Prezident pora bilan ushlanayotgan hokim yordamchilari haqida gapirdi
Shavkat Mirziyoyev 19 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahallabay ishlash tizimida kamchilikka yo‘l qo‘ygan hokim yordamchilari haqida gapirdi
«Shu bilan birga, joylardagi ayrim hokim yordamchilari «kredit, subsidiya, yer olib beraman», deb ta’magirlik qilayotgani ham juda achinarli holatdir», dedi prezident.
Misol uchun, To‘raqo‘rg‘on tumani «Sharq» mahallasidagi hokim yordamchisi imtiyozli kreditga tavsiya berish uchun, pora olayotganda ushlanib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Bu kabi holatlar Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Bo‘ka, Baxmal tumanlari, Marg‘ilon, Shirin shaharlarida ham mavjud.
«Barcha viloyat, tuman va shahar hokimlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari, respublika vakillari, Ubaydullayev va uning quyi tizimi rahbarlarini qat’iy ogohlantiraman. Odamlarni rozi qilish va inson qadrini tushunmagan rahbarlarga oramizda o‘rin bo‘lmaydi», dedi davlat rahbari.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari oldiga «qoniqarsiz» deb baholangan 3 ming 636 nafar mahallaga shaxsan borish va muammolarni hal qilish vazifasi qo‘yildi.
Iqtisodiy taraqqiyot vazirligiga viloyat hokimlari bilan birgalikda ushbu mahallalar kesimida muammolarni hal qilish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish topshirildi. Bunda, yil yakuniga qadar:
- 434 ta mahallada sug‘orish tizimi va suv ta’minotini yaxshilash;
- 715 ta mahallada suv, yo‘l, elektr, tabiiy gazdan muammosini hal qilish;
- iqtisodiy ahvoli og‘ir 545 ta mahalladan har 5 tasiga bank vakilini biriktirib, «lider» tadbirkorlarni topish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Moliya vazirligi ushbu mahallalarda infratuzilmani yaxshilash va tadbirkorlik kreditlari uchun 800 milliard so‘m ajratadi.
«Qanchalik qiyin bo‘lmasin, ushbu mahallalarda ishlarning yurishi uchun shuncha qo‘shimcha mablag‘larni ajratayapmiz.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari, biriktirilgan vakillar va hokim yordamchilari ushbu mablag‘larning har bir so‘midan samarali foydalanib, aniq natija ko‘rsatishi kerak», dedi prezident.
Mavzuga oid
15:58 / 16.12.2024
Iqtisodiy kompleksda 300 ga yaqin rahbar ishdan olindi - prezident
16:08 / 14.12.2024
“Bog‘cha to‘lovi qisman qoplanadi, uyda qarash xizmati yo‘lga qo‘yiladi” – videoselektordan va’dalar qanday?
16:40 / 25.09.2024
Surxondaryoda hokim yordamchisi fuqarolar nomiga kredit olib, yo‘qolib qoldi. Bunga shaxs aybdormi yoki tizginsiz tizim?
20:31 / 23.08.2024