Sport | 10:32 / 30.04.2022
27333
3 daqiqa o‘qiladi

Taniqli tennischi Boris Bekker 2,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

London sudi Boris Bekkerni bankrot deb e’lon qilinganidan keyin mol-mulkini yashirganligi uchun 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Foto: Picture Alliance

Mashhur germaniyalik tennischi, 54 yoshli Boris Bekker bankrot deb e’lon qilinganidan so‘ng, yirik summalarni uchinchi shaxslarning hisob raqamlariga noqonuniy o‘tkazgani va aktivlarini yashirgani uchun 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

29 aprel, juma kuni London janubidagi Sautvark Qirollik sudida sudya Debora Teylor davlat prokurori va Bekker advokatining dalillarini tinglaganidan so‘ng hukmni o‘qib eshittirdi.

Sobiq sportchi bankrotligi munosabati bilan cheklangan mulkdan umumiy qiymati 427 ming yevroga yaqin mulkni yashirish, Germaniyadagi ko‘chmas mulkka egalik haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilmaslik, Lixtenshteyndagi Bank Alpinum’dan olingan 825 ming yevro miqdoridagi kreditni va Breaking Data Corp korporatsiyasi aksiyalariga egalik qilishi haqidagi ma’lumotlarni yashirishda aybdor deb topildi.

Shu bilan birga, sud hay’ati uni 20 ta boshqa ayblov bandi, shu jumladan ikkita Uimbldon mukofoti va Olimpiya oltin medalini topshirmagani bo‘yicha oqladi. 

Avvalroq sud Boris Bekker Buyuk Britaniyaning 1986 yildagi to‘lovga layoqatsizligi to‘g‘risidagi qonunni buzgan deb qaror qabul qilgan edi.

Olti karra «Katta dubulg‘a» turnirlari g‘olibi va ikki karra Devis kubogi g‘olibiga 2017 yilning mayidan oktyabrigacha bo‘lgan davrga oid 24 ta ayblov qo‘yildi.

2017 yilda Boris Bekker Arbuthnot Latham & Co xususiy banki oldidagi qarzlari tufayli bankrot deb e’lon qilingandi. «Bir qancha anonim bankirlar va amaldorlar meni uzrli sababsiz bankrot deb e’lon qilishga majbur qildi, bu menga ham moliyaviy zarar keltirdi, ham obro‘yimga zarar yetkazdi», degan sobiq sportchi o‘shanda.
 
Boris Bekker yakkalik bahslarida 49 ta ATP turniri g‘olibi. Faoliyati davomida u, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan 22 million yevro ishlab topgan. Birinchi xotini Barbara bilan ajrashish, soliq idoralari bilan bog‘liq muammolar va bir qator muvaffaqiyatsiz sarmoyalar Bekkerning bankrot bo‘lishiga olib keldi. 

Mavzuga oid