Inson taqdiri bilan hisoblashilmaganda - IIV va Oliy sud bir vaziyatdagi ikki xodimga turlicha “muruvvat” ko‘rsatyapti
Kitob tumani IIB sobiq tergovchisi, leytenant Jamshid Obidov bo‘lim boshlig‘i bilan birga ayblangan va keyinchalik ikkisi ham oqlangan. Buni qarangki, boshliq allaqachon ishga tiklangan, Obidov urayotgan birorta eshik esa ochilmayapti.
Ushbu mavzuga bir muddat avval Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ham e’tibor qaratgan. U Koson tumanida o‘tkazgan uchrashuvida Obidovning ishi bilan tanishligini ma’lum qilib, Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasiga e’tirozlarini bildirgan.
O‘sha uchrashuvda «Viloyat ichki ishlar boshqarmasiga sudning qarori ham bir tiyin ekan degan gapni mandan eshitasizlar, televizorda gapiraman, bu yerda tartib yo‘q Qashqadaryoda deyman. Mani bilasizlar qanday gapirishimni. O‘zining xodimini yo‘q qilyapti bular deyman. Sudlashib yuribdi, himoya qilish o‘rniga deyman. Sud ishida buning huquqini himoya qilish kerak emasmi? Kim himoya qiladi buni?» – degan Akmal Saidov.
Jamshid Obidov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda o‘sha uchrashuvni eslarkan, Akmal Saidovning aralashuvi sabab adolat tiklanishiga katta umid bog‘laganini yashirmadi. Ammo o‘sha chiqishdan keyin ham hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan.
Obidov qanday vaziyatda xizmatdan bo‘shatilgandi?
Kitob tumani IIB tergov bo‘linmasi boshlig‘i, mayor Asatillo Saidov va tergovchi Jamshid Obidov o‘zaro til biriktirib, 1998 yilda pora olganlikda ayblanadi. Surxondaryo viloyat prokuraturasi tomonidan 1999 yil 3 avgust kuni ular jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb qilinadi. O‘sha yilning 5 avgust kuni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish haqida qaror chiqariladi. O‘z navbatida ular 1999 yil 2 avgustdan buyon xizmat intizomini buzib (aynan o‘sha kuni ular Surxondaryo viloyat prokuraturasiga tergov uchun chaqirtirilgan bo‘ladi), ishga chiqmayotganligi uchun IIB xizmati safidan bo‘shatiladi. Obidovning aytishicha, ular Surxondaryo viloyati prokuraturasiga borgach, qamoqqa olinishidan xabar topadi va ikkisi ham yashirinadi. Ta’qibda bo‘lgani uchun xizmatini davom ettira olmaydi.
Asatillo Saidov 2004 yil 21 yanvar kuni Navoiy viloyat sudi tomonidan oqlanib, 2005 yil Qashqadaryo viloyati IIB buyrug‘i bilan ishga tiklanadi. Boshqarmaning 1999 yil 14 avgustdagi buyrug‘ini bekor qilinib, bor maxsus unvoni bilan ichki ishlar idoralariga tiklanadi.
Biroq ushbu jarayonlar Jamshid Obidovga kelganda, osonlikcha hal bo‘lmaydi. Obidov Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2019 yildagi ajrimi bilan oqlanib, aybsiz deb topiladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudi 2019 yil 2 dekabrda Qashqadaryo viloyat IIBning 1999 yil 14 avgustdagi buyrug‘i g‘ayriqonuniy deb topish va Jamshid Obidovni ichki ishlar organlari xizmatiga tiklash hal qiluv qarori chiqaradi.
Xuddi mana shu o‘rinda Akmal Saidov dastlab e’tiroz qilgan vaziyat yuzaga keladi. Ya’ni, Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi sobiq xodimni ishga tiklash o‘rniga, u bilan sudlashishni lozim topadi. Qashqadaryo viloyat sudi viloyat IIBning apellyatsiya shikoyatini rad qilib, hal qiluv qarorini O‘zbekiston Respublikasi kuchida qoldiradi.
Shundan so‘ng Obidovni ishga tiklamaslik vaji bilan Qashqadaryo viloyati IIB Oliy sudga murojaat qiladi.
IIB va Oliy sud – qaysi biri xato qilyapti?
IIB Oliy sudga murojaat qilgach, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2020 yil 2 iyundagi ajrimi bilan quyi sud organlarining qarorlari bekor qilinadi. Jamshid Obidovning ichki ishlar organlari xizmatiga tiklash haqidagi da’vo arizasi rad etiladi.
Sodda qilib aytganda, Oliy sud ham, IIB ham Obidovning ishga tiklanmasligiga asos sifatida Qashqadaryo viloyati IIB tomonidan 1999 yil 14 avgustdagi 35-sonli buyrug‘ini ko‘rsatmoqda. Ushbu buyruqda sobiq xodim “Ichki ishlar idoralarida xizmat o‘tash to‘g‘risidagi muvaqqat Nizom”ning 69-moddasi, ya’ni ichki ishlar idoralari xodimi nomiga nomunosib xatti-harakat sodir etgani uchun ishga tiklanmayotgani ko‘zda tutilgan.
Buni qarangki, tergov bo‘limi boshlig‘i, lavozim jihatdan Obidovning rahbari bo‘lgan mayor Asatillo Saidov ham viloyat IIBning aynan yuqorida tilga olingan qarori bilan ishdan bo‘shatilgan, sudda oqlangan va ishga tiklangandi. Obidov ham xuddi shu xulosa, shu buyruq bilan ishdan bo‘shatilyapti, ammo negadir ishga tiklanmayapti.
Jinoyat-protsessual kodeksining 310-moddasida reabilitatsiya etilgan shaxsning mehnat qilish, nafaqa olish, uy-joydan foydalanish va boshqa huquqlari ham tiklanishi lozim, deb ko‘rsatilgan. Shuningdek, “Reabilitatsiya etilgan harbiy xizmatchilarning xizmatga oid, pensiya olish, uy-joydan foydalanish va boshqa shaxsiy hamda mulkiy huquqlarini tiklash va ularga yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash, ma’naviy ziyon oqibatlarini bartaraf etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorda ham “Reabilitatsiya etilgan harbiy xizmatchi ilgari xizmat qilgan joyiga (lavozimiga) tiklanishi lozim”ligi qayd etilgan.
Ammo negadir navbat Jamshid Obidovga kelganida, Qashqadaryo viloyat IIB mas’ullari va Oliy sud ko‘zini ko‘r, quloqlarini kar qilib olayotgandek. Har nima bo‘lganda ham har sohada adolat bo‘lgani yaxshi, albatta.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
17:49 / 06.12.2024
Oliy sud: 10 oyda 4 934 kishi sud zalida qamoqdan ozod qilindi
19:20 / 21.10.2024
Toshkentda sudyalar uchun Germaniya va Sloveniya tashkilotlari hamkorligida seminar-trening boshlandi
14:44 / 21.09.2024
Senatda Oliy sud raisiga o‘rinbosarlar saylandi
18:36 / 18.09.2024