O‘zbekiston | 07:27 / 02.04.2022
6444
2 daqiqa o‘qiladi

Chet el fuqarolariga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi tasdiqlandi

Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Foto: Kun.uz

Nizom boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan va O‘zbekiston hududida vaqtincha turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga davlat sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan malakali tibbiy yordam ko‘rsatish tartibini belgilaydi

Shu bilan birga, nizom talablari O‘zbekistonda doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi, chunki ular sog‘liqni saqlashga bo‘lgan huquqdan respublikaning fuqarolari bilan bir qatorda teng huquqlarga ega.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:

  • bepul kechiktirib bo‘lmaydigan tez tibbiy yordam olish va pulli asosda rejali tibbiy yordam olish;
  • tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganligi, sog‘lig‘ining holati, qo‘yilgan tashxis to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda uni tekshirish va davolash chog‘ida olingan boshqa ma’lumotlar sir saqlanishini talab qilish;
  • tibbiy aralashuvga o‘z ixtiyori bilan rozilik berish yoki uni rad etish;
  • ixtiyoriy tibbiy sug‘urta doirasida tibbiy xizmatlardan foydalanish;
  • tibbiy yordam ko‘rsatish vaqtida sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan taqdirda ko‘rilgan zararning o‘rnini qonunda belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish va boshqalar.

Shu bilan birga, ular quyidagilarga majbur:

  • tibbiyot xodimlariga o‘zlarida jamoat salomatligi uchun xavf tug‘diradigan kasalliklar, odamning immunitet tanqisligi virusi mavjudligi to‘g‘risida xabar berish, shuningdek boshqa odamlar bilan aloqada bo‘lganda ehtiyot choralarini ko‘rish;
  • tibbiyot xodimlarini ularda oldin aniqlangan dori vositalarini qabul qilishga allergik reaksiyalar va boshqa nojo‘ya ta’sirlar mavjudligi haqida xabardor qilish;
  • davolovchi shifokor tomonidan belgilangan davolash tadbirlariga rioya qilish.

Mavzuga oid