Afg‘onistonda bir kunda to‘rt portlash sodir bo‘ldi. O‘nlab qurbonlar bor
Mozori-Sharifdagi shialar masjidida sodir bo‘lgan portlash natijasida 30dan ortiq kishi halok bo‘ldi.
Payshanba kuni Afg‘onistonning turli hududlarida sodir etilgan to‘rtta portlash oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘ldi.
Portlashlarning birinchisi mamlakat shimolidagi Mozori Sharif shahridagi shialar masjidida amalga oshirilgan, bu hujum natijasida 30 nafardan ortiq kishi halok bo‘lib, 90 nafar atrofidagi kishi yaralangan.
Bu terakt uchun javobgarlikni IShID terrorchilari o‘z zimmasiga olgan. Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan toliblar IShID kuchlari tor-mor etilganini da’vo etayotganiga qaramay, bu guruh hamon mamlakatda xavfsizlik uchun jiddiy tahdid bo‘lib qolmoqda.
IShID jangarilari masjid binosidagi portlash bu yerda odamlar ko‘p bo‘lgan vaqtda qopga solingan va masofadan boshqariladigan mina orqali amalga oshirilganini ma’lum qilgan.
Guruh bu hujumni o‘z sobiq yetakchisining o‘limi uchun qasos olishga qaratilgan global kampaniyaning bir qismi deb atagan.
Shu bilan birga IShID kun davomida mamlakatning boshqa hududlarida ro‘y bergan uchta portlashga aloqadorligini tasdiqlamadi, hozircha bu portlashlar orasida bog‘liqlik borligi aniqlanmagan.
Qunduz politsiyasi rahbarining ma’lum qilishicha, ikkinchi portlash shahardagi politsiya boshqarmasi oldida ro‘y bergan va bu yerda avtomobil portlagan. Natijada to‘rt kishi halok bo‘lib, 18 kishi yaralangan.
BBC olgan ma’lumotga ko‘ra, uchinchi portlash mamlakat sharqidagi Nangarhor viloyatida amalga oshirilgan, bu yerda toliblar avtomobili yo‘lda o‘rnatilgan portlovchi qurilma orqali portlatilib, to‘rt kishi halok bo‘lgan va bir kishi yaralangan.
To‘rtinchi portlash esa Kobuldagi tumanlardan birida sodir bo‘lib, ikki bola jarohat olgan.
Bir necha kun oldin esa poytaxtdagi shialar istiqomat qiluvchi tumandagi maktabda birdaniga ikki bomba harakatga keltirilgandi, rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, bu terakt oqibatida kamida olti kishi halok bo‘lgan va 20 nafar atrofidagi kishi tan jarohatlari olgan. O‘tmishda IShID jangarilari ushbu hududda portlashlar amalga oshirishgan, ammo ular so‘nggi portlashlarga aloqadorliklarini tan olishmagan.
Hazoralarga zarba
Guvohlar va mahalliy nashrlar xabar berishicha, Mozori Sharifdagi Seh Dokan masjidida portlash dindorlar namoz uchun yig‘ilgan vaqtda sodir bo‘lgan. Bu - shahardagi eng yirik masjidlardan biri va bu yerda Afg‘onistondagi ozchilikni tashkil etuvchi hazoralar vakillari ibodat qiladi.
Hazoralar o‘tmishda ham tez-tez sunniy mazhabidagi jangarilarning, jumladan IShIDchilarning nishoniga aylanishgan.
So‘nggi portlash qurbonlari soni aniq emas, ma’lumotlar doimiy ravishda yangilanmoqda, ammo guvohlarning xabar qilishicha, portlash shu qadar kuchli bo‘lganki, atrofdagi binolarning derazalari to‘kilib tushgan. Guvohlar masjiddan juda ko‘p jasadlar olib chiqilganini ko‘rishgan.
BMTning Afg‘onistondagi inson huquqlari bo‘yicha vakili Richard Bennet bu hujumni qoralab chiqdi.
«Bugun Afg‘oniston yangi portlashlardan zir titradi, [...] va yana hazoralar jamiyatining ko‘plab vakillari halok bo‘lishdi. Maktablar va masjidlarga muntazam hujumlar zudlik bilan tekshirishni talab qiladi va inson huquqlariga qarshi bu tarzda hujumlar to‘xtatilishi kerak», deya yozgan u tvitter sahifasida.
O‘zbekiston TIV Afg‘onistonda sodir etilgan terrorchilik harakatlarini qat’iy qoraladi.
«O‘zbekiston Respublikasi muqaddas Ramazon oyi kunlarida Kobul, Mozori Sharif va Qunduz shaharlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini qat’iy qoralaydi.
Tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lgan zo‘ravonlik harakatlari Afg‘onistonda barqaror tinchlik va milliy totuvlik o‘rnatilishiga to‘sqinlik qiladi.
O‘zbekiston tomoni halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi, shuningdek, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilaydi», deyiladi vazirlik xabarida.
Mavzuga oid
16:56 / 22.12.2024
Farg‘onada portlash sodir bo‘lgan zapravka buzilmoqda - video
19:58 / 19.12.2024
“Bu shahar ichidagi, hamma qarshi bo‘lgan bomba edi” - Farg‘onadagi portlash haqida guvohlar nima deydi?
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
10:59 / 18.12.2024