sevganim ham shu yerda o‘tiribdi. Shu qizga hozir sevgi izhor qilmoqchiman. Mahliyo, men sizni sevaman. Sizga bundan boshqa yana qanday isbot kerak? Sizni yaxshi ko‘raman», deya dil rozini aytadi yigit.

Sevgi izhor shu joyiga yetganda tadbirda qatnashayotgan o‘qituvchilar yigitning qo‘lidan mikrofonni tortib olishga harakat qila boshlaydi. Ulardan biri hatto yigitga qattiq shapaloq tortib yuboradi. Shundan so‘ng «oshiq talaba» va shapaloq tortuvchi o‘rtasida tortishuv, tadbir ishtirokchilari o‘rtasida esa qiy-chuv boshlangan.

Video so‘ngida «oshiq yigit» o‘qituvchilar tomonidan sudralgan holda olib chiqib ketiladi.

Mazkur video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalar ekan, universitet matbuot xizmati holat bo‘yicha tushuntirish bilan chiqdi.

«Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Amaliy filologiya fakulteti talabalari tomonidan 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida sevgi izhor qilib, kaltak yegan talaba holati aks etgan videolavhalar bir nechta telegram kanallarida aylanmoqda.

Shuni ma’lum qilamizki, ushbu holat fakultet QVZ jamoasining «Xafa bo‘lish yo‘q» ko‘rsatuviga taqlidan namoyish etilgan sahna ko‘rinishidan kesib olingan holatdir. Hech qanday noxush vaziyat yuz bermaganini ma’lum qilamiz», – deyiladi munosabatda.

Universitet matbuot xizmati munosabatga qo‘shimcha tarzda shuningdek, tadbirdagi holatning to‘liqroq videosini ham ilova qiladi.

Unda ko‘rinishicha, holat chindan ham universitet «Quvnoqlar va zukkolar» jamoasi chiqishining bir bo‘lagi hisoblanadi.

«Biz bu chiqishimiz bilan nima demoqchimiz? Ko‘pchilikning yuzida g‘amginlik, lekin bizga sizning kayfiyatingiz ham muhim», – deydi «shapaloq yegan» yigit.

Mavzuga oid