Sariosiyodagi kichik mahallaning katta muammolari: mahalla ahli rahbarlar e’tiboridan umidvor
Sariosiyo tumani markazidagi Mirzo Ulug‘bek mahallasida istiqomat qiluvchilar yechimini kutib yotgan muammolar haqida murojaat qilishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, mahalla ko‘chalari «Obod mahalla» dasturi asosida obodonlashtirilgan. Markaziy yo‘ldan ko‘rinib turgan qismida joylashgan ikki qavatli turar joy binolarining tomlari almashtirilgan, hovlida yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Yo‘laklar betonlangan.
Biroq mahallaning ko‘chadan ko‘rinmaydigan, ko‘zdan pana qismida ishlar o‘lda-jo‘lda amalga oshirilgan.
Tohir Mahmudovning ko‘rsatib berishicha, ko‘p qavatli uylardan birining tomi yopilmagan, tomi yopilgan yana birining esa yomg‘ir suvi ketadigan novlari oxirigacha o‘rnatilmagan. Tunda hovlini yorituvchi chiroqlar esa faqat katta ko‘chadan ko‘rinib turuvchi «dom»larning oldiga o‘rnatilgan.
Mahallada yashovchilarning aytishicha, ko‘p qavatli uyda yashashlariga qaramasdan, ularga tabiiy gaz ballonlarda yetkaziladi.
Ballondagi gaz ovqat pishirish uchun o‘z vaqtida yetkazilmoqda, biroq bahor, kuz va qishning sovuq kunlarida odamlar uylarida pechka yoqib, yoki elektr pechkani qo‘shib isinishadi.
Darhaqiqat tuman gaz ta’minoti idorasi ushbu hududdan bor-yo‘g‘i 300 metr narida joylashgan. Boz ustiga, poyezd yo‘lining narigi tomonidagi hovlilar gaz bilan ta’minlangan. Ko‘p qavatli uylarda ham bir paytlar montaj qilingan gaz quvurlari, gaz taqsimlash punkti hanuzgacha saqlanib turibdi. Biroq bir paytlar tabiiy gaz quvurda kelgan ko‘p qavatli uylar bugun gazga zor.
Shu mahallada ko‘p yillardan buyon istiqomat qiluvchi nuroniylardan Tolibjon Ergashevning aytishicha, bir paytlar ushbu ko‘p qavatli uyda yashovchilar uchun xizmat qilgan tashqaridagi hojatxonalar obodonlashtirish ishlari o‘tkazilishi asnosida buzib tashlangan. Yangisi qurib berilishi va’da qilingan, lekin va’da bajarilmagan.
Bu uylar kanalizatsiya tizimiga ulangan. Lekin u buzuq va sal nariroqdan toshib chiqmoqda. Atrofda antisanitariya holati hukmron. Ayniqsa, yozning issiq kunlarida atrofni qo‘lansa hid tutib ketadi. Turli kasalliklar o‘chog‘iga ham aylanishi turgan gap.
Mahalla faollari bu borada murojaat qilmagan joyi qolmagan. IV sektorga qarashli bu hududdagi muammolarni hal qilishda soliq idorasi rahbarining kuchi yetmayotganini ham ta’kidlab o‘tishdi. Eski hojatxonalar o‘rni chiqindixonaga aylangan, u yerlar ham anchadan buyon tozalanmagan shekilli, har yoqda axlat va chiqindi uyumlari to‘planib yotibdi. Uy-joy mulkdorlari shirkatining borligi, ishi bilinmaydi.
Mahalla fuqarolari yig‘ini raisi Mavjuda Xaynazarova ham bu borada o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Qurilishlar bo‘yicha murojaatlar qilingani, hojatxonalar mahalla ahlidan pul yig‘ib qilinishi kerakligi lekin har 10 kishidan bittasi pul berishga rozi bo‘lganini aytdi. Mahallaga tabiiy gaz o‘tkazishni 1 aprelgacha amalga oshirish va’da qilingan.
Kichik bir mahallaning ulkan va e’tibortalab muammolari mana shulardan iborat. Mahalla ahli tashabbusli budjet portalining ikkinchi mavsumida muammolarini olib chiqib, mablag‘ uchun kurashishsa bo‘ladi.
O‘ylaymizki, Sariosiyo tumanining inson qadrini ulug‘lashni oliy maqsad qilgan mas’ul rahbarlari fuqarolarni yana bir bor tinglashadi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishadi, muammolarni uzil-kesil hal qilish choralarini ko‘rishadi va bu haqda barchamizga ma’lum qilishadi.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz jurnalisti
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
19:21 / 13.12.2024
Sariosiyoda aholi punktiga tog‘dan bo‘rilar galasi tushib keldi
18:29 / 03.09.2024
“Ko‘z o‘ngimda do‘stimga o‘q tegib, joni uzildi”: Sariosiyo janglarida qatnashgan harbiy hikoyasi
14:07 / 28.03.2024
Surxondaryoda YTHda haydovchi ayol va uning farzandlari halok bo‘ldi
16:47 / 16.11.2023