Qonuniy huquqlarini talab qilgan iste’molchilar «samosud» qilindi
Toshkent shahrining Bektemir va Sergeli tumanlarida QR-kodli to‘lov cheki berilmagani sabab tadbirkorlar ustidan Davlat soliq qo‘mitasiga shikoyat yo‘llagan fuqarolar «samosud» qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda QR-kodli to‘lov cheki berilmagani uchun tadbirkorlar ustidan mas’ul organlarga shikoyat qilgan fuqarolar «samosud» qilingani aks etgan videolar tarqaldi.
Toshkent shahar IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu holatlar Toshkent shahrining Bektemir va Sergeli tumanlarida sodir etilgan.
«Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta fuqarolar boshqa fuqarolar tomonidan «samosud» qilinayotganligi, o‘zboshimchalik bilan so‘roqqa tutilayotganligi aks etgan videolar tarqalmoqda.
Aniqlanishicha, holatlardan biri Bektemir tumanida sodir bo‘lgan. Joriy yilning 18 mart kuni 2003 yilda tug‘ilgan fuqaro A.R. 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro P.S. va 1991 yilda tug‘ilgan K.F.larning do‘konlariga xaridor sifatida kirib, do‘kon xodimlari xarid qilingan mahsulot uchun to‘lov varaqasi (chek)ni bermaganligi yuzasidan ushbu do‘konlarning «QR-kodini» skaner qilib, «Soliq hamkor» sahifasiga yuborgan. Va buning natijasida xaridor do‘kon xodimlari tomonidan turli so‘zlar bilan haqorat qilingan .
Bundan tashqari, 20 mart kuni Sergeli tumanida bir nechta fuqarolar 1997 yilda tug‘ilgan L.F.ni do‘kon xodimlari xarid qilingan mahsulot uchun to‘lov varaqasi (chek)ni bermaganligi bo‘yicha ma’lumotlarni soliq idoralariga berayotganlikda ayblashgan. Shundan so‘ng fuqarolar 1984 yilda tug‘ilgan D.G‘., 1998 yilda tug‘ilgan X.A., 1983 yilda tug‘ilgan U.L., 1981 yilda tug‘ilgan N.N., 1990 yilda tug‘ilgan X.S. va boshqalar L.F.ni turli so‘zlar bilan haqoratlab, shovqin ko‘tarib, jamoat tartibini buzishgan.
Hozirda ushbu fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-modda («Haqorat qilish»), 183-modda («Mayda bezorilik»), 200-modda («O‘zboshimchalik»)lari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan», deyiladi rasmiy munosabatda.
Ma’lumot uchun, «Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq, 2022 yil 1 yanvardan boshlab, chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari tomonidan taqdim qilingan xarid chekini «Soliq» mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolarga umumiy xarid summasining 1 foizi keshbek shaklida qaytarilishi ko‘zda tutilgan.
Agar sotuvchi tomonidan chek bermaslik holatlari kuzatilganda, «Soliq» ilovasining «Soliq hamkor» bo‘limi orqali Davlat soliq qo‘mitasiga xabar berish imkoniyati mavjud.
Jismoniy shaxslar chek yoki unga tenglashtirilgan hujjatlarni taqdim etmagan tadbirkorlar ustidan soliq organlariga xabar bergan taqdirda, undirilgan jarimaning 20 foizi jismoniy shaxsga to‘lab beriladi; qolgan 80 foizi qonunchilikda belgilangan tartibda davlat budjeti va Soliq qo‘mitasining moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi o‘rtasida taqsimlanadi.
Mavzuga oid
13:05 / 23.12.2024
1 yanvardan ayrim tadbirkorlarga kommunal xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi
11:26 / 23.12.2024
Tuman va shaharlar hokimliklariga qo‘shimcha ma’muriy vakolatlar beriladi
20:49 / 21.12.2024
“Tannarxni tushirish – kengayish, hajmni oshirish bilan bo‘ladi” - Zafar Hoshimov
18:36 / 20.12.2024