Jamiyat | 20:00 / 24.03.2022
24333
5 daqiqa o‘qiladi
Reklama

“Yoshlar ovozi” tanloviga start berildi

Foto: Yoshlar ishlari agentligi

Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Yoshlar ishlari agentligi qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Bo‘zatov iqtidorlarni kashf etadi!” shiori ostida o‘tkazadigan “Yoshlar ovozi” tanlovining yangi mavsumiga ishtirokchilarni ro‘yxatga olish Telegram’dagi @YoshOvozBot orqali amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 2 oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida bergan topshiriq hamda kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayonida belgilangan vazifalar ijrosi asosida tashkil etilgan mazkur tanlov o‘tgan yili ilk marotaba o‘tkazilishiga qaramay, yoshlar orasida tez fursat ichida o‘z o‘rnini topdi. Tanlovning kasting bosqichida ishtirok etish uchun 3 mingga yaqin yoshlar onlayn tarzda hamda kasting o‘tadigan kuni shu joyning o‘zida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Har bir hududdan iste’dodli deb topilgan 87 nafar ovoz egalari respublika bosqichida yana bir bor o‘zlarini namoyon etib, ulardan 21 nafari g‘oliblar qatoridan joy oldi. Ahamiyatli jihati, tanlovning barcha jarayonlari – kasting bosqichidan tortib, respublika bosqichigacha xolis va haqqoniy o‘tishini ta’minlash maqsadida har bir ishtirokchining chiqishlari to‘liq tasvirga olinib,  tanlovning rasmiy ijtimoiy tarmoqlarida joylashtirildi. Bundan tashqari, tayyorlangan maxsus ko‘rsatuvlar efirga uzatildi. Hududlarda tashkil etilgan gala-konsertlarda esa yoshlarning katta sahnalarda o‘z san’atini namoyish etishlari uchun imkoniyat berdi. Hattoki, qisqa fursat ichida tanlovning madhiyasi ham yaratilib, yoshlar orasida ommalashdi. Taniqli san’atkorlar ishtirokida “Yulduzlar Bo‘zatovga chorlaydi!”, respublika bosqichi ishtirokchilari orasida esa “Bo‘zatov bizni kut!” kabi fleshmoblar keng qiziqishlarga sabab bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda Qoraqalpog‘iston Respublikasining qayta tiklangan Bo‘zatov tumani yosh san’at ixlosmandlarini birlashtiradigan yangi madaniyat va san’at o‘chog‘iga aylandi.

Bu yil ham tanlovni an’anaga aylantirish maqsadida yangi ovozlar kashf etiladi. O‘tgan yilgidan farqli o‘laroq, tanlov Nizomiga bir qator o‘zgarishlar kiritildi. Jumladan, mahallalarda yoshlar bilan ishlashning yaxlit vertikal “mahalla – tuman – viloyat – respublika” boshqaruv tizimiga asoslangan holda tanlov bosqichlari shunga moslashtirildi. Tanlov besh bosqichni o‘z ichiga oladi: saralash (barcha mahallalarda), sektor, mahalliy, hududiy hamda respublika. Hududiy bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan iste’dod egalari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanida bo‘lib o‘tadigan respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Agar o‘tgan yilgi tizim bilan qiyoslaydigan bo‘lsak, hududiy kasting bosqichidan tanlov to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshlangan va bu ko‘plab iste’dod egalarini kashf etish imkonini bermagan. Bu yilgi yangi mexanizm esa quyi bo‘g‘indan boshlab, har bir yoshning ovozini eshitishni, ularni to‘g‘ri yo‘naltirishni maqsad qilgan.

O‘tgan yili tanlov 2 yosh toifasida (6-15 yosh, 16-30 yosh), 3 ta  yo‘nalishda (an’anaviy ijro va baxshichilik, opera hamda estrada) o‘tkazilgan. O‘z navbatida ishtirokchilar o‘rtasida yosh mutanosibligini keltirib chiqargani bois bu yil tanlovda 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 3 yosh toifasida (10-15 yosh, 16-22 yosh va 23-30 yosh) baxshichilik, an’anaviy ijro (maqom, katta ashula, suvoraxonlik), opera hamda estrada kabi 4 ta yo‘nalishning birida ishtirok etishlari belgilandi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, o‘tgan yili 1-o‘ringa 50 mln, 2-o‘ringa 25 mln hamda 3-o‘ringa 15 mln so‘m miqdordagi pul mukofoti berilgan. Shuningdek, respublika bosqichiga chiqqan qolgan ishtirokchilarni rag‘batlantirish maqsadida 5 mln so‘mdan ajratilgan edi. Bu yil esa jamg‘arma miqdori o‘zgargan bo‘lib,  har bir yo‘nalish bo‘yicha 1-o‘rin egasi 50 mln, 2- va 3-o‘rin sovrindorlari 30 mln hamda 20 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritishadi. Bundan tashqari, qolgan respublika bosqichi qatnashchilari 10 mln so‘m bilan taqdirlanadilar.

Eslatib o‘tamiz, tanlov haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni tanlovning ijtimoiy tarmoqlaridagi rasmiy kanallari hamda mahallalardagi yoshlar yetakchilaridan olishlari mumkin.

Yoshlar ishlari agentligi matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid