Jahon | 11:44 / 16.03.2022
18760
2 daqiqa o‘qiladi

Marina Ovsyannikova 30 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi. Unga jinoiy ish ochilishi ham mumkin

Ostankino rayon sudi jonli efir vaqtida urushga qarshi plakat bilan chiqish qilgan Birinchi kanal xodimi Marina Ovsyannikovani 30 ming rubl miqdorida jarimaga tortdi.

Uni qonunga xilof ravishda ommaviy norozilik aksiyasi o‘tkazganlikda aybdor deb topishgan. Gap uning urushga qarshi aksiyasi haqida emas, odamlarni urushga qarshi mitingga chorlagan videomurojaati haqida ketmoqda, ya’ni u jonli efirga chiqib ketgani uchun jazolanmagan.

Ovsyannikovaga nisbatan Jinoyat kodeksining rossiyalik harbiylar haqida «yolg‘on axborotni ommaviy ravishda tarqatish» moddasi bo‘yicha tekshiruv davom etmoqda. Ya’ni unga jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi ham mumkin.

14 mart kuni Birinchi kanalning xalqaro bo‘limi muharriri Marina Ovsyannikova «Vremya» dasturi jonli efirda ketayotgan mahalda studiyaga bostirib kirib, urushga qarshi plakat ko‘targandi.

«Urushga yo‘q. Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizni aldashmoqda. Rossiyaliklar urushga qarshi», dedi u.

Uni politsiyaga olib ketishdi va seshanba kuni kechgacha uning taqdiri noma’lum bo‘lib qoldi. U qo‘lga olinganidan 14 soat o‘tib ma’muriy ish bo‘yicha sud qilindi.

Mavzuga oid