O‘zbekiston | 17:51 / 29.03.2022
8412
2 daqiqa o‘qiladi

Imtihonda qo‘lga tushgan abituriyentlar kirish imtihonlaridan 5-7 yilgacha chetlashtirilishi mumkin

DTM Adliya vazirligi va Bosh prokuratura bilan hamkorlikda taqiqlangan vositalardan foydalangan abituriyentlar uchun qonuniy choralar ko‘rish yo‘llari ustida ishlamoqda.

Bu haqda bugun, 29 mart kuni Davlat test markazi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.

“Odatda, kirish imtihonlarida tartibni buzgan, taqiqlangan vositalardan foydalangan abituriyentlar imtihondan chetlashtiriladi. Agar bunday xatolik nazoratchilar tomonidan qilinsa, ular ham chetlashtiriladi. DTMda qoida buzgan nazoratchilarning ro‘yxati bor. Har yili imtihonda nazoratchi bo‘lish uchun o‘qituvchilar ro‘yxati so‘raladi. Agar ular oldingi yillarda qoida buzgan bo‘lsa, bunday shaxs nazoratchilikka qo‘yilmaydi.  

Lekin qoida buzgan abituriyentlarga hech qanday chora ko‘ra olmaymiz. Hozirgi kundagi qonunchilik hujjatlarida bu belgilanmagan”, dedi DTM direktori Majid Karimov.

Qayd etilishicha, abituriyentlar imtihonga kiritishda barmoq izi, face-kontrol orqali tekshiriladi va shu orqali ular qattiq nazoratga olinadi.

“Adliya vazirligi va Bosh prokuratura bilan abituriyentlarning imtihonda qatnashishini cheklash masalasi ko‘rilyapti. Bu borada xalqaro tajriba ham o‘rganilgan. Tartibni buzgan abituriyentlar 5-7 yilgacha umuman qabul imtihonida ishtirok etmasligi, agar OTMda o‘qisa, talabalikdan chetlashtirish masalasini normativ-huquqiy jihatdan qonuniylashtirish yo‘llarini ko‘rib chiqyapmiz”, deya ma’lumot berdi Majid Karimov.

Markaz bosh boshqarma boshlig‘i Farhod Mirzayevning qo‘shimcha qilishicha, hozir sayyor qabullarda abituriyentlar bilan uchrashuvlarda imtihonga turli taqiqlangan vositalarni olib kirish ularning bir yillik mehnatini yo‘qqa chiqarishi haqida tushuntirishlar olib boriladi, roliklarda ham bu masalaga to‘xtalib o‘tiladi. 

Mavzuga oid