“Parrandachilik – tovuqning oldiga suv va don qo‘yib, tuxum terib olish emas” - veterinar bilan suhbat
Andijonda aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsadida tarqatilayotgan tovuqlar kam tuxum tug‘yapti, semirmayapti va eng achinarlisi ma’lum qismi o‘lib qolyapti. Kun.uz muxbiri mavzu yuzasidan parrandachilik bilan shug‘ullanib kelayotgan tajribali amaliyotchi veterinar Asxat Nizomiddinov bilan suhbatlashdi.
Asxat Nizomiddinov – 26 yillik tajribaga ega veterinar vrach. “Ohalik-Lomann-Parranda” O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi, “Maroqand Parranda” O‘zbekiston-Amerika QK, “Virtex-Agro” O‘zbekiston-Rossiya-Amerika QK, “Original-Maks-Lyuks” FX korxonalarida parrandalarni parvarishlash bilan shug‘ullangan va hozirgi kunda ham faoliyatini davom ettirib kelmoqda
— Asxat aka, Andijondagi holat bilan tanishdingiz. Umuman olganda, kambag‘al aholiga tovuq tarqatish qay darajada o‘zini oqlaydi deb o‘ylaysiz?
— Kam ta’minlangan oilalarga daromad manbai yaratish uchun 100 tadan tovuq berish yaxshi fikr. Ammo bu rejani amalga oshirishga kelganda ko‘plab xato va kamchiliklar ko‘zga tashlanib qoldi. Eng asosiysi, parrandachilik bo‘yicha yetarli tajribaning yo‘qligi. Tovuq ham tirik jonzot, mashina yoki mexanik qurilma emas. Tirik jonzotga doimiy e’tibor zarur.
Parrandalarning, birgina tovuqning yuzlab kasalliklari bor: virusli, bakteriyali, parazitli va boshqalar. Bu kasalliklardan parrandalarni asrash uchun chora-tadbirlarni avvaldan ko‘rish kerak bo‘ladi. Shunday kasalliklar borki, bir necha soat ichida tovuqni nobud qiladi, shundaylari bor, tovuq organizmiga yil davomida zararli ta’sir ko‘rsatib keladi. Ba’zi bir kasallik bir parrandaga yuqsa, bir necha kun ichida barcha parrandalarni nobud qilishi ham mumkin. Yana shunday kasalliklar borki, har to‘rt haftada parrandalarni shu kasallikka qarshi emlash zarur. Ana shuning o‘zi ham bu soha naqadar murakkab va e’tibor talab qilishini ko‘rsatib turibdi.
Izoh: Andijon viloyati hokimligi parrandalar tarqatilishidan oldin 19 turdagi vaksina bilan emlanayotganini ma’lum qilgan.
— O‘zi aholiga ommaviy tarqatilayotgan tovuqlar xonaki sharoitda yashay oladimi?
— Muammoning jiddiysi ham shunda. Yirik parrandachilik korxonalarida tizimning barcha bosqichlari qamrab olinadi va umumiy zanjir uzluksiz nazorat qilinadi. Ya’ni jo‘ja ochirish uchun tuxum olishdan boshlab tovuq go‘shti-yu, patlarini sotishgacha.
Bu bosqichlarning har birida alohida xodimlar ishlaydi va ular istasa-istamasa o‘z sohasining ustasi hisoblanishadi. Sodda qilib aytganda kimdir faqat inkubatorda, yana kimdir tuxum olishda, kimdir ozuqa tayyorlashda va boshqa xodimlar go‘sht tayyorlashda band bo‘lishadi. Bu bosqichlarning barchasini kichik shaklda tashkillashtirishning amalda iloji yo‘q.
Bu tovuqlar fermalarda, maxsus sharoitda boqiladi. Ularga xona harorati, shamolning esishi, havo aylanishi va hatto yorug‘lik ham o‘ziga xos ta’sir qiladi. Endi ular birdaniga xonaki sharoitga o‘tkazilishi har qancha harakat qilinmasin, salbiy natija berishi mumkin.
— Parrandachilikdan daromad topishni maqsad qilgan tadbirkor nimalarga ahamiyat berishi kerak?
— Bu sohadan daromad topishni istovchi tadbirkor parrandaning yashash sharoiti va oziq-ovqatiga alohida e’tibor qaratishi zarur. Birgina misol, tovuq yemi tarkibida yetarli miqdorda mikro va makro elementlar, yog‘ va kletchatkalar, vitamin va foydali ozuqaviy qiymatga ega moddalar bo‘lmasa, kutilgan natijani olishning iloji yo‘q.
Afsuski, narxlarning keskin va muntazam oshib borishi nafaqat kichik, balki yirik tadbirkorlarni ham qiyin vaziyatga tushirib qo‘ymoqda. Bir oy avval 4 ming so‘m atrofida sotilgan tovuq omuxta yemi bugungi kunda 5,5 ming so‘mga chiqib ketdi.
Yana bir jihati bor: parranda boqilayotgan hudud, atrof-muhit va ekologiya ham tuxum olishga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Parrandachilik bu – tovuqning oldiga suv va don qo‘yib, tuxum terib olish emas. Shuning uchun ham ko‘p bora soha mutaxassislaridan maslahat va tavsiyalar olish, kasalliklarga qarshi kurashib borish kerak.
Tadbirkor bu bosqichlarning barchasini a’lo darajada bajarib, mahsulotni yig‘ib oldi deylik. Ammo uni bozorga chiqarib, daromad qilish uchun bir qancha muammolarga duch kelishi mumkin. Tuxum – uzoq muddat saqlab bo‘lmaydigan, issiq kunda iste’molga yaroqlilik xususiyatini tez yo‘qotadigan va sinuvchan mahsulot. Uni mijozga o‘z vaqtida yetkazish va uzoq masofaga tashish uchun alohida texnika kerak. Shuning uchun ham parrandachilik bilan endi shug‘ullana boshlagan insonlarga uzoq vaqt ko‘mak va maslahat berib borish kerak bo‘ladi.
Shu dastur hujjatlari bilan tanishganimda parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi aholi tovuq tuxumini 1,5 ming so‘mdan sotishi mumkin, deyilgan. Bu narx qayerdan olingan, bilmayman. Chunki bugun o‘rtacha tuxumning ulgurji narxi 700 so‘m atrofida.
— Yoritilgan mavzuda tovuqlar tuxumdan qolgan deyilyapti. Shu to‘g‘rimi? Umuman olganda, tovuqlar qancha vaqt tuxum qo‘yadi?
— Agar tovuq yosh bo‘lsa, ya’ni 90-100 kunlik jo‘jalar bo‘lsa, ular 1-1,5 oy o‘tgach, tuxumga kiradi. Dastavval kichkina-kichkina tuxumlar qo‘yadi. Boshida 10 kun, keyinroq bir haftada bitta tuxum tug‘adi. Sekin-astalik bilan kunlar orasidagi muddat qisqarib boraveradi. Asta-sekin tovuqlar 90-95 foiz tuxum qo‘yish bosqichiga yetadi. Shu tarzda 3-5 oy davomida tuxum beradi.
Tovuq kattalashgan sari tuxum berish qobiliyatini haftasiga bir foizdan yo‘qotib boradi. Ya’ni 200 kunlik tovuq 95 foiz ko‘rsatkichda tuxum qo‘ysa, 500 kunlik tovuqning tuxum berish qobiliyati 70 foizni tashkil etadi.
Yana bir jihati borki, xonaki bo‘lmagan tovuq juda qo‘rqoq, yangi sharoitga tez moslashmaydigan bo‘ladi. Uni ushlab, mashinaga yuklab, boshqa bir joyga ko‘chirish jarayonida juda katta stressni boshdan kechiradi va ana shuning uchun ham 15-20 kunlab tuxum bermasligi mumkin. Andijondagi tovuqlar shu jarayonni boshdan kechirayotgani ehtimoli ham yo‘q emas.
— Aholiga parrandachilik sohasida daromad manbayi yaratayotganda nimalarga e’tibor berish kerak, deb o‘ylaysiz?
— Shuni e’tiborga olish kerakki, odamlarga tarqatilayotgan 90-100 kunlik jo‘jalar 2-2,5 oyda tuxumga kiradi. Ularga esa 20 kunlik yem berilyapti. Bu orada tuxumga kirmagan tovuqlar egasi uchun ziyon keltirishi mumkin. Shuning uchun ham odamlarga parranda bilan birgalikda kamida 2 oylik yem va ozuqa mahsulotlari berish kerak bo‘ladi.
Umuman, bu borada o‘z takliflarim ham bor: hozir axborot asri, shu tovuq olayotganlar, parvarishlayotganlar va soha mutaxassislari Telegram-kanallari, Zoom kabi vositalar yordamida bir-birlari bilan muloqot qilib turishlari foydali bo‘lardi. Chunki umrida tovuq boqmagan odamning birdaniga, yana xonaki bo‘lmagan yuzlab tovuqni boqa olishi qiyin masala. Ularga doimiy maslahatlar zarur.
Hozir ular muammoga duch kelsa nima qilishyapti, hokimiyatga borib e’tiroz bildirishyapti. Hokimiyatda ham tovuq boqish tajribasi yo‘q-ku. Muammo tezkor yechimini topmayapti. Ya’ni tovuq boquvchi tajriba to‘plab olguniga qadar kerakli ma’lumotlar bilan doimiy ta’minlab turilishi shart. Albatta, bu ham muvaffaqiyatning yagona kaliti emas. Lekin aholini kambag‘allikdan chiqarishdek ezgu niyat bilan ish boshlangan ekan, bu ishlar o‘lda-jo‘lda bo‘lmasligi, aholi chindan ham daromadga kirishiga erishish zarur.
Abror Zohidov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
10:55 / 13.12.2024
Kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1 ming nafari natija ko‘rsata olmadi
16:14 / 27.11.2024
Mahallaning faol keksalariga har oy 577 ming so‘mdan to‘lanadi
11:19 / 20.11.2024
2025 yilda 1 mln aholini kambag‘allikdan chiqarish hukumat iqtisodiy kompleksi asosiy vazifasi bo‘ladi
10:48 / 20.11.2024