O‘zbekiston | 12:11 / 27.04.2022
5848
6 daqiqa o‘qiladi

«Mustaqil va erkin jurnalistikani rivojlantirishimiz kerak» - Komil Allamjonov o‘zbek matbuoti haqida mulohazalarini bildirdi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov xalqaro tashkilotlar rahbarlari, huquq himoyachilari, Yevropa va Osiyo davlatlari elchilari ishtirokida Jyenevada bo‘lib o‘tgan tadbirda o‘zbek matbuoti haqida mulohazalarini bildirdi.

Komil Allamjonov dastlab o‘zbek matbuoti kecha qanday bo‘lgani haqida gapirib o‘tdi

“Bu 1991 va 2016 yillarni o‘z ichiga oladi. Dastlab matbuot paydo bo‘ldi, keyin esa o‘ldi. Shu darajada o‘lik holga keldiki, jurnalistika universitetlarini tamomlagan yoshlar savdoga yoki butunlay boshqa sohaga o‘tib ketdi. Radio, televideniye va gazetalar faqat bitta odam uchun ishladi. Jamiyatda jurnalistlarning obro‘si qolmadi. Yaqingacha O‘zbekistonda 98 foiz gazetalar faqat majburiy obuna hisobidan kun ko‘rdi, chunki ular o‘ta zerikarli ekanligidan odamlar o‘zi xohlab sotib olmasdi. Davlat idoralari yopiq, matbuot xizmatlari esa nomiga bor edi. Qaysidir vazir ko‘proq televizorda ko‘rinsa, jazolanardi. Senzura yuqori darajada edi. 

Inson huquqlari shu darajada pastligidan, paxtaning qadri odamnikidan baland edi. Ta’lim inqirozga uchradi, oqibatda bir avlod bilimsiz bo‘lib qoldi. Lekin xalqaro tashkilotlar ko‘z o‘ngida biz o‘zimizni demokratik davlat sifatida ko‘rsatishga urindik. Turli deklaratsiyalar imzolandi, lekin hammasi faqat qog‘ozda edi. Bu haqda yana soatlab gapirish mumkin”, dedi K.Allamjonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2016 yilda hukumat tepasiga kelgan Shavkat Mirziyoyev jurnalistlarni o‘ziga ko‘makchi va do‘st deb atadi. 

“Avvaliga ko‘pchilik bu gaplarga uncha ishonmadi. Lekin amalda hammasi aytilganidek bo‘ldi. Bizga – men va Saida Shavkatovnaga matbuotni haqiqiy 4-hokimiyat darajasiga ko‘tarish vazifasi yuklatildi. Bizning jamoa qilgan eng asosiysi ish barcha bloklangan xorijiy matbuot, xalqaro inson huquqlari bilan bog‘liq saytlar, bbc.com/uzbek, Deutsche Welle, FERGANA.RU., Human Righs Watch, Amnesty International kabi saytlar blokdan yechildi. 280 ta davlat tashkilotida matbuot xizmati yangidan tashkil etildi va matbuot kotiblari tashkilot rahbari o‘rinbosariga tenglashtirildi. Katta maqomga ega maxsus AOKA tashkiloti tuzildi”, deydi u. 

Qayd etilishicha, avvaliga xatolar ham bo‘lgan. Matbuot bilan ishlashni bilmaydigan amaldorlar sharmanda ham bo‘lgan. Tajribasiz jurnalist va blogerlar ham ko‘zga tashlangan.

“Bizning fondimiz ko‘plab jurnalist va blogerlarga himoyachi vazifasini o‘tadi. Chunki uyg‘onish davrida nafaqat qonun balki administrativ himoya ham muhim edi. 

Qonunlar qayta ko‘rib chiqildi. Bizning fondimiz amalga oshirgan eng katta ish bu tuhmat va haqorat uchun qamoq jazosini bekor qilishga erishganimizdir. Jurnalist va blogerlar gapirgan gapi uchun qamalmasligi kerak degan g‘oyani har doim ilgari surib kelyapmiz. 

Amaldorlar biron islohot qilishdan oldin jurnalistlar nima deydi, odamlar nima deydi, degan fikrni o‘ylay boshladi”, deydi K.Allamjonov.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda inson qadri degan tushunchalar paydo bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyevning saylov kompaniyasi “Inson qadri uchun” degan g‘oya asosiga qurildi. 

“Shuning uchun ham xalq unga ovoz berdi, biz ovoz berdik. Chunki qadr, o‘z huquqimiz, erkinligimiz biz uchun qanchalik Oliy ne’mat ekanligini tushundik. 

Biz sanksiyalar, dunyodan uzilish nima ekanini yaxshi bilamiz va eng asosiysi bu masalani prezident yaxshi tushunadi. Albatta muammolar bor. Eski tizimni qo‘msaydiganlar bor, og‘zimizni yopishga urinayotgan kuchlar ham bor. Lekin biz inson qadri va erkinlik nima ekanligini his qildik. Demak, biz uni yo‘qotishga yo‘l qo‘ymaymiz. Buning uchun oxirigacha kurashamiz”, deyilgan nutqda. 

Ma’lum qilinishicha, so‘z va matbuot erkinligi uchun siyosiy iroda bor, qilinishi kerak bo‘lgan tadbirlar qilindi va qilinmoqda ham. 

“Mustaqil va erkin jurnalistikani rivojlantirishimiz kerak. Ayniqsa bugungi tashqi siyosatdagi O‘zbekistonga bo‘layotgan bosimlarni inobatga olgan holda, xorij propagandasining agressiya va zo‘ravonlik qurboni bo‘lmaslik uchun ham bu juda zarur.

Bizning matbuot va uning xavfsizligi alohida shaxslarga bog‘liq bo‘lishi emas, balki qonunlar va yaratilgan tizim ishlashi kerak. Jurnalist va blogerlarimiz huquqiy savodxonligi, ularni bilimini yanada kuchaytirish kerak. Aholining mediasavodxonligini oshirishga erishish kerak. 

Aynan shuning uchun ham xorijiy tashkilotlar bilan doimiy hamkorlik kerak. Biz bu yo‘nalishdagi xorijiy tashkilotlarni O‘zbekiston bilan birgalikda ko‘proq loyihalar qilishga, bizni ko‘proq qo‘llab-quvvatlashga, yordam berishga chaqiramiz. Bilingki, bizning missiya ham insoniyat hayotini yaxshilanishida befarq bo‘lmaslik va o‘z hissamizni qo‘shishdan iboratdir”, deya xulosa qilgan Komil Allamjonov.

Mavzuga oid