Jahon | 20:33 / 17.03.2022
10598
2 daqiqa o‘qiladi

Chovusho‘g‘li Lvovda Ukraina tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

Turkiya tashqi ishlar vaziri Rossiya va Ukrainaga amalga oshirgan tashriflari o‘t ochish to‘xtatilishiga bo‘lgan umidlarni kuchaytirganini aytdi.

Foto: twitter.com/DmytroKuleba

Ukraina xavfsizlik bo‘yicha ehtimoliy kelishuvga Turkiya kafil sifatida qo‘shilishini istamoqda va Moskva bunga qarshi emas. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Lvovda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan muzokaralardan so‘ng ma’lum qildi

«Bu urushda qon to‘kilishini tezroq to‘xtatish zarur. Turkiya rahbariyati shaxsan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an boshchiligida bu yo‘nalishda faol harakat qilmoqda», - deb ta’kidladi Chovusho‘g‘li. 

Turkiya tashqi ishlar vazirining qayd etishicha, Anqaraning Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish borasidagi urinishlari Belarusda boshlangan Rossiya-Ukraina muzokaralari bilan parallel ravishda davom etmoqda.

«Kecha Moskvada Ukraina bo‘yicha yana bir uchrashuv o‘tkazishga hojat qolmasligi, urush tugashi va mintaqada yana tinchlik va barqarorlik hukm surishiga umid bildirdim», - dedi Chovusho‘g‘li.

Chovusho‘g‘li Rossiya va Ukrainaga amalga oshirgan tashriflari o‘t ochish to‘xtatilishiga bo‘lgan umidlarni kuchaytirganini aytdi. 

U shuningdek, Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiylar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tishi ehtimoli yuqoriligini aytdi.

 

Mavzuga oid