O‘zbekiston | 09:00 / 18.03.2022
8527
6 daqiqa o‘qiladi

Nazariy bilimlar hayot va amaliyot bilan bog‘lanmoqda - Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali misolida

Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 sentyabrdagi qarori bilan tashkil etilgandi. Qarorda qishloq xo‘jaligida innovatsion resurs tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, «Aqlli qishloq xo‘jaligi» (Smart agriculture) va raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash ustuvor vazifa etib belgilangan.

Bugungi kunda filialda ta’limning kredit-modul tizimi joriy etilgan. Talabalarga ta’lim-tarbiya berayotgan professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati 49,3 foiz, professor-o‘qituvchilarning o‘rtacha yoshi 36 yoshni tashkil etib, shundan 25 foizi xorijda tahsil olib kelgan. Filialda talabalarga rivojlangan xorijiy mamlakatlar universitetlarida faoliyat yuritayotgan 6 nafar xorijlik vatandoshlar tahsil berib kelmoqda. Ular Germaniyaning IAMO (O‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish) ITI, Humbolt va Kassel universitetlarining professor-o‘qituvchilaridir. Magistrantlarning ilmiy tadqiqot va stajirovkalari O‘zbekiston ilmiy-tadqiqot institutlari va ilg‘or korxonalarda, shuningdek ulardan 32 nafari Germaniyaning xmel yetishtiruvchi va qayta ishlovchi qishloq xo‘jaligi kompaniyasida amaliyot o‘tashlari yo‘lga qo‘yilgan.

Filialda yoshlarni ilmga jalb qilish, sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Samarqand viloyati hokimligi va Innovatsion rivojlanish vazirligining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan “Samarqand viloyati yoshlarining innovatsion g‘oyalari va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi”ning 2-to‘lqinida 1 ta - o‘simliklarni biologik himoya qilish orqali sifatli va organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan “Foydali entomofaglardan foydalanish hamda ekin turiga qarab ularni ko‘paytirish” mavzusidagi loyiha g‘olib topilib, 79,2 mln so‘mga moliyalashtirildi. Dasturning 3-to‘lqinida filial tomonidan 22 ta loyiha topshirildi hamda oxirgi natijalarga ko‘ra, 9 ta loyiha so‘nggi bosqichga yetib keldi. Shundan 5 tasi ilmiy o‘rganilganligi va hozirgi kundagi dolzarb mavzularni qamrab olganligi sababli ekspertlar tomonidan g‘olib topildi va umumiy qiymati 640 mln so‘mga moliyalashtirildi. Xususan, noan’anaviy ekinlarni ko‘paytirish va qayta ishlashga bag‘ishlangan “Antioksidantlarga boy batat uni ishlab chiqarish”, dorivor hamda to‘yimli ozuqabop ekinlarni yetishtirishga bag‘ishlangan “Amarat - XXI asr o‘simligi”, dorivor Artishok o‘simligini viloyatimizda yetishtirish va uni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan “Fitobar super-power”, bug‘doy ekstraktidan to‘yimli va energiyaga boy ichimlik hamda kukun ishlab chiqarishga qaratilgan “Wheatgrass iste’mol qiling - salomat bo‘ling”, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi 20 ta oilaga resurs-tejamkor va yil davomida foydalanish mumkin bo‘lgan yopiq maydon qurib berish va bu orqali kambag‘allikni kamaytirishga qaratilgan “Innovatsion resurs-tejamkor kichik yopiq maydon” mavzularidagi startap loyihalari shular jumlasiga kiradi.

Yuqoridagi qayd etilgan 6 ta startap loyiha bilan bir qatorda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 1,3 mlrd so‘mlik 2 ta bug‘doydan bo‘shagan joylarga kam ish kuchi va resurs sarflab, yuqori samaradorlikka erishuvchi texnologiyalarni joriy qilishga bag‘ishlangan “Kombinatsiyalashgan qurilmani yaratish” mavzusida, qishloq xo‘jaligiga “Smart agriculture”, ya’ni suv rejimi va o‘simlik kasalliklarini masofadan monitoring qilishni joriy etishga qaratilgan amaliy loyihalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek,  Yevropa ittifoqining Finlandiya, Latviya va Litva oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda BioEcUz dasturi doirasida yashil iqtisodiyot masalalarini hal qilish va O‘zbekistonda 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab yangi “Bioiqtisodiyot” magistratura mutaxassisligini joriy etishga qaratilgan 70,2 ming yevrolik xalqaro loyiha bajarilmoqda.

Filialda ilmiy salohiyatni muntazam oshirib borish maqsadida mutaxassislik kafedralari qoshida 5 ta yo‘nalish bo‘yicha «Doktorantlar maktabi»da ilmiy seminarlar kursi tashkil etilgan. Ushbu maktab tadqiqotchilar va magistrantlarning ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishlari uchun ilmiy tajriba maydoni bo‘lib xizmat qiladi. 2022 yildan boshlab filialda Oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti ochilib, 3 ta ixtisoslik bo‘yicha tayanch doktorantlar qabul qilindi. 2021-2022 o‘quv yilida 3 ta tadqiqotchi dissertatsiya himoya qilib, PhD ilmiy darajasini oldi.

Professor-o‘qituvchilar va ilmiy tadqiqotchilarning xalqaro reytinglarda ko‘rsatkichlarini oshirib borish maqsadida Google scholar, Research Gate, Scopus/Wos bazalarida profillari shakllantirildi. Ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish, Extension center, o‘qitish kurslari va xo‘jalik shartnomalari hisobidan 241 mln so‘m mablag‘ filialning rivojlantirish fondiga tushirilib, bu mablag‘lar filialda ilmiy-innovatsion faoliyatning rivojlanishiga yo‘naltirilmoqda.

Sohada “Aqlli qishloq xo‘jaligi”ni joriy etish maqsadida 6,5 ga mevali bog‘ barpo etildi va masofadan boshqariluvchi tomchilatib sug‘orish tizimi ishga tushirildi. Shu bilan birga, AQShning Valmont irrigation korxonasi homiyligida 10 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish tizimini o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda.

Aytish mumkinki, bajarilayotgan loyiha ijrochilarining 55 foizi talabalardir. Bu ularning ilmga rag‘batini oshiribgina qolmay, hozirdanoq nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan boyitib borishlarini ta’minlaydi. 2022 yilda filialda bajarilishi rejalashtirilgan loyihalarda 50 ga yaqin talaba magistrantlarni jalb qilish ko‘zda tutilgan. Zero, talaba-yoshlar bo‘sh vaqtini bekor o‘tkazmasdan ilm-fanga bag‘ishlasa, sohaning yetuk va malakali mutaxassisi bo‘lib yetishadi. Qo‘shimcha daromad olish va jamiyat rivojiga ham o‘z munosib hissasini qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali Ⓣ

Mavzuga oid