O‘zbekiston | 10:40 / 11.04.2022
57858
18 daqiqa o‘qiladi

Shuhrat G‘aniyevning yopiq majlisi bayoni va hokimiyat bosimi bilan Norin fermerlari boshqa klasterga o‘tdi

Fermerlarning klasterni erkin tanlash huquqi buzilishiga oid navbatdagi holat Namangan viloyatining Norin tumanida yuzaga kelgan. Tumandagi 140ta fermer xo‘jaligi bilan uch yildan beri ishlab kelayotgan Uztex Uchkurgan klasteri o‘rnini bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev imzolagan yopiq yig‘ilish bayoniga ko‘ra Iftihor Kiyim Sanoat klasteri egallamoqda.

Bu – 2022 yil mart oyida o‘tkazilgan paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika komissiyasi yig‘ilishining qarorida belgilangan.

Biroq namanganlik fermerlar Uztex Uchkurgan bilan uch yillik hamkorlikdan faqat manfaat topganliklarini ta’kidlab, klasterning almashganidan noroziligini bildirishmoqda.

Fermerlar Uztex Uchkurgan klasteri bilan ayni paytda 2022 yil hosili uchun qonuniy shartnoma imzolab bo‘lgan. Viloyat hokimligi vakillari va tuman hokimi fermerlarning e’tirozini e’tiborga olmayapti.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2021 yil noyabr oyidagi 14-sonli farmoniga asosan, fermerlar klasterlar bilan ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomasi tuzishga haqli.

Uztex Uchkurgan klasteri mutasaddilari tumanda uch yil davomida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishayotganini aytib, respublika komissiyasining protokoli prezident farmonining bir qator bandlariga zid ravishda qabul qilinganini bildirishdi.

Biz Norin tumanida bo‘lib murojaatchi fermerlar, klasterlar mutasaddilari va tuman hokimi Jo‘rabek Nurmatov bilan suhbatlashib masalaga oydinlik kiritishga urindik.

“Yangi klaster bilan shartnoma tuzmaymiz!”

“Biz shu uch yildan beri Uztex Uchkurgan klasteri bilan ishlab kelyapmiz. Paxta pullarini vaqtida to‘lab beryapti. Muammo yo‘q. Kecha aytishdi, qanaqadir protokol bilan Norin tumanida Iftihor Kiyim Sanoat klasteri ochilibdi.

Rahbarlar tomonidan: “Norin fermerlari yangi klasterga biriktirildi, shu bilan shartnoma tuzasizlar”, deyilyapti. Lekin biz Uztex bilan shartnomamizni bir tomonlama buzmoqchi emasmiz. Sababi, shartnomani bir tomonlama buzish uchun o‘ziga yarasha obektiv, sub’yektiv sabablari bo‘lishi kerak. Ular shartnomada ko‘rsatilgan qanaqadir majburiyatlarni bajarmayotgan bo‘lishi kerak.

Layloxon Xolmirzayeva

Yoki yana bizga to‘g‘ri kelmayotgan, yoqmayotgan taraflari bo‘lsa, o‘shanda biz sudga ariza bilan murojaat qilib, o‘z huquqlarimizni himoya qilib, shartnomani bekor qilishimiz mumkin. Lekin hozircha hammasi yaxshi ketyapti”, – deydi “Eraliyeva Kimsanoy” fermer xo‘jaligi rahbari Layloxon Xolmirzayeva.

Fermerning so‘zlariga ko‘ra, Uztex Uchkurgan o‘tgan yilgi paxta pulini noyabr oyida to‘lashni boshlagan. Dekabrda qolganini to‘lab, 31 dekabrgacha, yangi yilgacha hamma pullarni hisob-kitob qilib bo‘lgan.

“Bizning paxta yetishtirishdan asosiy maqsadimiz – foyda olish, pullarimizni vaqtida tushirish va tushgan pullarimizdan o‘zimizning texnikalarimizdan kreditlarimiz bo‘lsa, ularni uzish, yaxshi kunlarimizga ishlatish. Kecha hokimiyatdagi majlisda ham o‘zimning mustaqil fikrimni bildirdim, Uzteks korxonasi bilan shartnomani bekor qilmoqchi emasman. Boshqa fermerlardan ham so‘rab ko‘rishingiz mumkin, hammaning fikri shunday”, – dedi “Eraliyeva Kimsanoy” fermer xo‘jaligi rahbari Layloxon Xolmirzayeva.

Layloxon Xolmirzayeva prezident farmoni talabiga teskari ish bo‘layotganidan hayronligini yashirmadi.

“Hayron bo‘lyapman, prezidentimizning 2021 yili 14-sonli farmoniga asosan, fermerlar o‘zlari mustaqil ravishda klaster tanlashi kerak. O‘zlari xohlagan klasterga yetishtirgan paxta hosilini sotishi kerak. Endi hozir buni bu bilan solishtirsam, ikkalasi bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti. Menimcha, muhtaram yurtboshimizning fikrlari, ularning qabul qilgan farmonlari protokoldan ustuvor bo‘lsa kerak”, – deydi u.

Tumandagi “Foziljon qizi Zulxumor” fermer xo‘jaligi rahbari Zohidjon Odilov ham klasterni o‘zgartirishga zarurat ko‘rmayotganini aytdi.

Zohidjon Odilov

“Uztex Uchkurgan klasteri bilan uch yildan beri ishlayapman. Mineral o‘g‘itlarimni ham vaqtida yetkazib beryapti, ishchilarimizning oyliklari ham vaqtida bo‘lmoqda. Klaster bilan shartnoma qilishdan oldin biz korxonalarini borib ko‘rib o‘rganib kelganmiz. Klasterning fabrikalarigacha borib ko‘rganmiz. Shartnoma qildim, haqiqatan adashmagan ekanman. Yangi klasterga Norin tumani biriktirilibdi, bizni birov majburlagani yo‘q,

Shaxsan mening fikrim, men Uztex Uchkurgan korxonasi bilan ishlayman. Bular bilan shartnomam bor. Uch yil ichida faqat manfaat topdim, faqat daromad topdim.

Tuman hokimi yangi klasterni kecha tanishtirdi. Bu bizni yangi klasterimiz dedi, Norin tumani shunga biriktirildi dedi, protokoli chiqqan dedi. Xo‘p dedik. Kimda so‘z bor deganda, men so‘zga chiqib, haqiqatan men bularning kimligini hali bilmayman, bularning fabrikasini ko‘rganim yo‘q, boshqasini ko‘rganim yo‘q, buning ustiga 2022 yil hosili uchun men shartnomani tuzib bo‘lganman, deb aytdim”,– deydi fermer.

Tumandagi yana ikkita fermer xo‘jaligi rahbarlari Dilshodbek Turg‘unboyev va Shavkatbek Rahmonovlar ham uch yildan beri hamkorlik qilib kelayotgan ishonchli va manfaatli klaster bilan shartnomani bekor qilish aqlga sig‘masligini bildirishdi.

Yangi klasterning qo‘qqis kelgani tushunib bo‘lmas holat”

Uztex Uchkurgan korxonasi direktori Bahromjon Qo‘chqorov bilan bo‘lgan suhbatimiz davomida mutasaddi 2019 yildan beri tumandagi 140 nafar fermer bilan hamjihatlikda ishlab kelishayotganini, tumanga yangi klaster kelayotgani ularni ham hayratga solganini aytib o‘tdi.

“Korxonamiz 2019 yildan buyon Norin tumani fermerlari bilan shartnoma asosida ishlab keladi. Asos qilib Vazirlar Mahkamasining 2018 yilda chiqarilgan 744-sonli qarori olingan. Shu asnoda fermerlar bilan paxtani yetishtirish, terib olish va qayta ishlash jarayonini o‘z ichimizga olganmiz.

Fermerlarning texnik salohiyati ancha oshgan: 2019 yilda Norin tumanining texnika bilan ta’minlanganlik darajasi 40 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda fermer bilan klasterning ish birligi shaklida bu ko‘rsatkich 103 foizga yetgan.

2019 yilda fermerlarning asosiy qismi transh pullari evaziga daromadlari o‘ta kam yo yo‘q yoki qarzda bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda fermerning daromadini 47 milliard so‘mga chiqardik.

Yangi 2022 yil hosili uchun shartnomaga asosan hozirgi kungacha fermerlarga qariyb 30 milliarddan oshiq pul va mahsulot yetkazib berildi. Kuni kecha Norin tumanida yangi klaster tashkil topyapti deyishdi. Biz bunga qarshi emasmiz. Prezidentimizning farmonlari bor, 2021 yildagi 14-sonli farmon. Undan chiqib, klasterlar faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida 733-qaror ham chiqqan. U yerda klasterning tashkil topishi, ishlashi, qay shaklda shartnomani buzganda klaster faoliyatini tugatish to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berilgan. Bundan tashqari, fermerlarning o‘ziga qaysi klaster bilan ishlashi tanlov huquqi berilgan. Yangi klaster ochilayotganiga bizning qarshiligimiz yo‘q. Masalaga oydinlik kiritish uchun tuman hokimligiga murojaat qildik. Lekin hozircha javob olmadik.

Boshqa klaster kelishi niyati bo‘lganda tegishli qarorga asosan 1 oktyabrgacha klasterlarning tanlovi bo‘lgan bo‘lishi kerak edi va o‘sha paytda e’lon qilinishi kerak edi.

Kuni kecha Norin tumanida yangi klaster ochilishi munosabati bilan fermerlarni yig‘ib, tanishuv marosimi o‘tkazishibdi. Shundan so‘ng fermerlar bo‘layotgan ishlarga tushunmay, bizning rahbariyat bilan ko‘rishish istagini bildirishdi. Biz albatta bunga qarshilik qilmadik. Rahbariyat keldi. Fermerlar biz bilan qolmoqchi.

Takror aytaman: Norin tumanidagi 141 ta fermer xo‘jaligi bilan 2022 yil paxta hosili uchun fyuchers shartnomalari imzolangan bo‘lib, ular rasmiy kuchga ega va tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limida ro‘yxatdan o‘tkazilgan”, deydi Uztex Uchkurgan korxonasi direktori Bahromjon Qo‘chqorov.

Norin hokimi intervyu berdi. Lekin savollar ochiq qoldi

Hokimlarning turli yig‘ilishlari ko‘p ekan. Norin tumani hokimi Jasurbek Nurmatovni topish oson bo‘lmadi. Ikki kun deganda mutasaddining aholi bilan uchrashuvi bo‘layotgan joyiga borib savollarimizga javob oldik.

“Haqiqatan bizda Uztex Uchkurgan korxonasi hozirgacha Norin, Uchqo‘rg‘on, Uychi tumanlarida klaster sifatida faoliyat olib borgan. Bugungi kunda bosh vazir o‘rinbosarining tasdiqlagan hujjatiga, Prezident administratsiyasi bergan xatga asosan, yangi klaster tashkillandi. Chunki belgilangan normativlari, belgilangan ballari bo‘yicha 17 ta klaster o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda shu Iftihor Kiyim Sanoat korxonasi Norin tumaniga klaster sifatida qo‘yildi.

Bizning fermerlarimiz boshlanishida sal sarosimaga tushishdi, sababi chigit ekish mavsumi boshlangani, agrotexnik tadbirlar hozir dolzarb paytdaligi uchun ta’minotda uzilish bo‘lib qolishi mumkin degan sal xavotir bo‘ldi ularda. Lekin xavotirga o‘rin yo‘qligini biz tushuntirdik, o‘zlari ham borib, hamma hududlardan vakillari borib, Iftixor kiyim-sanoat korxonasining bugungi kundagi moliyaviy holati, ishlab chiqarishi, umuman, olib borayotgan faoliyati bilan tanishib, bunga o‘zlari ham ishonch hosil qildi. Demak, ta’minot bo‘yicha hech qanaqa masala bo‘lmaydi.

Bugungi kunda mineral o‘g‘it, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari uchun 10 milliard mablag‘ tushdi, hozir shartnomalarni oxiriga yetkazib, ta’minotda hech qanday uzilishni qoldirmaymiz. Guruh-guruh bo‘lib, olib borib, ularni Iftihor Kiyim Sanoat faoliyati bilan tanishtirib, klasterning kelajagi, yangi rejalari bilan tanishtirildi. Hammasi rozi, hozircha hech qanaqa masala yo‘q”, – dedi hokim.

— Uztex Uchkurgan va fermerlar o‘rtasida shu paytgacha shartnoma shartlarini bajarmaslik muammosi bo‘lmaganmi?

— Shartnoma shartlarini bajarmaslik deganimiz qanday... Endi, fermerlar shartnomani bajarmagan holatlari bo‘lgan. Lekin Uztex Uchkurgan tomonidan ham o‘tgan yilgi, oldingi mavsumlarda fermerlarimiz bilan ozgina muzokaralar bo‘lgan. Lekin bular o‘sha paytning o‘zidayoq hal bo‘lgan. Katta muammo bo‘lmagan.

— Prezidentning o‘tgan yil noyabr oyidagi 14-farmoniga asosan, fermer xo‘jaliklari o‘zlari xohlagan va o‘zlari uchun manfaatli bo‘lgan klaster bilan shartnoma tuzish huquqiga ega. Hozir tumandagi fermer xo‘jaliklari xohlaganlari Uztex Uchkurgan bilan, xohlaganlari Iftihor Kiyim Sanoat bilan shartnoma tuzadimi?

— Hozir hammasi “Iftixor kiyim sanoat” bilan shartnoma tuzishga rozi bo‘lib, o‘tishdi ular. 139 ta. Agar xohlashsa, ko‘rib chiqilsa kerak, ko‘rib chiqiladi.

— Siz tuman hududiga javobgar shaxssiz. Prezident farmonining ijrosi aynan sizlarning vazifangiz. Ayni paytda ikkita klaster o‘rtasida raqobat paydo bo‘lmoqda va shunga qarab fermerlar shartnoma qilishi kerak. Farmon bo‘yicha shunday. Hozir fermerlarning faqat Iftihor Kiyim Sanoat bilan shartnoma tuzishga majbur qilinishi shu farmonga zid emasmi?

Ularni hech kim majbur qilgani yo‘q. Ularga tushuntirildi. Ular boshida ozgina e’tiroz qilganlari, hozir aytganimdek, Iftihor Kiyim Sanoat'ning bugungi faoliyatini borib ko‘rib, o‘zlari tanishib, umuman, u yerdagi vaziyat, korxonaning moliyaviy holati bilan tanishib turib, hech qaysisi qaytib kelganidan keyin e’tiroz qilmadi. Ularning birinchi muammosi ta’minot masalasi. Ta’minotimizda uzilish bo‘lmas ekan, shunga biz ishonch hosil qildik, degan gapni aytishdi.

— Bosh vazir o‘rinbosari va Qishloq xo‘jaligi vazirligining protokoli orqali qaysidir klasterga tumandagi 140 ta fermer xo‘jaligi biriktirib qo‘yilishi prezident farmoniga zid bo‘lsa kerak? Chunki prezident farmonida fermerlar o‘zlari xohlagan hududdagi klaster bilan shartnoma tuzish huquqiga ega, deb yozib qo‘yilgan.

— Bu, endi, hozir aytganimizdek, tanlov asosida bo‘lgan, o‘sha belgilangan me’yorlar asosida ball berilgan. O‘sha ball Norin, Uychi, Uchqo‘rg‘on tumanlaridagi uchta klaster hisobiga, bizda ko‘rsatilgan ballimiz sal pastroq bo‘lgani uchun Uzteks korxonasidan Iftihor Kiyim Sanoat'ga tanlov asosida olib berilgan.

— Bu ballar bilan baholash kim tomonidan o‘tkazilgan?

— Bu Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘tkaziladi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan.

— Mana shu ballar ko‘rsatilgan hujjat sizda bormi? Taqdim eta olasizmi?

— Yo‘q, bizda administratsiyaning xati bilan bosh vazir o‘rinbosarining taqsimoti bor.

— Demak, administratsiya xatida ballari kamligi haqida ma’lumot bor, to‘g‘rimi?

— Yo‘q, unda bunday ma’lumot yo‘q.

— Qaysidir hujjatga asosan bo‘lishi kerak-ku?

— Bizga asos – administratsiyaning xati.

— Prezident farmonida belgilab qo‘yilganki, har qanday klaster Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etiladi. Lekin Iftihor Kiyim Sanoat, mana aytib o‘tyapsiz, protokol va administratsiyaning xati asosida joriy qilindi deyapsiz. Bu qonunga zid emasmi? Vazirlar Mahkamasining qarori chiqmagan ekan-ku?

— Qaror viloyat hokimining qarori bilan birga. Bugun oxiriga yetkazilyapti. Shartnomalar hali tuzilgani yo‘q. Bugun tuziladi o‘sha qarorni olgandan keyin. O‘sha xat-taqsimotga asosan qaror chiqadi, shuni bugun yakunlanishi to‘g‘risida bizga xabar berilgan.

— Viloyat hokimining qarori kutilyaptimi yo Vazirlar Mahkamasining qarorimi?

— Viloyat hokimining qarori.

— Lekin bu prezident farmoniga zid emasmi? Axir Vazirlar Mahkamasining qarori asosida tashkil etiladi, deyilgan. Alohida bandda.

— Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlab beriladi-da, viloyat hokimining qarori chiqqanidan keyin.

Yana bir savol. Fermerlar tomonidan aytilgan gap. Ayni paytda Norin tumaniga kirib kelayotgan Iftihor Kiyim Sanoat klasteri Namangan viloyati hokimiga qarindoshligi borligi uchun shunday qilinyapti degan xabar keldi bizga. Shunga nima deysiz?

— Yo‘q, u narsani men oqlamayman. Chunki bu qarindoshchilik bilan qilinadigan narsa emas. Bu yerda 170 ming aholi bor. Hech kim bunaqa tavakkal bilan qilib yubora olmaydi. Hamma tomonini hisob-kitob qilib, kerakli hujjati, kerakli iqtisodiy holatini hisobga olib turib tashkil qilingan deb o‘ylayman. Sababi, bu yerda 170 ming aholi va bularning oldida 140 ta fermer xo‘jaligining umumiy holati turibdi-da. U noto‘g‘ri narsa. Bu qarindosh-urug‘chilik bilan qilinadigan narsa emas.

Demak, sizda Prezident administratsiyasining xati va bosh vazir o‘rinbosarining protokoli bor. Lekin klaster tashkil etilganligi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining hujjati yoki qarori yo‘q.

— Ular bugun beriladi. Viloyat hokimining qarori bilan birgalikda.

***

Tuman hokimi fermerlarning bir guruhi yangi klaster faoliyati bilan tanishib kelgani va ularning o‘zlari o‘z xohishi bilan Iftihor Kiyim Sanoat klasterini tanlaganini aytib, ularning ham fikrini eshitishimizni so‘radi.

Biz fermer Husanboy Qo‘chqorov va “Shamsiddinov” agrar massivi rahbari Ahmadjon Oxunovlar bilan suhbatlashdik. Ularning har ikkisi: “Yuqorining topshirig‘i bo‘lganidan keyin, yangi klasterga o‘tadigan bo‘ldik”, qabilidagi javoblarni aytishdi.

Darhaqiqat, ular Iftihor Kiyim Sanoat klasteri tayyor buyumlar ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lganliklari va yangi klasterning salohiyati yuksakligini bildirishdi. Suhbatimiz so‘ngida ular klasterlar o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lishi zarurligini aytdilar.

Iftihor Kiyim Sanoat klasteri mutasaddilari bilan aloqaga chiqib suhbatlashishga urindik. Bir marta go‘shakni ko‘targan xodim qaytib telefonni olmadi.

Aytishlaricha, yangi tashkil etilgan klasterning egasi viloyatdagi yuqori martabali mansabdorning qarindoshi bo‘lishi mumkin. Garchi tuman hokimi Jo‘rabek Nurmatov bu ma’lumotni inkor etgan bo‘lsa-da, Kun.uz keyingi surishtiruvlarida bu masalaga aniqlik kiritishga urinib ko‘radi.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov

Mavzuga oid