G‘ubor ortidagi rizq
Chang, shovqin, xaridorlar injiqligi, ust-boshining ahvolini ko‘rib hatto unga qo‘l berib so‘rashmaslik. Oila, bola-chaqa hamda o‘z ishiga muhabbat... G‘uborli maskanda 20 yillik mas’uliyat...
Yaratgan har bir kimsaning rizqini har yoqqa sochib qo‘ydi. Kimdir amaldor bo‘ldi, kim umrini muhojirlikda o‘tkazdi, yana kimlardir mardikorlik qilib ro‘zg‘or tebratdi.
Nazirjon Merganov bundan 20 yil avval paxta titish sexida, ayni navqiron yoshida ish boshladi. U bu ishga yangi kelganida hali oila qurmagan edi. Tanishlarining yangi ish joyi chang va shovqin ekanligi haqidagi aytgan gap-so‘zlariga qaramay, u aynan shu sexda ishlab qoldi. Singillarini turmushga uzatish uchun avvaliga Rossiyaga borib muhojirlikning nonidan tatib ham ko‘rdi...
Nazir akaga endi o‘zi ishlayotgan sexning changi-yu shovqini begona emas. U hammasiga ko‘nikdi. U endi bu joyda nafaqaga chiqqunicha ishlamoqchi...
Paxta titish sexiga ko‘pchilikning ishi tushadi. Eskirib qolgan ko‘rpa-to‘shak ichidagi paxtani yangilash uchun Nazir aka ishlayotgan sexga kelishadi. U paxtani dastgohda qayta ishlab, momiq qilib egalariga topshiradi.
“Tsex rahbari bilan tasodifan ko‘rishib qoldim. U menga sexda ishlashni taklif qildi”
— Yoshim 43 da. Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘iga qarashli Yambaroq qishlog‘idan kelib paxtani qayta ishlash sexida 20 yildan beri ishlayman. Tseximiz Farg‘ona shahri markazida joylashgan. Ish joyim uyimizdan 30 km uzoqlikda. Vaqti kelsa ishxonada yotib qolib bo‘lsa ham ishlayman. 2 nafar farzandim bor. Shu ishning ortidan ro‘zg‘or tebratyapmiz. Albatta, hammasi mehnatning ortidan.
Bundan 20 yil avval ish topish juda qiyin edi. Ayniqsa, shahar joyda. Paxta titish sexiga ishchi kerakligi haqida eshitib qoldim. Rahbari bilan tasodifan uchrashib qoldik. U menga sexda ishlashni taklif qildi. Tayinli ish bo‘lgani uchun o‘shandan beri shu yerdaman.
Ba’zi odamlar ish joyimning changini ko‘rib salomatlikka zarar ekanini aytishadi. Lekin zararini bilmadim. 20 yildan beri kasal bo‘lgan joyim yo‘q. Kasal bo‘lmay ham. Shu ish ortidan non topib yeganim uchunmi, qilayotgan ishimning yomon tomoni yo‘q deb hisoblayman.
“Paxta titish sexida ishlashni xohlovchilar deyarli yo‘q. Shuning uchun raqobatchi ham yo‘q”
— Bu yerda biz korxonaga qarashli paxtalarni ham qayta ishlab chiqaramiz. Ko‘rpa-to‘shak matras tayyorlaymiz.
Paxta birinchi navbatda tarozida tortiladi. Kelinlar sepi, to‘ylar uchun toy paxtalar ham tayyorlab beramiz. Bundan tashqari, bo‘sh vaqtimiz bo‘lsa aholiga xizmat ko‘rsatamiz. Olib kelingan har bir paxta kilogrammi tarozida tortib olinadi. Paxta ustiga egasi ism-familiyasi va telefon raqamini yozib qo‘yib tayyor bo‘lganda telefon qilib chaqiramiz.
Paxta titish sexi mavsumiy ish. Haftada bir kun ish bo‘lishi mumkin. Vaqti kelsa 6 kunlab ishlagan kunlarimiz ham bo‘ladi. Koronavirus pandemiyasi ish faoliyatimizga katta ta’sir qildi. Ishimiz sezilarli darajada kamayib ketdi. Xorijdan sintepon mahsulotlari kelyapti. Bu ham ishimizga ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmayapti. Aslida sintetik mahsulot, lekin o‘ziga yarasha qulay va noqulay tomonlari bor. Hozirgi kunda kelinlar sepiga sintepon ishlatilyapti. Shuning uchun ham paxtadan qilingan ko‘rpa-to‘shakka talab avvalgiga qaraganda kamayib qoldi. Lekin paxta tabiiy mahsulot. O‘ziga yarasha mijoziga ega. Rizqqa yarasha ishlab turibmiz.
Ishbay usulida bizga haq to‘lanadi. Yoz faslida bir oyda 2 milliondan ko‘p pul topaman. Ro‘zg‘orda qora qozon qaynab turibdi. Birinchidan, o‘z vatanimda ishlayapman. Topgan pulimni vatanimda sarflayapman. Xorijga pul tashlab kelmaymiz. Topgan pulimiz o‘zimizda qoladi.
Odamlar uyidan olib kelgan paxtaning 1 kilogrammi uchun 1 200 so‘mdan haq olamiz. O‘zimizning paxtamizni esa aholiga kilogrammini 7 000 so‘mdan sotyapmiz. Tsexda ikki kishi – yoshi ulug‘ aka bilan birga ishlaymiz.
Paxta titish sexida ishlashni xohlovchilar deyarli yo‘q. Raqobatchiyam yo‘q. Ishimni sevganim uchun ham uni tashlab xorijlarga ketmadim.
“Yoshlarimiz ishlayman deb kelishadi. Lekin aksariyati bir kunga bormay ketib qolishadi. Ishlayman deb kelgan odamlar hatto eshikdan kirishni xohlamagan”
— Mavsumda ish ko‘payib ketganida haftada bir marta uyga borishga to‘g‘ri keladi. Erta sahar 4:00-5:00 larda ish boshlab shomgacha ishlagan vaqtlarimiz ham bo‘lgan. Kuchimiz yetganicha ishlayveramiz. Ish vaqti chegaralanmagan.
Issiq ovqat bilan ta’minlanganmiz. Yuvinish uchun dushimiz bor. Dam olish xonalarimiz bor. Qilayotgan ishimdan nolimayman. Dushanbadan shanbagacha haftada 6 kun ishlayman. Bundan tashqari, bayram kunlari ham dam olamiz.
Yoshlarimiz ishlayman deb kelishadi. Lekin aksariyati bir kunga bormay ketib qolishadi. Ishlayman deb kelgan odamlar hatto eshikdan kirishni xohlamagan. Ishxonamiz chang bo‘lgani bilan bu narsa bizning ko‘zimizga ko‘rinmaydi. Yoz faslida ichkari issiq bo‘ladi. Og‘iz va ko‘zni berkitib alohida maxsus kiyimlarni kiyib ishlaymiz.
Topgan pulim ro‘zg‘orga yetadi. Uy-joy qildim. O‘g‘limga to‘y qildim.
Singillarni uzatish kerak bo‘lib qolib orada ukam bilan Rossiyada ishlab keldik. Muhojir yurtni ko‘rdik. U yerda ham pul topish oson emas. Shu narsaga amin bo‘ldimki, harakat qilsa, xorijda topiladigan pulni o‘zimizda ham topsa bo‘lar ekan. Muhimi yurtimiz tinch. Shu kunlarga yetkazganicha shukr.
“Salomat bo‘lsam nafaqaga chiqquncha shu sexda ishlamoqchiman”
— Yozyovon tumanidan uylanganman. Turmush o‘rtog‘im bilan Navro‘z bayramida tasodifan ko‘chada ko‘rishib, tanishib qolib, uylanganman. Keyin ish joyimni surishtirishibdi. Paxta titish sexida ishlashimni eshitishib e’tiroz bildirishmadi. Rahmatli otam opalarim bilan sovchilikka borishdi. Bir martada ular ham rozi bo‘lishdi. Turmush qurganimizga 17 yil bo‘ldi. Bir o‘g‘il, bir qizim bor.
Yana kerak bo‘lsa 10-20 yillab shu yerda ishlashga roziman. Abdufattoh ismli ustozim bo‘lardi. 70 yoshgacha paxta titish sexida faoliyat olib bordi. Bu hazil yil emas. Biz ham chang ichida ishlaymiz. Pulini oz-ko‘p demasdan boriga qanoat qilib ishlayapmiz. Salomat bo‘lib tursak nafaqaga chiqquncha shu sexda ishlamoqchiman.
“O‘g‘lim qatori yosh yigitlar kelib qancha pul topishimni so‘rashadi. Olayotgan oyligimni aytsam, tog‘a undan ko‘ra bozorda arava torsangiz bo‘lmaydimi, ko‘proq pul topasiz, deyishadi”
— Yoshi ulug‘ onaxon bo‘lardi. Uzoq masofadan turib qo‘li bilan imlab chaqirardi. Changga allergiyam bor, ichkariga kirishni xohlamayman, bolalarim ham bu yerga kelishini istamayman. Chunki changda odam kasal bo‘ladi. Qancha pul desalaring beraman, deydi. Onaxonning iltimosi bilan aravakash yollab xonadoniga borib paxtalarini olib kelamiz. Shunday odamlar ham bor. Ba’zi birovlar esa bu joyda qanday ishlaysiz, boshqa ish qilsangiz bo‘lmaydimi, deyishadi.
O‘g‘lim qatori yosh yigitlar kelib qancha pul topishimni so‘rashadi. Olayotgan oyligimni aytsam, tog‘a undan ko‘ra bozorda arava torsangiz bo‘lmaydimi, ko‘proq pul topasiz, deyishadi. Daraxt bir joyda ko‘karadi deyishadi-ku, bu yerga kelishdan avval boshqa joylarda ham ishlab ko‘rganman. Lekin negadir hozirgi ishlayotgan joyim yaxshi. Eng muhimi tayinli ish.
Ramazon oyi bo‘lgani uchun ish kam. Asosan may oyidan mavsum boshlanadi. Noyabr oylariga qadar ish qizg‘in bo‘ladi. Avgust va sentabr oylarida ish cho‘qqisiga chiqadi. Qish faslida sexda ish bo‘lmagani bois bozorga chiqib yuk tushiraman. Kungaboqarni qayta ishlaydigan sexda ishlayman. Qish o‘tgach yana o‘z ishimga qaytib kelaman. Tsexda ish bo‘lmagan taqdirda ham har kuni kelaman. Yigit kishi harakat qilsa, har joyda ish topiladi. Yaratganga shukr, uyga doim xarajat va pulimiz bilan kirib boramiz.
2008 yilda singillarimni turmushga uzatish, ukamni uylash hamda farzandimga sunnat to‘yi qilish uchun Rossiyaga chiqib keldim. Ukam azaldan Rossiyada ishlagani uchun yoniga chaqirdi. Ukam bilan birgalikda qurilishda ishladik. U yerda ham kam bo‘lmadik. Pul topdik. Musofir yurtda ishlashning ham o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor ekan. Asosiy topgan pulingiz hujjat, yeb-ichish va yotoq joyga ketib qolar ekan. Aytadilar-ku, uzoqning bug‘doyidan ko‘ra yaqinning somoni yaxshi, deb. Xulosa qilib, o‘zimizning vatanimizga qaytib kelib ishlashga qaror qildim...
“Kuniga million so‘m bersangiz ham ishlamayman, deb ketib qolishadi”
— 3-4 yil avval bir yosh yigit seximizda ishlash fikrini bildirdi. Boshqa uzoq joylarda ishlab kelgan ekan. Ishni o‘rgatdim. Bir kun biz bilan ishladi. Kechki paytga borib menga bu ish bo‘lmas ekan, sog‘ligim ko‘tarmay qoldi, isitmalayapman, chang ekan, deb ketib qoldi. Yoshlarimiz bu yerda ishlashni xohlashmayapti. Balki boshqa sohalarda o‘zlarini sinab ko‘rishmoqchidir.
Yana kimlardir ishlash istagida kelib ichkariga kirmay eshik tagidan chang ekan, deb ketib qoladi. Kuniga million so‘m bersangiz ham ishlamayman, deyishadi.
“Ust-boshimdagi changni ko‘rib sariq chaqaga olmaydigan mijozlar ham yo‘q emas”
— Ish paytida har xil holatlar bo‘lib turadi. Bir kuni mijozlardan biri paxta olib keldi. Tugunni ochib qarasam paxta ichida 5 kuchuk bolasi mo‘ltirab qarab turgan ekan. Paxta egasi kuchukchalardan bexabar tugunni ko‘tarib kelgan ekan.
Kunlarning birida esa olib kelgan paxtadan chayon chiqdi.
Mijozlar kelib birovning paxtasiga aralashtirib yubormaysizlarmi deyishadi. Ko‘pchilik chang ust-boshni ko‘rib mensimaydi. O‘ziga yarasha injiq xarakterga ega odamlar ko‘plab keladi. Changni ko‘rib sizni sariq chaqaga olmaydigan mijozlar ham yo‘q emas. Men bu holatga allaqachon ko‘nikib ketganman. Bu holatlarga e’tibor bermaslikka harakat qilaman. Agar o‘zingizga olsangiz, asabingizga ta’sir qilmay qolmaydi.
“Kelgan mehmonlarga so‘rashish uchun qo‘l uzatsam orqaga tisarilib o‘zlarini olib qochishgan. Gohida o‘ksinaman. Baribir har kimda ko‘ngil bor-ku”
— Bu voqeaga 10 yildan oshdi. Tsexga 2 nafar nazoratchi keldi. Qo‘l uzatsam men bilan so‘rashishmadi. Shu darajada o‘zimni kamsitilgan his qilganman. Qo‘l uzatsam orqaga tisarilib, o‘zlarini olib qochishgan edi o‘shanda. Bunday holatlar ko‘p bo‘ladi. Gohida o‘ksinasiz. Baribir ko‘ngil bor-ku har kimda.
Ust-boshim changdir. Lekin chang qoqsangiz toza bo‘ladi. Kirni yuvsangiz ketadi. G‘ubor ketadi.
Ko‘pchilik sut-qatiq mahsuloti ichishim haqida so‘raydi. Men bu mahsulotni iste’mol qilmayman. Ishdan keyin dush qabul qilamiz, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilamiz. Yaratganga shukr, ishdan kasallik orttirib olgan joyimiz yo‘q. Pandemiyada ham qattiq ishladik. Kasallik yuqmadi.
***
1999 yili Farg‘ona Politexnika institutiga hujjat topshirganman. Shu yili o‘ta olmadim. Keyingi yili esa kontraktga tushdim. O‘qish uchun oilaviy sharoitim ko‘tarmadi. Oliy ma’lumotli bo‘lish armon bo‘lib qolgan. O‘g‘lim texnika sohasiga qiziqadi. O‘g‘limni o‘qitishga harakat qilaman. O‘zim o‘qimaganimga yarasha o‘g‘limni o‘qitmoqchiman.
O‘g‘limga ko‘p aytaman. Meni qara, pul topish uchun har qanday ishni qilib ketishga majburman deb. O‘qiganning hayoti umuman boshqacha bo‘lishi haqida unga ko‘p uqtiraman.
Oila a’zolarimni ish joyimga olib kelib ko‘rsatganman. O‘g‘il va qizim dadamning ish joyi shu ekan-da, deb qiziqib ko‘rishgan. Ish jarayonida tushgan fotoni uyga olib borganimda ayolim boshida hayron bo‘lgan edi. Keyin esa ko‘nikdi...
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Muhammadjon G‘aniyev.
Mavzuga oid
17:54 / 17.12.2024
Farg‘ona viloyatida Umra ziyoratini noqonuniy tashkil etish bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi
11:00 / 10.12.2024
“Jarrohning o‘z qabristoni bor” - kardiojarroh hikoyasi
23:01 / 27.11.2024
Farg‘onada 750 mln so‘mlik iPhone telefonlarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi
08:14 / 26.11.2024