141 kishi halok bo‘lgan maktab qirg‘inidan omon qolgan pokistonlik yigit Oksfordda yetakchi bo‘ldi
Bolaligida “Tolibon” jangarilari tomonidan o‘qqa tutilgan maktabda omon qolgan pokistonlik o‘quvchi Ahmad Navoz vaqti kelib Oksford talabasi va Oksford shahrining debat klubi prezidentiga, tinchlik harakati faoliga aylandi. Ahmad rivojlangan davlatda yashayotgan bo‘lsa-da, universitetni tugatgach, yana Pokistonga qaytib o‘z mamlakatida ta’lim sifatini yaxshilash uchun harakat qilmoqchi.
Pokistonlik Ahmad Navoz – migrant talaba. U Buyuk Britaniyaning eng nufuzli universitetlaridan biri – Oksfordda o‘qiydi.
Ahmad bolaligida katta ruhiy zarba olgan. U 2014 yilning dekabrida boshqa tengdoshlari bilan birga odatiy tarzda maktabga boradi. O‘sha kuni ularning maktabida pokistonlik “Tolibon” jangarilari otishma sodir qilishadi va hammasi bo‘lib 141 kishi halok bo‘ladi. Halok bo‘lganlar orasida Ahmadning maktabdoshlari, xususan ukasi Haris ham bor edi.
O‘sha otishmada Ahmadga ham o‘q otiladi, biroq o‘q boshiga emas, chap qo‘liga tegadi va bolada omon qolish instinkti kuchayib o‘zini o‘lganga solib oladi. Shundan so‘ng yarador Ahmadga boshqa o‘q otishmaydi.
“Haris qayerda?”
Ko‘zini ochganda Ahmad shifoxonada edi. U birinchi bo‘lib ukasi Haris haqida so‘raydi: “Haris qayerda?”
Ota-ona esa Ahmadga Haris boshqa shifoxonada davolanayotgani haqida aytadi. Biroq 2 haftadan so‘ng o‘ziga kelib ukasi o‘sha kungi otishmada halok bo‘lganini biladi.
Bir oydan so‘ng Ahmadning o‘q yegan chap qo‘lini saqlab qolish uchun Buyuk Britaniyaga, Birminhemdagi shifoxonaga olib ketishadi. O‘shanda ular oilaviy Buyuk Britaniyaga ko‘chadi. Ingliz tilidan bexabar bolaga shifoxonada shu tilda gapirishar, lekin u tilni mutlaqo tushunmagan. Shu tariqa, shifoxonadagi og‘riqli davolanishlardan so‘ng Ahmad tuzaladi.
“O‘shanda men o‘zimning oldimda 2 ta tanlov borligini his qilganman: yo hammasini unutib, baxtli bo‘lishga harakat qilib yashash yoki boshqa odamlar men, oilam his qilgan og‘riqlarni boshdan o‘tkazmasliklari uchun harakat qilish”, deydi Ahmad Navoz.
Suriya chegarasida ochilgan maktab
Ahmad tuzalgach, ingliz tilini o‘rganadi va o‘zi boshidan o‘tkazgan maktab fojiasi haqida maktablarga borib, nutqlar so‘zlaydi, og‘riqli bo‘lsa-da o‘z hikoyasini aytib beradi. Ahmadning fikricha, asosiysi ta’limning yetarli emasligi va bu – og‘riqli masala.
“Peshovar va boshqa shunga o‘xshash hududlarda bolalar deyarli savodsiz. Shuning uchun ularni osongina terrorizmga og‘dirib olish imkonini topish mumkin. Ta’lim esa bolalarni bundan qutqaradi”, deb hisoblaydi Ahmad.
Odatda, suriyalik qochoqlar Livanga qochib o‘tishadi. Bu yerdagi qochoqlar lagerlarida ularga boshpana va oziq-ovqat beriladi, biroq ta’lim olish imkoni yo‘q. Shuning uchun Buyuk Britaniyaning moliyaviy ko‘magi bilan Ahmad Suriya yaqinida qochoq bolalar uchun maktab ochadi.
Shunday qilib Ahmad Buyuk Britaniyada terrorizmga qarshi kurash harakatlarida faol ishtirok etadi. 2019 yilda Portugaliya prezidentining shaxsan o‘zi uni Estoril konferensiyasiga taklif qiladi. Estoril konferensiyasi – sobiq davlat rahbarlari, Nobel mukofoti laureatlari ishtirok etadigan xalqaro konferensiya bo‘lib, unda turli global mavzular muhokama qilinadi. Bu yerda Ahmadning nutq so‘zlash va Nobel laureatlari bilan uchrashish imkoni bo‘ladi.
2020 yilda Oksfordga qabul qilingan yigit yaqinda uning debat klubi prezidentligiga saylandi. Oksford debat klubi – Angliyaning Oksford shahridagi munozara jamiyati bo‘lib, uning a’zolari asosan Oksford universitetidagilardan iborat. Bu klubning prezidenti bo‘lish anchayin nufuzli hisoblanadi.
Oksfordday nufuzli universitetda o‘qiyotgan va yetakchiga aylangan Ahmadning keyingi maqsadi ta’limni tugatib Pokistonga qaytib borish va o‘z mamlakatida bolalarning ilmli bo‘lishi uchun hissa qo‘shish.
Mavzuga oid
00:15 / 22.12.2024
Pokistonda Imron Xonning 25 nafar tarafdoriga hukm o‘qildi
14:56 / 19.12.2024
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari Pokiston bozoriga olib kiriladi
13:48 / 18.12.2024
Pokiston supermarketlarida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotiladi
15:54 / 12.12.2024