O‘zbekiston | 17:46 / 11.03.2022
7048
6 daqiqa o‘qiladi

Manfaatlar to‘qnashuvini avtomatik aniqlaydigan tizim ustida ishlar hali davom etayotgani aytildi

Davlat xaridlari portalida ishtirokchining buyurtmachi bilan yaqin aloqasi bor-yo‘qligini avtomatik tekshiradigan tizim ustidagi ishlar haligacha yakuniga yetmagan. Bundan tashqari, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topishga oid qonun loyihasidan ham darak yo‘q.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov 10 mart kungi matbuot anjumanida davlat xaridlaridagi manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha belgilangan choralar ijrosi haqidagi savolga javob berdi.

“Umuman, qarorda ko‘rgan bo‘lsangiz, agentlikka manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, taqdimnoma kiritib, to‘xtatib turish yoki sudga da’vo ariza kiritish vakolati berildi.

Endi, to‘xtatib turish bo‘yicha ham 300 dan ortiq taqdimnoma kiritganmiz va ularning barchasi bekor qilingan. Lekin bu – “ruchnoy” rejim. Aytganimday, biz o‘sha masofaviy tanlab olyapmiz-da, [manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holatlarni] aniqlayapmiz. Lekin tezroq bu tizimga o‘tishimiz kerak. Ya’ni talabgor buyurtmachi bilan o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lganda, davlat xaridlarida yoki tenderlarda avtomatik ravishda qatnasha olmasligi kerak.

Bu tizim ustida Moliya vazirligi Bosh prokuratura, Hisob palatasi  agentlik bilan hamkorlikda ishlayapti. Agar bu tizimi ishga tushsa, taqdimnoma kiritishga hojat bo‘lmaydi. Tizim ustida ishlanyapti, buning birinchi ijrochisi Moliya vazirligi hisoblanadi”, – deya Akmal Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Burhonovning qayd etishicha, davlat xaridlari sohasida 2021 yilda o‘tkazilgan masofaviy monitoringda budjet buyurtmachilari tomonidan qiymati 145,3 mlrd so‘mlik 452 ta tanlovda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlarning talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Bu holatlarda korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarni bartaraf qilishga qaratilgan 372 ta taqdimnoma kiritilgan va va tanlovlar bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 7 iyulda prezidentning aksilkorrupsion qaror va farmoni imzolangan edi.

Qarorda, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topishga oid qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan (muddat – 2021 yil oktyabrgacha; mas’ul – Adliya vazirligi). Farmonda esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq har qanday holatlar aniqlanganda, shartnoma, buyruq va boshqa hujjatning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida taqdimnoma yoki uni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha sudga da’vo kiritish vakolati berilgan.

Ushbu farmon bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi”da bir qancha talablar belgilangan edi.

Xususan, 2021 yil 1 dekabrga qadar davlat xaridlari amalga oshiriladigan maxsus axborot portalida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq bo‘lgan xavflarning oldini olish bo‘yicha quyidagi ma’lumotlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan tizimni joriy qilish yuzasidan takliflar kiritish belgilangan:

  • qatnashchining davlat xaridlaridagi ishtiroki tarixi (mahsulot, xizmat yetkazib beruvchining ilgari ishtirok etgan tanlovlari, bajargan ishlari);
  • qatnashchining benefitsiarlari haqidagi ma’lumotlar;
  • buyurtmachi va ishtirokchi o‘rtasidagi ehtimoliy bog‘liqliklar (qarindoshlik, birga ta’lim olganlik, mehnat faoliyati yoki biznes aloqalari va boshqalar haqidagi ma’lumotlar).

Shuningdek, hujjatda avtomatlashtirilgan tizim orqali manfaatlar to‘qnashuvi aniqlangan hollarda davlat xaridi jarayonida bitimga da’vogarning ishtirokini avtomatik ravishda cheklash yuzasidan takliflar tayyorlash bo‘yicha topshiriq ham mavjud.

Davlat dasturining bu bandlarini bajarish bo‘yicha Moliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Adliya vazirligi va Axborot texnologiyalari vazirliklari ijrochi sifatida ko‘rsatilgan.

Hujjatning 5 bandida manfaatlar to‘qnashuvi atamasiga ham ta’rif berib ketilgan:

“…qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatilgan lavozimni egallab turgan shaxsning bevosita yoki bilvosita shaxsiy manfaati mansab (xizmat) majburiyatlarini obektiv va xolis bajarishiga ta’sir ko‘rsatuvchi yoki shunday ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar manfaatlar to‘qnashuvi hisoblanadi hamda bunday vaziyatlarni oshkor qilish va ularning oldini olish bo‘yicha o‘z vaqtida chora ko‘rmaganlik o‘rnatilgan tartibda javobgarlikni keltirib chiqaradi”,deyiladi farmonda.

So‘nggi yillarda OAV va blogerlar tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvlar natijasida davlat xaridlari va tenderlarda ko‘plab manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holatlar aniqlanmoqda.

Xususan, 2020 yilning dekabr oyida Andijon viloyati hokimligi mansabdorlari va ularning yaqinlariga tegishli korxonalar tomonidan milliardlab davlat buyurtmalari taqsimlab olingani ma’lum bo‘lgandi. Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Lekin, keyinroq, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlarning faqat bir nafari jazoga tortilgani, ayrimlari o‘z lavozimida qolayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Shuningdek, qarindosh-urug‘chilik rishtalari orqali Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyevning qizi Nargiza Soliyevaga tegishli firma 4 milliard so‘mga yaqin davlat buyurtmasiga ega chiqqani ma’lum bo‘lgan edi. Holat yuzasidan prokuratura o‘rganishni boshlagan bo‘lsa-da, oradan qariyb bir yil vaqt o‘tyapti hamki, jamoatchilik uning natijalaridan bexabar 

Mavzuga oid