Jahon | 21:23 / 05.04.2022
13721
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston TIV rahbari: «LXR va DXRni tan olmaymiz»

Foto: gov.kz

Qozog‘iston prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Temur Suleymanov Euractiv nashriga bergan intervyusida mamlakatning Ukrainadagi voqealar va Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha rasmiy pozitsiyasini bildirgan. Buni Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi tasdiqladi.

«Ha, biz ayni damda LXR va DXRni tan olmaymiz. Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan qo‘llanayotgan sanksiyalar Rossiyaga qaratilgan, biz bu sanksiyalarga qo‘shilmaymiz», degan Qozog‘iston TIV rahbari. Uning aytishicha, Temur Suleymanovning gaplari mamlakat rasmiy pozitsiyasini ifoda etadi.

Shu bilan birga, Qozog‘iston tashqi ishlar vazirining aytishicha, mamlakat Rossiya sanksiyalarini aylanib o‘tadigan maydonga aylanmasligi kerak: «Qozog‘iston uchun ikki narsa muhim: sanksiyalar Qozog‘iston iqtisodiyotiga salbiy ta’sir qilmasligi va mamlakat hududidan bu sanksiyalarni aylanib o‘tish uchun foydalanmasliklari», degan TIV rahbari.

Qozog‘iston prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Temur Suleymanov Bryusselga tashrifi davomida Euroactiv nashri muxbirining savoliga javob berar ekan, mamlakat G‘arbning sanksiyalariga uchrashni istamasligini aytgandi. «Ha, biz Rossiya, Belarus va boshqa davlatlar bilan bitta iqtisodiy ittifoqdamiz, ammo biz xalqaro hamjamiyatning ham bir qismimiz. Shu sabab Yevropa Ittifoqi va AQShning ikkilamchi sanksiyalariga uchrashni istamaymiz», deb Suleymanovning so‘zlarini keltirgan Mk.kz.

Suleymanov Qozog‘iston Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qilishini, Qrim va Donbass maqomi bo‘yicha BMT pozitsiyasini qo‘llashini aytgan. «Biz Qrimda va Donbassda bo‘lgan hodisalarni tan olmaymiz, chunki ularni BMT tan olgani yo‘q», degan Qozog‘iston hukumati vakili Suleymanov.

Mavzuga oid