O‘zbekiston | 07:22 / 08.04.2022
13856
2 daqiqa o‘qiladi

Chinozda katta miqdordagi mablag‘larni talon-toroj qilgan bank xodimi qo‘lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida Chinoz tumanidagi tijorat banklaridan birining xodimi sodir etgan noqonuniy faoliyat fosh etildi.

DXX xabariga ko‘ra, X.A. mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda, 2020 yilda turmush o‘rtog‘i nomiga dehqon xo‘jaligi tashkil etib, uni o‘zi ishlaydigan bank ta’minotchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. 

U “Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida 15 nafar fuqaroga ajratilgan jami 397,3 mln so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘larini dehqon xo‘jaligi hisob raqamiga o‘tkazib, fuqarolarga naqdlashtirib berishi natijasida ushbu mablag‘lar maqsadsiz sarflangan.
 
X.A. 2021 yilda 3 nafar yaqin tanishi nomiga dehqon xo‘jaliklari tashkil qilib, ularni ham bank ta’minotchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan va “Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida 71 nafar fuqaroga ajratilgan jami 2 mlrd 182 mln so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘larini ushbu xo‘jaliklar orqali naqdlashtirib berishi natijasida mazkur mablag‘lar maqsadsiz sarflangan.

2020 yilda 10 nafar fuqaroning nomiga ularning xabardorligisiz hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan mini pechlar xarid qilish uchun 60 mln so‘m miqdorida kredit ajratilishiga erishgan va ularni ham o‘ziga tegishli ta’minotchi dehqon xo‘jaligi hisobiga o‘tkazib, talon-toroj qilgan.

Hozirda X.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167- (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205- (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddalari (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid