O‘zbekiston | 14:20 / 17.03.2022
9674
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yo‘l chetidagi temir ustunga borib urilgan avtomobil haydovchisi vafot etdi

Toshkent shahrining Bektemir tumanida o‘lim bilan yakun topgan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda poytaxt IIBB xabarida aytilgan.

Foto: IIBB axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 17 mart kuni taxminan soat 04:00 da Bektemir tumani Husayn Boyqaro va Bektemir ko‘chalari chorrahasida 1959 yilda tug‘ilgan haydovchi «Gaz 2410» rusumli avtomashinada harakatlanib ketayotgan bo‘lgan.

Qayd etilishicha, haydovchi harakat vaqtida rul boshqaruvini yo‘qotgan hamda yo‘l chetidagi temir ustunga borib urilgan. 

Natijada, haydovchi olgan tan jarohatlari sababli voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksi 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Hurmatli haydovchilar! Yo‘llarda harakatlanayotganda hushyor bo‘ling hamda yo‘l harakati qoidalariga rioya qiling. Transport vositasi texnik holatiga e’tiborli bo‘ling. Hayotingiz va sog‘lig‘ingizga befarq bo‘lmang», deyiladi IIBB xabarida.

Mavzuga oid