Jamiyat | 19:49 / 21.04.2022
20720
13 daqiqa o‘qiladi

Piyodaga ustuvorlik, haydovchiga jarima ballari. Yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha yangicha yondashuvlar haqida

Foto: Kun.uz

Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Farhod Primov yo‘llardagi xavfsizlikni ta’minlash borasidagi yangi yechimlar aks etgan prezident qarorini sharhladi.

Yosh bolalarni maktabga yoki biror joyga kuzatishda «yo‘ldan ehtiyot bo‘lib o‘tinglar», «avtomashinalardan ehtiyot bo‘linglar», deb tayinlaymiz. Agar velosipedda sayrga chiqmoqchi bo‘lishsa ham, «avtomashinalardan uzoqroq yuringlar», «katta yo‘lga chiqmanglar, u yerda avtomashinalar ko‘p», deb ogohlantiramiz. Afsuski, yo‘llardagi ko‘ngilsizliklar tez-tez uchrab turishini odatiy holat sifatida qabul qilishni boshlaganmiz. Yuridik amaliyotda ham avtomobillarga «ortiqcha xavf manbayi» sifatida qarashadi.

Insonlarning bevaqt halok bo‘lishida yo‘l-transport hodisalari yetakchi o‘rinlarda turadi. Shu bois yo‘llarda o‘lim holatlarini kamaytirish har bir davlat hukumatini tashvishlantiradigan jiddiy muammolardan biri hisoblanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, og‘ir jarohatlarga olib keladigan shikastlanishlar orasida kriminal jarohatlardan so‘ng yo‘l-transport hodisasi ikkinchi o‘rinni egallaydi. Har yili 1,2 millionga yaqin odam YTH qurboni bo‘lmoqda, qariyb 50 million kishi turli darajada tan jarohatlari olmoqda.

2005 yildan boshlab BMT tomonidan har yili noyabrning uchinchi yakshanbasi «Jahon yo‘l-transport hodisalari qurbonlarini xotirlash kuni» (World Day of Remembrance for Road Traffic Victims) deb e’lon qilingan (Ma’lumot uchun: Buyuk Britaniya va unga hamdo‘st mamlakatlarda har yil noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi urushlar va mojarolarda halok bo‘lganlar xotirlanadigan kun sifatida nishonlanadi. Bu yerda YTH qurbonlari urush va turli mojarolar qurbonlaridan keyingi o‘ringa qo‘yilmoqda).

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish sohasida muayyan tashkiliy-amaliy ishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, o‘limga olib kelgan YTHlar soni hali ham yuqori bo‘lib, bu avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni ta’minlash tizimini tubdan isloh qilish zarurligini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2021 yilda 10 mingdan ziyod avariya sodir etilib, ularda 9 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. Eng achinarlisi, 2,5 mingga yaqin odam, shu jumladan, 263 nafar bola halok bo‘lgan.

Yuqoridagi holatlar avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish bo‘yicha jiddiy qadamlar tashlash zarurligini ko‘rsatmoqda. Prezidentning 2022 yil 4 apreldagi «Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida muhim choralar belgilandi.

«Piyoda — jamoat transporti — velotransport — avtotransport» ustuvorligi prinsipi

Bu shuni anglatadiki, yo‘llarda harakatlanishda birinchi galda piyodalarga, ikkinchi galda jamoat transportiga, uchinchi galda velotransportga va oxirida avtotransportga ustunlik beriladi. Harakatlanishning bunday konsepsiyasi avvalo piyodalar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qator rivojlangan davlatlarda ham piyodalarga va velotransportga imtiyozlar va ustunliklar belgilangan. Jumladan, yo‘llarni kesib o‘tish, shahar ichida va aholi punktlarida harakatlanishda piyodalarga ustuvorlik belgilangan. Piyodalarga ustunlik berilishi – ular bilan bog‘liq YTHlar sonini kamaytirishga xizmat qiladi.

Haydovchilarni tayyorlash tizimi tubdan takomillashtirilishi

Tahlillar ko‘rsatishicha, avariyalarning 55 foizi haydovchilar aybi bilan sodir bo‘ladi (haydovchilarning qoidalarni mensimasligi 45 foiz, tajribasizligi 10 foiz).

Haydovchilarni tayyorlash bilan birga, haydovchilarni tayyorlovchilarning o‘zlarini ham tayyorlashga alohida e’tibor berildi. Gap shundaki, avtomaktablarning o‘qituvchi, haydovchi-yo‘riqchi va murabbiylarning kasbiy talablari mavjud emas edi. Yaxshi haydovchini tayyorlash uchun ularni tayyorlaydigan yo‘riqchi va murabbiylarning o‘zi professional tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lishi lozim. Bunga qadar avtomaktablarning o‘qituvchi, haydovchi-yo‘riqchi va murabbiylarining kasbiy sifatlariga talablar mavjud emasdi. Endilikda ularni umumiy va yagona talablar shartnoma asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, avtomaktablarning o‘quv dasturlariga qo‘yilgan aniq talablar ham yo‘q edi. Shu bilan birga, ushbu o‘quv dasturlarini tayyorlash avtomaktablarning o‘ziga havola qilingandi. Biroq bunday dasturlarni tayyorlash jo‘n ish emas. Bunda ilmiy va amaliy hamda uslubiy asoslangan yondashuvlar talab etiladi. Endilikda avtomaktablarning innovatsion pedagogik texnologiyalarga asoslangan o‘quv dasturlari IIV Akademiyasi tomonidan tayyorlanadi.

Yo‘l harakati qoidalari asoslarini bolalikdan singdirishni yo‘lga qo‘yish, ushbu amaliyotni maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarida joriy etish belgilandi

Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, qonun-qoidalarga amal qilish tuyg‘usini bolalikdan shakllantirish ijobiy natija beradi. Bunda shaxsning ongi shakllanar ekan, unga nima qilish mumkin va nima mumkin emas yoki qanday bajarish kerakligini o‘rgatish muhim. Shu bilan birga, ko‘plab rivojlangan davlatlarda yo‘l harakati xavfsizligi shaxsning hayotiy xavfsizligining ajralmas qismi sifatida tushuniladi va hayotiy xavfsizlikni bolalikdan o‘rgatishga alohida e’tibor beriladi. Ko‘pincha bolalar YTHga uchrashida ular yo‘llarda o‘zini qanday tutish kerakligini bilmasliklari ham sabab bo‘ladi. Shu bois yo‘l harakati qoidalariga amal qilish xavfsizlikning muhim sharti ekanligini tushuntirishni bolalikdan boshlash muhimdir.

Yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi

Ba’zan haydovchilar YPX xodimiga «komandir, shu safar kechiring, hali biror marta qoidani buzmaganman», deb yolvorayotganini eshitamiz yoki yo‘l harakati qoidalarini mensimaydigan ayrim haydovchilar «mayli, bayonnoma rasmiylashtiravering, jarimasini to‘layman», deb surbetlik qilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Jarima ballari belgilanishi ashaddiy qoidabuzar haydovchilar, intizomli haydovchilarni farqlash va ularga adolatli jazo qo‘llash imkonini beradi.

Endilikda har bir yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab boriladi. Hisoblangan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgan hollarda haydovchi ma’lum muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan o‘rnatilgan tartibda mahrum qilinadi. Muayyan davr mobaynida yo‘l harakati qoidabuzarligi sodir etmagan intizomli haydovchilarga keyinchalik hisoblangan jarima ballarini qisqartirish orqali rag‘batlantirish choralari qo‘llanadi.

Aholi gavjum hududlarda piyodalar o‘tish joylariga piyodalar boshqaradigan svetoforlar o‘rnatiladi

Ko‘pincha piyodalarning yo‘llarni kesib o‘tishda qiynalayotgani, haydovchilar esa ularga yo‘l berishni istamayotganini kuzatamiz. Svetofor qo‘yilmagan piyodalar o‘tish yo‘lagida tez kelayotgan transport vositasi piyodani kechroq ko‘radi. Yoki boshqa transport vositalari to‘xtab turish sababini tushunmasdan o‘tib ketishga harakat qilishadi. Bu esa piyodalar o‘tish yo‘llaridagi YTHlar ortishiga olib kelmoqda. Shu sababli, piyodalar boshqaradigan svetoforlarni joriy etish muhim va bu «yo‘l – piyoda uchun» tamoyilini joriy etishga xizmat qiladi. Mazkur svetoforlarning standart svetoforlardan farqi shundaki, u ikkita qizil va yashil chiroqdan iborat bo‘ladi va faqat tugmachalar orqali ishlaydi. Tugmachalar yo‘lning ikki tarafida bo‘ladi.

Tuman (shahar)lar kesimida «Xavfsiz yo‘l» indeksini yuritish amaliyoti

Tuman (shahar)larda indeks doirasida yo‘l infratuzilmasi va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilinishining holati 29 ta indikator bo‘yicha har chorak yakunida baholab boriladi. Indeks ko‘rsatkichlari asosida yo‘llarda harakat xavfsizligini tashkil etishning holati bo‘yicha tuman va shaharlar «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi.

YTHlar hamma hududlarda ham bir xil sodir etilmaydi. Bunda tuman (shahar)lar maxsus indeks ko‘rsatkichlari asosida yo‘llarda harakat xavfsizligini tashkil etishning holati bo‘yicha «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi. Har bir hudud bo‘yicha YTHlar soni va turidan kelib chiqib alohida choralar ishlab chiqiladi. Masalan, qaysidir hududda o‘lim bilan bog‘liq YTH soni ortgan va barqaror bo‘lib qolmoqda. Bunda ushbu hududda YTHning sabab va shart-sharoitlari o‘rganilib, maxsus chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Ma’lumot uchun, Popdan To‘raqo‘rg‘ongacha bo‘lgan 4R-112 yo‘lining 88-kilometri, «Termiz-Dushanbe» (M-41) xalqaro yo‘lining Jarqo‘rg‘on-Denov qismi (80-kilometri), A-373-yo‘lining Yozyovon tumanidan o‘tgan 352-kilometri, Samarqand-G‘uzor yo‘lining (A-378) 85-kilometrida har yili o‘nlab odamlar halok bo‘lmoqda. Ayniqsa, 2021 yilda Chiroqchida 43 ta, Namangan shahrida 42 ta, Yangiyo‘l tumanida 34 ta, Urgutda 28 ta, Andijon tumanida 20 ta YTHda odamlar hayotdan bevaqt ko‘z yumgan. Demak, bu hududlar bo‘yicha YTHning oldini olish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilishi kerak.

Yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini yuksaltirish

YTHning oldini olishda harakat ishtirokchilarining yo‘l harakati qoidalariga amal qilish madaniyati juda muhim o‘rin tutadi. Yo‘l harakati qoidalariga amal qilish madaniyati yo‘l harakati qoidalarini bilish bilan cheklanmaydi. Bunda ushbu qoidalarni hurmat qilish va ularga ixtiyoriy amal qilish zarur.

Yo‘l harakati qoidalariga amal qilish madaniyati haydovchi, yo‘lovchi va piyodalarning o‘zaro munosabatlarida shakllanishi lozim. Bunda ayniqsa o‘zaro hurmat muhimdir. Afsuski, bugun yo‘llarda harakat ishtirokchilarining bir-birini hurmat qilmasligi, aksincha qo‘pol munosabatlar, haqoratlar, asabiy signal berishlar, sabrsizlik va shoshqaloqlik, yo‘l talashish, bir-birini siqib qo‘yish, quvib o‘tishga imkon bermaslik, piyodalarning yo‘lni kesib o‘tishiga toqatsizlik yoki piyodalarning istalgan joydan kesib o‘tishga haqliman deb o‘ylashi kabilar oddiy holatga aylanib bormoqda.

Eng achinarlisi, yo‘l harakati qoidalariga radarga tushmaslik, jarima to‘lamaslik uchungina amal qiluvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Masalan, haydovchi YPX inspektorini ko‘rish bilan xavfsizlik kamarini taqib oladi va uning oldidan o‘tishi bilan kamarni yechadi yoki radar o‘rnatilgan hududlardan tezlikka belgilangan cheklovlarga amal qilib, radarsiz hududlarda yana «gazni bosadi».

Jamiyatda yo‘l harakati qoidalariga amal qilish madaniyatini yuksaltirish, yo‘l harakati qoidalarini qadriyat sifatida shakllantirish bugun biz uchun juda muhimdir.

Yo‘l harakati xavfsizligini ishonchli ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining barvaqt oldini olish maqsadida «Umr tezlikdan muhimdir» va «Xavfsizlik kamari — hayot garovi» shiorlari ostida kompleks targ‘ibot va tashviqot ishlarini tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilanishi yo‘l harakati qoidalariga amal qilish madaniyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘quvchilar orasida yo‘l harakati qoidalari targ‘ibotini kuchaytirishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilinadi. Unda «Yo‘l harakati intizomi bolalikdan boshlanadi» shiori ostida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va maktab o‘quvchilariga yo‘llarda, chorrahalarda va piyodalar o‘tish joylarida harakatlanish asoslarini amaliy-ko‘rgazmali tarzda o‘rgatish, ularning ongiga bolaligidan boshlab yo‘l harakati intizomini singdirish hamda maktablarda «Harakat xavfsizligi sinfxonalari»ni, mahallalarda «Yo‘l harakatini o‘rgatish maydonchalari»ni tashkil etish nazarda tutiladi.

Mavzuga oid