Jamiyat | 17:37 / 06.04.2022
29488
2 daqiqa o‘qiladi

Zangiota tumani hokimi yordamchisi pora bilan qo‘lga tushdi

Tadbirkorning 15 500 AQSh dollarini qo‘lga kiritgan Zangiota tumani hokimi yordamchisi va uning sherigi ushlandi.

Zangiota tuman hokimining mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi A.Yu. va tuman kadastr bo‘limi sobiq xodimi U.A. pora olish vaqtida qo‘lga olindi. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lumotiga ko‘ra, bu shaxslar tadbirkor R.dan qurilishga ruxsatnoma va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish uchun 15,5 ming dollar olishgan, yana 1 ming dollar olish vaqtida qo‘lga tushgan.

«Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Zangiota tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Zangiota tuman hokimining mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi A.Yu. tuman kadastr bo‘limi sobiq xodimi U.A. bilan oldindan til biriktirib, xususiy tadbirkor R.ning ishonchiga kirib, unga «Mevazor» MFYda joylashgan 8 sotix yer maydonida turar joy binosini qurish uchun ruxsatnoma olib berish hamda kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 2021 yil davomida jami 15 500 AQSh dollarini qo‘lga kiritib, yana 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan», deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan avvalroq Zangiota tumani hokimining sobiq o‘rinbosari qidiruvga berilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid