Jamiyat | 22:45 / 06.04.2022
44480
3 daqiqa o‘qiladi

Aslida kim eshak? - Eshaklarni shafqatsiz kaltaklagan ikki erkak qidirilmoqda

“Mehr va oqibat” tashkiloti ikki erkak eshaklarni xoda bilan ayovsiz kaltaklagani aks etgan videoni tarqatdi. Voqea voyaga yetmagan bola guvohligida bo‘lgan. Ekoinspeksiya, ichki ishlar organlari va milliy gvardiya huquqbuzarlarni qidirmoqda. Voqea Qashqadaryoda bo‘lgani aytilyapti.

Foto: Videodan kadr

Bugun, 6 aprel kuni jonivorlarni himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi “Mehr va oqibat” nodavlat tashkiloti Telegram-kanalida eshaklarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lingani aks etgan video e’lon qilindi.

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida olingani aytilgan videoda ikki erkak eshaklarni falaj qilish va yiqitish uchun ularning bo‘yin va boshiga xoda bilan tinimsiz urayotgani, eshaklardan biri karaxt holda yerga yiqilganini ko‘rish mumkin.

Kadrda, shuningdek, jonivorlarga nisbatan bo‘layotgan ushbu shafqatsiz munosabatni voyaga yetmagan yosh bola kuzatib turgani ham aks etgan.

“Ichki ishlar vazirligidan videorolik ishtirokchilarini topib, qonun doirasida jazolashni so‘raymiz”, – deyiladi video ostidagi izohda.

Kun.uz muxbiri Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasidan videodagi holat va uning ishtirokchilari bo‘yicha izoh so‘radi.

Qo‘mita matbuot kotibi Bunyod Abdullayevning aytishicha, holat yuzasidan allaqachon ekologik nazorat inspeksiyasi, ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari ishtirokida qidiruv harakatlari boshlab yuborilgan.

“Holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish to‘g‘ridan to‘g‘ri bizning vakolatimizda bo‘lmasa-da, qidiruvda ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari bilan birga bizning inspektorlar ham qatnashmoqda.

Bu o‘rinda bizni chalg‘itadigani voqea, aytilganidek, Kitob tumanida emas, butunlay boshqa joyda va bir necha yil avval sodir bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin ishonch bilan aytamanki, bu “eshakfe’llar”ni albatta topamiz. Quvada bundan ham qiyin vaziyatda jonivorlarga shafqatsizlik qilgan shaxslarni aniqlay olgandik-ku”, – deydi qo‘mita matbuot kotibi.

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (810 ming so‘mdan 1 mln 350 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa yoki hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, BHMning besh baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qo‘llashga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid