O‘zbekiston | 12:00 / 25.03.2022
48150
8 daqiqa o‘qiladi
Reklama

“Asosiy vazifamiz avtomobillarni katta hajmda, qulay narxda, sifatli ishlab chiqarish” - UzAuto Motors rahbari Bo Andersson

Foto: UzAuto Motors

Kun.uz muxbiri UzAuto Motors rahbari Bo Andersson bilan UzAuto Motors’ning faoliyati va kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdi.

— Suhbatimizni raqobat masalasidan boshlamoqchiman. Xabaringiz bor, O‘zbekistonda bojxona to‘lovlari kamaytirildi. Bu UzAuto Motors kompaniyasiga qanday ta’sir qiladi? Raqobatga qanday qaraysiz?

— Bu yaxshi savol. Men bu yerga avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida xorijlik mutaxassis sifatida kelganman. UzAuto Motors har qanday boshqa ishlab chiqaruvchi bilan raqobatlasha olishiga ishonchim komil.

Men raqobatga ishonaman, raqobat bo‘lgani yaxshi! Agar raqobat bo‘lsa, hayotning o‘zi sizni yaxshiroq bo‘lishga majbur qiladi.

Raqobatga yaxshi qarayman. Hamisha Hyundai, Kia va Lada bilan raqobatlashishiga o‘rganganman. Bizning yangi mahsulotimiz raqobatbardosh bo‘lishiga mutlaqo aminman.

Bo Andersson

— Avtomobillar narxi va sifati o‘rtasidagi nisbat sizni qoniqtiradimi?

— Avvalo shuni aytmoqchimanki, sotuvi bo‘yicha eng ommabop avtomobil – bizning besseller Lacetti ekanligi meni hayratda qoldirdi. Shu o‘rinda yana shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, shaxsan menga ham Lacetti juda yoqadi. Agar narxiga keladigan bo‘lsak, shuni ta’kidlash kerakki, bunday avtomobil uchun 14 000 AQSh dollar ajoyib narx.

Sotuv natijalariga ko‘ra, ikkinchi ommabop avtomobil Damas hisoblanadi. Uning narxi ham juda raqobatbardosh. Bu Cobalt avtomobiliga ham tegishli.

Men xorijlik inson sifatida qarasam, O‘zbekistonda avtomobillar narxi juda raqobatbardosh, ularning sifati  ancha yuqori bo‘ladi.

— Kompaniyaning avtomobillarni magnitolasiz ishlab chiqarish qarori ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ldi. Nima sababdan bunday qaror qabul qilindi?

— Avvalo shuni aytmoqchimanki, so‘nggi ikki yilda har bir avtomobil ishlab chiqaruvchi yarimo‘tkazgichlar muammosiga duch keldi, har bir avtomobil ishlab chiqaruvchi u yoki bu darajada avtomobil magnitolasi muammosiga duch keldi. Afsuski, yetkazib beruvchimiz to‘satdan bizga pand berdi.  Bugungi kunda boshqa yetkazib beruvchilar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Bu esa o‘z navbatida,  avtomobillarimizda zamonaviy avtomagnitoladan foydalanish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan shuni ta’kidlamoqchiman: mijozlarimizning talablari yevropalik xaridorlarning talablaridan ancha yuqori ekani meni hayratda qoldirdi. O‘zbekistondagi har bir xaridor tach-skrin (sensorli ekran) o‘rnatilgan avtomobil sotib olishni xohlaydi. Har bir xaridor avtomobilni o‘rnatilgan orqa kamera bilan  sotib olishni xohlaydi.

Mening ona vatanim Shvetsiyada talablar butunlay boshqacha. Misol uchun, bizda eng ommabop avtomagnitola –1 DIN.

Shunday ekan, televideniyedagi jurnalist hamkasblaringiz aytganidek: “Bizning kanalda qoling, bizni kuzatishda davom eting”. Tez orada biz sizning e’tiboringizga yangi yechim va yangi avtomagnitolalarga ega yangi texnologiyali avtomobillarni taqdim etamiz.

— Siz vataningiz haqida gapirdingiz. Cobalt, Damas, Nexia, Gentra avtomobillaridan qaysi birini Yevropada, ayniqsa Shvetsiyada haydagan bo‘lardingiz?

— Mening sevimli avtomobilim – Lacetti. Shvetsiyada jonim bilan Lacetti avtomobilini haydardim.

— Agar sizda Volvo, Fiat yoki bizning avtomobillarni tanlash imkoniyati bo‘lganda, siz qaysi avtomobillarni tanlardingiz?

— Menimcha, bunday qiyoslash adolatdan emas, chunki Shvetsiyada 14 ming AQSh dollarga avtomobil sotib olishning imkoni yo‘q.

— Yangi modellar va ularning ishlab chiqarilish muddatlari haqida gapirib bersangiz, qachon va qanday avtomobillarni kutaylik?

— Bu yil bozorga yangi model – Chevrolet Tracker, kelasi yil boshida esa Chevrolet Onix'ni taqdim etamiz. Mijozlarimizga bu zamonaviy ikki avtomobil yoqishiga ishonchim komil.

Ikkala modelda ham oltita xavfsizlik yostiqchasi mavjud. Ular YTHga chidamlilik bo‘yicha besh yulduzli reytingga ega. Ushbu avtomobillar zamonaviy ko‘ngilochar tizim, Wi-Fi va to‘xtashga yordam beruvchi datchik bilan jihozlangan bo‘ladi. Bundan tashqari, Chevrolet Tracker va Chevrolet Onix yoqilg‘i sarfi jihatidan juda tejamkor – 100 kilometrga 6 litr.

— Yangi avtomobillarning narxi qanday bo‘ladi?

— Biz hozirda avtomobillarni jihozlash variantlarini ishlab chiqmoqdamiz va buning uchun biz mijozlarimiz bilan bevosita to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilyapmiz. Mijozlarimizga ilgari sotib olingan Tracker avtomobilining qaysi jihatlari yoqqani va yoqmagan jihatlari haqida savollar beryapmiz. Aytgancha, ma’lum bo‘lishicha, Tracker xaridorlari avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish narxidan juda mamnun.

Komplektatsiya va opsiyalarga keladigan bo‘lsak, bizni kuzatib boring, biz albatta bu haqida tez orada xabar beramiz.

— So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil saloniga suv kirishi haqida juda ko‘p shikoyatlar ko‘zga tashlanyapti. Kompaniya bu muammoni bartaraf etish uchun nimalarni amalga oshirmoqda?

— Ta’kidlashni istardimki, men har kuni sifat masalasi bilan shug‘ullanaman. Biz allaqachon ko‘plab sifat muammolarini hal qilishga muvaffaq bo‘ldik va ish faoliyatini taxminan 25 foizga oshirishga erishdik. Buning uchun biz zavodning o‘zida ham, dilerlar bilan ham ishlaymiz. Biz barcha asosiy dilerlarda Sifat xizmati vakillarining doimiy ishini tashkil etdik.

So‘nggi ikki hafta ichida avtomobil ichki qismiga suv kirganligi haqida ko‘plab xabarlarni ko‘rdim. Men o‘zim ham yomg‘irni yoqtirmayman – bu masala shaxsan o‘zimning nazoratim ostida va bu bilan doimiy ravishda shug‘ullanaman.

— Xaridorlar avtomobil uchun to‘lovni amalga oshirgach, avtosalonlarda uni uzoq muddat kutishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu holatlarga qanday izoh berasiz?

— O‘tgan yili biz 235 ming dona avtomobil ishlab chiqardik. Bu yil biz o‘z oldimizga ulkan maqsad qo‘yganmiz – 340 ming dona avtomobil ishlab chiqarish.

Mening asosiy vazifam – avtomobillarni katta hajmda, qulay narxda, sifatli ishlab chiqarish. Biz kuniga Lacetti avtomobilini ishlab chiqarish hajmini 100 taga oshirdik: 262 tadan 366 taga (27 foizga), Cobalt avtomobilini 342 tadan 420 tagacha (18 foizga) ko‘tardik.

Avtomobilni xaridorga yetkazib berish muddatini ikki barobarga qisqartirdik.

Bu yetarlimikin? Yo‘q, albatta! Shuning uchun ham biz yana ko‘p ishlaymiz!

Shubhasiz, barcha sa’y-harakatlarim jamlangan ustuvor masala bor: qulay narxda, sifatli avtomobillarni ko‘p hajmda ishlab chiqarish.

Biroq shu bilan birga, biz avtomobillarni tizimli qayta sotish holatlarini ko‘ryapmiz. Ko‘pincha, ba’zi mijozlarimiz sotib olgan mashinalarini darhol sotadilar. Mening vatanim Shvetsiyada, agar siz rasmiy diler bo‘lmasangiz, bu noqonuniy hisoblanadi.

— Va bizning oxirgi savolimiz - kelajak avtomobillarini qanday ko‘rasiz? Bu elektromobil bo‘lishi mumkinmi yoki boshqa variant?

— Men birinchi marta elektromobillar mavzusi bilan 1993 yilda duch kelganman. O‘ylaymanki, ko‘plab avtomobillar elektr bo‘ladi, lekin avtomobillarning taxminan yarmi an’anaviy ichki yonuv dvigatellari bo‘ladi. Hozirgi vaqtda elektromobillar mashhur bo‘lgan aksariyat mamlakatlarda ularga bo‘lgan qiziqish maxsus imtiyozlar bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Odamlar imtiyoz va subsidiyalarsiz elektromobilga o‘tadigan mamlakatni aytolmayman.

Kun.uz muxbiri suhbatlashdi Ⓣ

Mavzuga oid